Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:43

Tojik qizini o‘ldirgan rossiyalik zobit 12 yilga qamaldi


Rossiyalik zobit qo‘lidan o‘lim topgan Shoira Jobirova.
Rossiyalik zobit qo‘lidan o‘lim topgan Shoira Jobirova.

Rossiyaning Tojikistondagi 201-bazasi harbiy sudi rus zobiti Ivan Shcherbakovni dushanbelik 22 yoshli Shoira Jobirova o‘limida aybdor, deb topdi va uni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Sud sudlanuvchi zimmasiga maqtulaning oilasiga etkazilgan ma’naviy zarar uchun 1,5 million rubl miqdorida tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi.

Baza hududidagi Ural okrug harbiy sudining Shcherbakov ishi bo‘yicha hukmi 19 iyul kuni chiqarilgan, biroq yopiq tartibda o‘tgan sud yakunlanganiga oid ma’lumot Ozodlikka payshanba kuni etib kelgan.

Rus zobiti jazoni Krasnoyarsk o‘lkasidagi qamoqxonalardan birida o‘taydigan bo‘lgan.

Shcherbakovning advokatiga ko‘ra, uning himoyasidagi zobit tergov boshidan beri qotillikka uning ikki xizmatdoshi ham aloqador ekanini ta’kidlab kelgan, biroq sud bu da’voni asossiz, deb topgan.

Shoira Jobirovaning qarindoshi Navro‘z Sultonov Ozodlikning tojik xizmatiga sud hukmi o‘zlarini qoniqtirganini va Shoiraning yaqinlari mazkur hukm yuzasidan shikoyat arizasi yozmasliklarini ma’lum qilgan.

Shoira Jobirova o‘limida gumonlangan Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi zobiti Ivan Shcherbakov o‘tgan yilning 9 noyabrida qo‘lga olingandi. Ayovsiz kaltak izlari bo‘lgan qiz jasadi 11 noyabr kuni Tojikiston Mudofaa vazirligi qoshidagi harbiy gospitaldan qarindoshlariga topshirilgan. Morg xodimlari o‘shanda Ozodlik muxbirlariga Shoiraning jag‘i singani, ensasida kaltak izlari, ko‘zlarining ostida qora dog‘lar bo‘lgani, bir oyog‘i esa chiqqanini aytib bergandi.

Qotillikda gumonlangan zobit darhol to‘la psixologik tekshiruvdan o‘tkazish uchun Yekaterinburgga yuborilgan, bu tekshiruv 5 oy davom etgan. Shifokorlar Shcherbakovni “aqli raso” deb topganlaridan keyin shu yil martida u Dushanbega qaytarib olib kelingan.

Bu qotillikdan keyinoq Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Igor Lyakin-Frolovga norozilik notasi topshirgan.

“Tojikiston tomoni Rossiya tomonidan sodir bo‘lgan voqeaga ob’ektiv baho berishni hamda Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasi harbiylar tomonidan bundan buyon kabi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun zarur choralar ko‘rishni talab qiladi”, deyilgandi jumladan tojik vazirining o‘tgan yil noyabrida rus elchisiga taqdim etgan notasida.

12 yilga qamalgan rus zobiti Ivan Shcherbakov to‘g‘risida ma’lumot ko‘p emas. Asia-Plus agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshda bo‘lgan zobit uylangan va voyaga yetmagan bir qizning otasidir.

Ivan Shcherbakov Tojikistonda jinoiy ish figurantiga aylangan yagona rus harbiysi emas. 2015 yil avgustida Dushanbeda tojikistonlik taksichini o‘ldirganlikda ayblanmish rossiyalik ikki harbiy sudlangandi.

O‘tgan yil iyulida esa Ko‘lobda xizmat o‘tagan rossiyalik harbiylar shahar aholisi bilan mushtlashgandi. O‘shanda ular o‘ta mast ahvolda bo‘lgani va tojiklar sha’niga tahqirli so‘zlar aytgani xabar qilingandi.

201-harbiy baza Rossiyaning xorijiy o‘lkada joylashgan yirik harbiy ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. Unda 7 ming chog‘li zobit va askar xizmat o‘taydi.

2012 yil oktyabrida Dushanbe va Kreml o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, 201-baza Tojikistonda yo‘q deganda 2042 yilgacha qoladigan bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG