Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:43

Jasliqdagi huquq faoliga 159-modda qo‘yilishi mumkin


Qoraqalpog‘istonning Jasliq lagerida 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan 46 yoshli huquq faoli Cho‘yan Mamatqulovga qamoqxonaning o‘zida 159-modda qo‘yilishi mumkin. Bu haqda lagerda huquq faoli bilan uchrashib qaytgan rafiqasi Dilorom Mamanova Ozodlikka xabar qildi.

- Cho‘yan akaning aytishicha, qamoqxona ma’murlari u kishining qamoqxonada ham O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga targ‘ib qilayotgani haqida boshqa mahkumlardan tushuntirish xatlari yozdirib olishgan. Lagerning tezkor xodimlari Mamatqulovga: “Sen bu yerdan chiqmaysan, prezidentimizni sudga berish nimaligini ko‘rasan”, deyishmoqda ekan. Cho‘yan aka faqat xalqaro tashkilotlarning ko‘magi va chaqiriqlaridan umidvor. Juda tushkunlikka tushib qolgan, - deydi Dilorom Mamanova.

Ozodlik shu yil bahorida Cho‘yan Mamatqulovning 10 yashar qizi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qilib, otasini ozod qilishni so‘ragani haqida yozgandi. Shuningdek, huquq faolining OITS bilan og‘rigan mahkum bilan bir kamerada saqlanayotganini uning rafiqasi Dilorom Mamanovaga iqtibosan ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida bo‘lgan zobitning umumiy tartibdagi koloniyalarda boshqa mahkumlar bilan birga saqlanishi qonunga ziddir:

- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Ijroiya kodeksi talablariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlarida xizmat qilgan shaxslar uchun alohida koloniya bo‘lib, bu zona Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan 64/21-muassasadir. Agar fuqaro huquqni muhofaza qilish organi yoki Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan bo‘lsa, shubhasiz, Bekobodga yuborilishi kerak, - deydi huquq himoyachisi.

O‘tgan yili Fransiyadagi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” tashkiloti Cho‘yan Mamatqulovning jazoni o‘tash muassasida qiynoqlarga solinayotganidan xavotir bildirib, bayonot tarqatgandi.

“Cho‘yan Mamatqulovning ishiga BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissarligi va boshqa xalqaro tashkilotlar zudlik bilan aralashishlari lozim. Mahkum Cho‘yan Mamatqulovga nisbatan insonparvarlik muomalani yaxshilash va qiynoqlarni to‘xtatish, unga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish hamda uning ishi mustaqil va xolis sudda qayta ko‘rib chiqilishi kerak”, deyilgandi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” tashkiloti tarqatgan bayonotda.

O‘zbekiston Qurolli kuchlarining zobiti bo‘lgan Cho‘yan Mamatqulov 2004 yili harbiy ishidan g‘ayriqonuniy bo‘shatilganidan va adolatni qaror toptira olmaganidan so‘ng Qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ustidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga ariza bergan edi.

Sud uning da’vo arizasini qabul qilgan, lekin bu ishni ko‘rib chiqmagan.

Cho‘yan Mamatqulov 2004 yildan boshlab O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat bo‘limi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Koson tumanida istiqomat qilgan Cho‘yan Mamatqulov 2012 yilning 29 avgustida hibsga olingan edi. 2013 yilning 8 fevralь kuni Qashqadaryo viloyati Jinoyat ishlari sudi uni “konstitutsion tuzumga tajovuz”, “odam o‘g‘irlash”, “tovlamachilik”, “hujjatlarni qalbakilashtirish”, “yolg‘on guvohlik berish” kabi moddalar bilan ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

XS
SM
MD
LG