Линклар

O‘zbekistondan keltirilgan 18 tonnadan ortiq shaftoli qurtlab ketgani uchun Novosibirskdan ortga qaytarildi. Bunday holat Novosibirskda ikkinchi marotaba kuzatilmoqda.

Iyunda O‘zbekistondan keltirilgan 20 tonnaga yaqin pomidor "tarkibida zararkunanda topilgani" uchun maxsus poligonda yo‘q qilingandi.

Rosselxoznadzorning Novosibirsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi nazoratchilari fitosanitar tekshiruv paytida meva omborlarining birida O‘zbekistondan keltirilgan shaftolida shaftolixo‘r qurt (Grapholita molesta) topilganini ma’lum qildi.

Qurt bosgan shaftoli qanday Novosibirskgacha yetib borgan?

Novosibirsk viloyati bo‘yicha Rosselxoznadzor boshqarmasi rahbari muovini Aleksey Magerov, Ozodlik radiosi bilan suhbatda O‘zbekiston tomoni chetga chiqariladigan mevalar sifatiga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligini uqtirdi:

- Rossiya Federatsiyasi, Bojxona ittifoqi tashkilotida (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) meva-sabzavot bo‘yicha ma’lum fitosanitariya talablari mavjud. Meva partiyasini Rossiyaga jo‘natilishidan oldin, yuk egalari tegishli fitosanitariya xulosalari va sertifikatlarni olgan. O‘zbekiston tomoni chetga chiqarilayotgan meva partiyasini sinchkovlik bilan tekshirib, keyin xorijga chiqishiga ijozat berishi lozim edi. O‘zbekistondan bizga keltirilgan va yaroqsiz deb topilgan shaftoli qutilarining aksariyatida mevaxo‘r qurti topildi, dedi Aleksey Magerov.

Qurt bosgan 9 tonna shaftoli va 9,2 tonna tuksiz shaftoli (nektarin) «TrastImport» shirkati nomiga O‘zbekistondan, Qozog‘iston orqali avtomobilda keltirilgan.

Yuk egasi “TransImport" shirkati yaroqsiz chiqqan mevani bojxona tekshiruvidan o‘tkazgandan so‘ng, O‘zbekistonga reeksport qilishga qaror qilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, yaroqsiz deb topilgan shaftoli Qozog‘iston bilan tutash chegara punktida Rossiya fitosanitariya nazoratchilari tomonidan jiddiy tekshirilmagan bo‘lishi mumkin va shu sababli yuk Novosibirskkacha yetib borgan.

Shunday qilib, Novosibirskda O‘zbekistondan keltirilgan meva-sabzavotga ikkinchi mara karantin joriy etilmoqda. 2016 yilning iyunida O‘zbekistondan keltirilgan qariyb 20 tonna pomidorda “Janubiy Amerika qurti” topilgan edi.

Pomidor O‘zbekistondan “Dari Vostoka” shirkati nomiga yuborilgan edi. Butun pomidor partiyasi, yuk egasi xohishi bilan maxsus poligonda yo‘q qilingan.

Ayni vaqtda, O‘zbekiston rahbariyati Rossiya bozorlarida o‘zbek meva-sabzavoti salmog‘ini oldingi yillarga qaraganda keskin oshirishga intilmoqda.

Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan meva-sabzavot yarmarkasida bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston 2020 yilgacha meva-sabzavot eksportini 3 baravar ko‘paytirish va 32 million tonnaga yetkazishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagani, O‘zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavotning Rossiya bozoridagi raqobatbardoshliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga ishora etishadi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar o‘z mahsulotlarini Rosiyaga eksport qilishda qator imtiyozlarga ega.

XS
SM
MD
LG