Линклар

O‘zbek yigit chechen qizga uylangani uchun Chechenistonga o‘g‘irlab ketildi


Bu illyustrativ surat. Lavhada hikoya qilinayotgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Bu illyustrativ surat. Lavhada hikoya qilinayotgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Joriy yil iyuni boshlarida Moskvadan qallig‘i bilan birga politsiya va fsbchilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan andijonlik Shohnazar Kazakov Checheniston poytaxtida topildi. Grozniydagi Xorij vatandoshlarini saqlash markazida qolayotgan 29 yashar Shohnazar chechen qizga uning ota-onasi ruxsatisiz uylangani uchun Rossiyadan deportatsiya qilinishini kutmoqda. “Memorial” advokatlari buni Checheniston uchun “odatiy hol” ekanini ta’kidlamoqda.

Tong sahardagi “mehmonlar”

Andijonning Xo‘jaobodidan bo‘lgan 29 yashar Shohnazar Kazakov shu yilning 1 iyunida kuchishlatar tizim xodimlari tomonidan Moskvadan Grozniyga olib ketilgan.

Hodisa tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan yigitning onasi Muxabbat opaning iddaosicha, o‘g‘li avval 40 kuncha politsiya bo‘limi qamog‘ida saqlangan, keyingi 16 kunni esa Xorij vatandoshlarini vaqtinchalik saqlash markazi - "deportatsiya lageri"da o‘tkazmoqda.

- 1 iyun kuni sahar soat 4 da eshik rosa qattiq taqilladi. Avval ochmadik... Bundan besh kun oldin o‘g‘lim bir chechen qizga uylanuvdi. Uyda men, o‘g‘lim va ikkita chechen xotin ham bor edi. Eshikni ochsak, kirib kelganlar pasportlarimizni, telefonlarimizni tekshirdi. “A, bu yerda erkak odam ham bor ekan!”, deb kelin bilan o‘g‘limni ham olib ketishdi. O‘g‘lim pasporti, trudovoy knijkasi, diplomini olibdi. Nimaga olib ketayotgani, hatto o‘zining kimligini menga aytmagan... “Qayoqqa olib ketayapsanlar?”, desam o‘rislar meni ustimdan kulishdi. Men otdelga yugurib keldim, uchastkovoy “Nimaga darrov menga telefon qilmading?”, dedi. Hammamiz qattiq uxlayotganimizda daranglatsa, yurak tushar ekan-da! – dedi o‘g‘lini olib ketgani kelganlarning birortasi o‘zini tanishtirmaganini gapirgan Muhabbat opa.

Suhbatdosh xonaga kirgan 7-8 nafar erkakning bir nechasi rus politsiyasi va qolganlari chechenlar bo‘lganini aytdi.

Ona politsiya formasidagi shaxs tomonidan olib ketilgan o‘g‘lini izlab, Moskvaning “Yujno-Chertanovskiy” politsiya bo‘limiga boradi. U erda Muhabbat opa ustidan kulgan politsiya xodimlari uning savollariga javob bermagan.

- “Kerakli odamlar olib ketdi”, deb anig‘ini aytishmadi. Prokuraturaga ariza yozdim. Qo‘rqib ketganimdan men o‘zimni bilmay qoldim, yomon his qildim o‘zimni. “O‘lib qoladi” deb yaqinlarim meni uyga Andijonga jo‘natvorishdi. Ukol-dori olib, oyoqqa turib, 23 iyun kuni qaytib keldim. Prokuraturada “Chechenistonga borasan!”, dedi. Kelgunimcha bolamni deport qilishibdi. O‘g‘lim ham, men ham grajdanstvoga topshirgan edik. Meni patentim tugamagan, o‘g‘limniki tugagan edi. O‘sha muhr bosiladigan kunlari olib ketib qoldi. O‘g‘lim aytadiki, “Ro‘za payti kelib qoldi, chechenlar menda ayb topolmasdan qo‘yib yubordi”. Ketayotgan joyida notanish kishilar yana mashinadan tushurib olib, “Dokumenting xato!”, deb yana Grozniyga olib borib qo‘yibdi. O‘sha olib ketgan chechenlar o‘g‘limni 40 kun tutishgan, dedi Muhabbat Kazakova.

Onaning o‘g‘li so‘zlariga tayanib bildirishicha, Shohnazar chechenlar tomonidan kaltaklangan, u bilan “tushuntirish ishlari” olib borilgan.

Shohnazarning uylanishi

Bir qiz va uch o‘g‘ilning onasi bo‘lgan Muhabbat Kazakova bir necha yildan buyon Moskvadagi “Baxetle” savdo tarmog‘ida oshpaz bo‘lib ishlab kelgan. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohnazar shu savdo markazida sotuvchi-maslahatchi bo‘lib ishlagan. Opaning shofyor bo‘lib “Baxetle”da ishlab kelgan yana bir o‘g‘li arzimagan jarimani to‘lamagani sababli bundan oldinroq deportatsiya qilingani ma’lum bo‘ldi.

Muhabbat opa uy solish va otasiz o‘sayotgan uch o‘g‘lini birin-ketin uylantirish maqsadida 2008 yilda Rossiyaga ishlashga kelganini aytdi. Qolganlariga o‘rnak, oila suyanchig‘ini o‘stirish maqsadida muhojir ayol to‘ng‘ichiga yaxshi ta’lim-tarbiya bergani, eng yaxshi o‘quv yurtlarida o‘qitganini ham qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonlik muhojir ayol ko‘rgiliklarining hammasi o‘g‘lining o‘g‘irlanishidan oldinroq - may oyida boshlanganini so‘zladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Shohnazar o‘zining tanishlari orqali 19 yashar grozniylik Aliya B. bilan tanishib qoladi. Avvaliga yigit-qiz Internetda yozishadi, biroz vaqt o‘tganidan keyin qiz Chechenistondan to‘g‘ri Moskvaga uchib keladi. Shohnazar va Aliya o‘sha kuniyoq shahar masjidlaridan biriga borib, nikoh o‘qitgan.

Muhabbat Kazakova Shohnazarni chechen qiz bilan tanishtirganlarni ham topa olmayotganini gapirib berdi:

- Jumabek degan do‘stining xotini chechenka edi. O‘sha ayol “Meni qarindoshim, yaxshi qiz”, deb tanishtirgan. Men xonadagi chechen xotinlardan “Sizlarda 19ga kirgan qizni jo‘nataveradimi?” desam, “Yo‘q! Yolg‘iz jo‘natmaydi – yonida odam bo‘lishi kerak edi”, dedi. O‘g‘lim qizni Vnukovoda kutib olgan va ular Novokuznetskiydagi masjidga borishgan nikoh qilgani. Men 5 kun baxtiyor qaynona bo‘lib yashadim: o‘g‘lim ikkalovimiz 6 gacha ishlaymiz, kelsam uylar yig‘ishtirilgan, ovqatlar qilingan, dedi “baxtli hayoti” bunday mudhish tugashini tasavvurga ham keltirmagan ayol.

Ota-onasining ijozatini olish zarurligi to‘g‘risida o‘g‘liga aytgan onaga Aliya “bir necha kundan keyin telefon orqali ulanishimiz mumkin”, degan.

Keyinroq, chechenistonlik 19 yashar Aliya B.ning otasi ikkinchi oilasi borligi, u yolg‘iz onasi bilan yashashini aniqlangan. Kuni-kecha Shohnazarning deportatsiya lageridan qilgan qo‘ng‘irog‘iga qizning onasi “ularni tinch qo‘yishni” va “boshqa Aliyaga yaqinlashmaslikni” so‘ragan.

Grozniy sudi Shohnazar Kazakovni “migratsiya qoidalarini buzgani”, ya’ni Rossiyadagi qaydda turish muhlati o‘tib ketgani sababli deportatsiya qilinishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqarib bergan.

Checheniston ichki ishlar vazirligida Ozodlik so‘roviga boshqarmada o‘zbekistonlik Shohnazar Kazakovning hibsga olingani to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirishdi.

Chechenlar odati

Moskvadagi “Grajdanskoe sodeystvie” tashkiloti o‘zbek muhojiri Shohnazar Kazakovni o‘z himoyasiga oldi.

Tasodifmi-yo‘qmi, tashkilot bu ishni asli chechenistonlik advokat Roza Magomedovaga topshirdi. Ozodlik bilan suhbatda himoyachi bunday holatlar Checheniston uchun “odatiy” ekani va “o‘zbekistonlik yigit oson qutulgani”ni aytadi.

Roza Aliyani olib ketgani Grozniydan maxsus FSB guruhi kelganini hisobga olgan holda, qizning otasi Chechenistonda muayyan nufuzga ega bo‘lgan odam bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qildi.

- Shaxsan mendan so‘rashsa, men bu qizning qilig‘idan hayratdaman! Grozniyda yashasa, ota-onasi u Internetda kimlar bilan yozishayotgani, Kazakov kimligini bilishmasa. .. Bolaning onasi ham allaqaerdan kelgan qizning ota-onasi kimligini, qaerdan ekanini so‘rashi kerak edi. Ular nikohini qonuniylashtirgan mulla-chi: u tibbiy ma’lumotnomasiz, yoshi katta kelin-kuyovning vakillari ishtirokisiz nikohlagan. To‘g‘ri, bola nima qilayotganini to‘lig‘icha anglamagan bo‘lishi mumkin, lekin sizlarda – o‘zbeklarda ham eski urflar bor, ota-onaning ruxsati degan odatlar bordir. Qolaversa,nega Shohnazar allaqanday hujjatlarga qo‘l qo‘yib, “o‘z aybiga iqror” bo‘lib o‘tiribdi? U uchun mamlakatdan sud qarori bilan chiqarib yuborilish eng ma’qul ish bo‘ldi, dedi Roza Magomedova.

Advokat unga taqdim etilgan sud qarorida Shohnazar Kazakov Moskvadan Grozniyga FSB boshqarmasi xodimlari hamrohligida keltirilgani aniqlanganini aytdi.

Himoyachi ommaviy axborot vositalarida bu hodisaga go‘yo "shaxsan Ramzan Qodirov va uning odamlari aloqasi borligiga "mutlaqo ishonmasligi va har bir chechen oilasi xuddi shunday yo‘l tutgan bo‘lishini bildirdi.

Roza Magomedova o‘zbek muhojiri “hali ham IShIDga aloqadorlikda gumonlanuvchi sifatida ”jinoiy javobgarlikka tortilmaganidan quvonishi kerakligi”ni ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG