Линклар

O‘zbek musiqasida yetakchi o‘rin tutib kelgan soz - tor (Ozarbayjon tori) mamlakatdagi klassik orkestrlar cholg‘ulari ro‘yxatidan chiqarildi. Manbalar davlat tadbirlarida tor chalinmasligi lozimligi to‘g‘risida tavsiyalar berilganini aytmoqda.

O‘zbekiston telekanallaridan biridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ telekanallar va videoklip ishlab chiqaruvchi prodyusserlik markazlariga tor tasviri ko‘zga tashlanmasligi haqida ko‘rsatma berilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda tor chalish bo‘yicha maxsus ta’lim to‘xtatilgan va tor o‘zbek milliy cholg‘u asboblari reestridan chiqarilgan.

Ayni paytda, O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining ta’kidicha, tor butunlay taqiqlanmagan:

-Tor taqiqlangani yo‘q. Tor o‘zbek milliy cholg‘u asboblari ro‘yxatida yo‘q, xolos. Torni bemalol havaskor cholg‘uchilar chalaverishi mumkin. Tor o‘zbek milliy cholg‘usi emas¸ balki Ozarbayjon milliy cholg‘u asbobi ekanligini ta’kidlashimiz zarur. Yana bir narsa: 2012 yilda tor Ozarbayjon cholg‘u asbobi sifatida YuNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Buni biz hurmat qilishimiz kerak¸ deydi manba.

Manbaning yana aytishicha: “O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tor chalish dars sifatida o‘qitilmaydi va cholg‘u asboblar laboratoriyasi reestrida tor mavjud emas”

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2012 yildan oldin o‘zbek cholg‘u asboblari davlat ro‘yxatida tor mavjud bo‘lgan.

Sherali Jo‘raev ko‘pincha tor bilan qo‘shiq kuylaydi

Sherali Jo‘raev ko‘pincha tor bilan qo‘shiq kuylaydi

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridan birining orkestrida ishlaydigan cholg‘uchining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ “ikki qorinli torni O‘zbekistonda istalmagan cholg‘uga aylantirish uchun jiddiy urinish ketmoqda”.

- Rahbarlar kelib bizga ikki kallali rubob bizning milliy cholg‘u asbobimiz emasligini tushuntirishdi. Rahbarning yonida mashhur bir sozanda ham “tor kerak emasligini” uqtirdi. Bizga tushuntirishlaricha ikki kallali rubob YuNESKOda Ozarbayjoniki, deb tan olinibdi. Bu yoqda Eron esa aslida bizniki, deb da’vo qilibdi. Biz bu janjaldan uzoq turishimiz kerakligini tushuntirishdi¸ deya ta’kidlagan suhbatdosh o‘zi ishlagan orkestrda tor taqiqlanganini bildirdi.

Noming o‘chsin¸ turqing qursin

O‘zbekiston telekanallaridan biridagi Ozodlik manbasining aytishicha “Torning ekranda ko‘rinmasligi uchun og‘zaki buyruq bor”

- ShOS (Shanxay hamkorlik tashkiloti) yakuni bo‘yicha konsertda aka-uka Eshchonovlar Xorazm lazgisini aytdi. Odatda Eshchonovlar lazgini tor chalib aytadi. Konsert tashkilotchilari torga izn bermadi. Doira bor¸ g‘ijjak bor lekin tor yo‘q. Eng keyingi konsertlarga diqqat qilsangiz,birorta tor ushlagan sozandani ko‘rmaysiz. Mana siz bilan gaplashib o‘tirib televizorga qaradim. Xalq hofizi Farhod Davletov qo‘shiq aytib turibdi, ammo qo‘lida tor yo‘q¸ deydi suhbatdosh.

Bola Bahshi Abdullaev

Bola Bahshi Abdullaev

Vikipediyaga ko‘ra¸ tor Markaziy Osiyo¸ Ozarbayjon va Yaqin Sharq mamlakatlarida tarqalgan cholg‘u asbobidir.

Musiqashunoslarning aytishicha¸ torni Ozarbayjondan o‘tgan asr boshida xorazmlik Bola bahshi Abdullaev olib kelgan.

Torni butun respublika bo‘ylab mashxur bo‘lishida avvaliga Komiljon Otaniyozov, keyinroq Tavakkal Qodirov va Fahriddin Umarovlar hissasi katta ekani aytiladi.

Taniqli qo‘shiqchi va tarix fanlari diktori Hojiakbar Hamidov Ozodlik bilan suhbatda torning o‘zbek musiqasidagi muhim o‘rni borligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG