Линклар

Bekobod tibbiyot kolleji direktori pora bilan ushlandi. Toshkentda qalbaki doridan 220 million daromad qilgan jinoiy to‘da fosh qilindi. Aktyor Erkin Komilov o‘zi haqida nojo‘ya video tarqatganlarni sudga bermoqchi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Bekobod tibbiyot kolleji direktori poraxo‘rligi uchun 8 yilga kesildi

Toshkent viloyati Bekobod tibbiyot kollejining direktori o‘qishga qabul qilish evaziga pora olgani uchun mahkamaga tortildi (“Darakchi”, 28 iyul). Ismi oshkor etilmagan direktor shu tumandagi 11-maktab o‘qituvchisidan uch o‘quvchini kollejga qabul qilish evaziga 900 dollar olayotganda ushlangan. Tergov jarayonida direktor bunga qadar ham bitta o‘quvchini kollejga qabul qilish uchun 100 dan 600 dollargacha pora olib kelgani aniqlangan. Sud hukmiga muvofiq, kollej direktori uch yil muddatga mansabdorlik lavozimida ishlash huquqidan va sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoyat ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Ismatulla Mamanovga ko‘ra, sudlov hay’at ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablarini o‘rganib, respublikada faoliyat yuritayotgan kollejlar rahbarlari o‘rtasida huquqiy targ‘ibot yetarli darajada olib borilmagan, degan xulosaga kelgan.

Toshkentda qalbaki doridan 220 million daromad qilgan jinoiy to‘da ushlandi

Toshkent shahrida dori-darmonni qalbakilashtirish bilan shug‘ullanib kelgan to‘rt kishidan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi (“Huquq”, 28 iyul). Jinoiy guruh a’zolari poytaxtdagi dorixonalardan “Piridoksin” nomli dorilarni sotib olgan, so‘ng ampulalardagi haqiqiy yozuv o‘chirilib, unga “Immunomodulin” nomi tushirilgan hamda qalbakilashtirilgan dori-darmon soxta sertifikat bilan viloyatlarda sotilgan. Shu tariqa jinoiy guruh 2014 yil noyabrdan 2015 yil fevralga qadar 13 ming 210 quti qalbaki dori sotgan va bundan 220 million so‘mdan oshiq daromad qilgan. Qayd etilishicha, fuqarolar salomatligini xavfga qo‘ygan jinoyatchilar 6 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekistonda itlar 510 ta jinoyatni fosh qildi

O‘zbekistonda 1998-2015 yillarda itlar yordamida 510 ta jinoyat fosh etilib, 306 ta o‘qotar qurol, 34737 dona o‘q, 9634 dona gilza va 334 kg porox topilgan (“Iste’molchi”, 27 iyul). Ushbu muddat ichida itlar ko‘magida 3241 kg va 158 ming tup giyohvandlik moddalari ushlab qolingan. Qayd etilishicha, hozirga qadar Milliy kinologiya markazida 4148 ta xizmat iti tayyorlandi.

Aktyor Erkin Komilov o‘zi haqida nojo‘ya video tarqatganlarni sudga bermoqchi

Bir necha kundan buyon Telegram messenjerida O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning tor bir davrada aytgan nojo‘ya gaplari muhrlangan video qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, aktyor mazkur videoni tarqatganlarni topib sudga bermoqchi. Shuningdek, aktyor videodagi unga nisbat berilayotgan qo‘pol so‘zni aytmaganini bildirgan. E. Komilovga ko‘ra, u ikki yil avval Sirdaryoga ketayotib, yo‘lda Samarqanddan qaytayotgan vodiylik er-xotinni ko‘rib qolgan va ularga hazil tariqasida “Qizil gullar ochganda, cho‘ntakdan pul qochganda, xotinni qo‘ltiqlab, ... bormi Toshkentda?” deb hazillashgan. So‘ng u Samarqandda mehmonga borib, bir davrada o‘sha hazilni hikoya qilib bergan. E. Komilovga ko‘ra, mazkur mutoyibani kimdir yozib olib, montaj qilib, tarqatib yuborgan.

XS
SM
MD
LG