Линклар

28 iyul kuni oqshomda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan selektr majlisida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bu yilgi paxta yig‘im-terimida maktab o‘quvchilari va kollej talabalari mehnatidan butunlay voz kechilishi haqida gapirdi. Uning ta’kidicha, bu yilgi mavsumda bolalar mehnatiga umuman yo‘l qo‘yilmaydi va yetishtirilgan hosil faqat byudjet muassasalari hamda jamoalarning mehnati hisobiga yig‘ishtirib olinadi.

“Bosh vazir juda darg‘azab ohangda viloyat va tuman hokimlari, shuningdek, hukumat tomonidan joylarga tayinlangan muvaqqat vakillarga: “Har bittang bolalar mehnati uchun kallang bilan javob berasan. Hozirdan jamoalarni yig‘ib, paxtani teradigan fuqarolarni ro‘yxatga olinglar va bayramgacha masalani hal qilinglar. Agar dalada birorta bola ko‘rsam, qattiq jazolanasizlar” deb, masalani ko‘ndalang qo‘ydi” deydi majlis ishtirokchilaridan biri.

Selektr majlisi ishtirokchisiga ko‘ra, majlisda bu yil paxta hosili mo‘l bo‘lishi, bunga barcha sharoitlarning yetarli ekani gapirilgan.

Xususan, joylardagi hokimlarning hukumat rahbariga hisob berishcha, har bir tup g‘o‘zada hozirdanoq 20-30 tadan ko‘sak bor, ayni paytda janubiy hududlarda g‘o‘zalarni chilpish (chekanka) ishlari boshlangan.

Mahalliy huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar vakillari O‘zbekiston hukumati rahbarlarining doimiy ravishda bolalar mehnatidan foydalanishni rad qilgan hollarida ularning ekspulatatsiyasi bilan shug‘ullanib kelganlarini aytishadi.

Faollar fikricha, Bosh vazirning bu yilgi chaqirig‘i ham yillik an’anaviy chorlov bo‘lib, aslida bolalar mehnatidan baribir foydalaniladi. Boisi paxta terimiga to‘lanadigan haqning o‘ta kamligi tufayli joylardagi bo‘sh ishchi kuchlarni terimga safarbar etishning iloji yo‘q.

XS
SM
MD
LG