Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Qozog‘istonda neftchilar norozilik namoyishiga chiqdi


28 iyul kuni Qozog‘iston g‘arbida joylashgan Janao‘zen shahrida neft sanoatining yuzlab ishchisi maoshlari ozaytirilishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi.

Xabarlarga ko‘ra, to‘rt soat davom etgan namoyishda “Burgilau” shirkatining 700 ga yaqin xodimi ishtirok etgan.

Namoyish uyushtiruvchilarining ta’kidlashicha, shirkat ish vaqtini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu esa ishchilar maoshining keskin ozayishiga olib keladi. “Burgilau” yetakchilari bu qarorga neft narxining tushib ketgani sabab bo‘lganini aytishgan.

Namoyishda qatnashgan ishchilardan biri Aqilbek Nurlibaev “Ish vaqtimiz ozaytirilyapti. Bundan tashqari, yilning birinchi yarmida 66 odamni ishdan bo‘shatishdi”, dedi.

Namoyish joyiga ishtirokchilar bilan muzokara olib borish uchun shirkat direktori Asxat Sariev, shaharning yuqori lavozimli rasmiylari hamda kasaba uyushmalari vakillari kelgan.

Sariev namoyishni uyushtirgan faollar ishdan haydalishi haqidagi mish-mishlar asossiz ekanligini aytgan.

Hozircha shirkat ish soatini ozaytirish rejasidan voz kechdimi, yo‘qmi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Rasmiylar namoyishchilarni o‘z talablarini muhokama qilish uchun keyinroq uchrashishga chorlagan.

Janao‘zen shahri Qozog‘istonning neftga boy bo‘lgan Mang‘istau viloyatida joylashgan. Shaharda 2011 yil neft sanoati ishchilari hukumat kuchlari bilan to‘qnashgan, natijada o‘nlab odam halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG