Линклар

logo-print

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb yigirma nafar xodimi Bekoboddagi metallurgiya kombinatida kompleks tekshiruv o‘tkazishga kirishganidan so‘ng bir necha amaldor ishdan bo‘shatildi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu amaldorlar katta miqdordagi davlat pulini o‘zlashtirganlikda ayblangan. Uzmetronom.com internet gazetasining yozishicha, investitsion loyihalardan o‘g‘irlangan mablag‘ taxminan 20 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.

Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida kombinatning yuqori lavozimda ishlaydigan bir necha rahbari ishdan bo‘shatilib, ba’zilarining ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Manbaga ko‘ra, bu Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb ikki oy avval tashlangan 18 kishidan iborat tergovchilar guruhi qilgan ish natijalaridir:

“MXX” kombinatning qurilish-montaj bo‘linmasini qattiq tekshirdi. Avval, bo‘linma boshlig‘i Aziz Xolmatov hisbga olinib, uning uyida tintuv o‘tkazdi. MXX desanti kelishi bilan kombinat bosh direktori Aziz Xolmatovni zudlik bilan ishdan bo‘shatilgan edi. Kombinat qurilish-montaj bo‘linmasi bosh injeneri Davlat Do‘stmatov ham hibsga olingan edi. Endi esa bosh muhandis o‘rinbosari, Oliy Majlis senatori Rashid Pirmatov ishdan olindi”, dedi tekshiruv natijalaridan yaxshi xabardor manba.

Unga ko‘ra kombinatning istiqbolli rivojlantirish va investitsiya bo‘yicha direktori Bahodir Yusupov ham vazifasidan bo‘shatilgan:

“Men olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bahodir Yusupovning taqdiri hali ma’lum emas. Uni kombinatda ko‘rib turaman. Aytishlaricha vazifasidan ancha pastlatilgan. MXX tergovi natijalari bo‘yicha, bu amaldorlar g‘ayriqonuniy metall sotish va katta miqdordagi davlat mablag‘ini o‘zlashtirishga aloqadorlikda gumonlanmoqda. Kombinat shahar kasalxonasi hududida silga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod qurilishini boshlash kerak edi. Hozircha bu ish ham to‘xtab turibdi”, dedi manba.

Uzmetronom.com internet gazetasining yozishicha, investitsion loyihalardan o‘g‘irlangan mablag‘ taxminan 20 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan kombinat ishchilaridan birining aytishicha, so‘nggi paytda maoshning kechikishi surunkali tus olgan:

“Kombinat o‘tirib qolganga o‘xshayapti. Maoshlarimiz bir oylab kechikyapti. Ishchilarga ish kiyimlari, sovun berilmay qo‘ydi. Kombinat kasalxonasi ham pullik bo‘ldi. Bog‘chaga, Chorvoqdagi dam olish uyida narxlar oshirildi. Hamma joyda narx-navo oshib boryaptiyu, lekin bizning maoshlarimiz to‘rt yil avvalgidek turibdi. Hech kim hech narsa deya olmaydi. Chunki bizdan “hech qanday sirni oshkor qilmaymiz, norozilik bildirmaymiz”, degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib olishgan. Norozilik bildirsak ishdan ajrab qolamiz”, dedi kombinat ishchilaridan biri.

Ozodlik bu voqealarga munosabat olish uchun "O‘zmetkombinat" rahbariyati bilan bog‘landi. Biroq, Ozodlik bilan gaplashgan mulozim telefon orqali hech qanday ma’lumot berolmaslignini aytdi.

So‘nggi paytda, “O‘zmetkombinat” rahbariyati va mulozimlarining g‘ayriqonuniy ishlari haqidagi ma’lumotlar “Ozodlik”, “Fergana”, “Uzmetronom” kabi axborot saytlariga sizdirilmoqda.

Bu xabarlarni sizdirayotgan kuchlar, kombinat mulozimlarimi yoki kombinat rahbarlarining raqiblari, bunisi Ozodlikka ma’lum emas.

Jumladan, 31 may kuni kechqurun, Bekobod tumanida O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbarining xizmat mashinasi katta tezlikda yo‘l chekkasida ketayotgan piyodani urib yuborgani haqidagi xabar ham Ozodlikka yuborilgan edi.

Ozodlikning Toshkent huquq-tartibot tizimlariga yaqin manbasi piëda o‘limiga sabab bo‘lgan Toyota Camry mashinasi rulida "O‘zmetkombinat" rahbari emas, balki uning haydovchisi J.A. o‘tirgani va u allaqachon ehtiyot chorasi sifatida suddan oldin qamoqqa olingani va hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilganini bildirgan edi.​

XS
SM
MD
LG