Линклар

Toshkentdagi avtomobillga yonilg‘i quyish shoxobchalarida yana benzin taqchillashdi. Shoxobchalar xodimlari benzin olgani kelgan haydovchilarga yonilg‘i tushgacha tugab qolayotganini aytib, tonggi soat 4da kelishni tavsiya qilmoqdalar.

Shu kunlarda Toshkentdagi qaysi benzin shoxobchasiga bormang benzin yo‘q.

– Hamma yoq ochered, ertalab kelsangiz yarim soat- bir soatda tugab qolyapti. Ulgurgan olyapti, ulgurmaganlar boshqa zapravkalarga ocheredga turyapti, - deydi toshkentlik haydovchi.

Benzin taqchillashgani sababini shoxobcha xodimlari bazadan benzin kam berilayotgani bilan izohlashmoqda.

– Bizda tugagan. Bazadan kam beryapti, shuning uchun obedga tugab qolyapti. Uch-to‘rt kun bo‘ldi shu ahvol. Ertalab 4larga bo‘lib qolar, - dedi Toshkentning “Rohat” ko‘li yaqinidagi AYoQSh xodimi.

Poytaxtdagi boshqa shoxobchalarda ham shu ahvol.

Ozodlik muxbiri Toshkent vaqti bilan soat 14gacha shahardagi o‘nga yaqin yoqilg‘i quyish shahobchalariga sim qoqdi va bu shoxobchalarning deyarli hammasida tushgacha benzin sotib bo‘linganini aniqladi.

– Tugadi. Bugun bitta mashinada benzin berishdi. Sezon boshlanyaptiku, har yili iyul oyi oxiridan shunaqa benzin tortilib qoladiku, - deydi. Toshkentning Sirg‘ali tumanidagi AYoQSh xodimi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillada benzin taqchillashib qolishi odatiy holga aylanib bormoqda.

Ozodlik muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zneftegaz” va “O‘zbekneftmahsulot” shirkatlariga murojaat qildi.

“O‘zbekneftmahsulot” shirkatining Ozodlik bog‘langan mulozimi Toshkentda benzin taqchilligi yuzaga kelganini qisman tasdiqladi.

- Endi mashina ko‘p, ko‘ryapsizku, har oyda o‘ttiz mingtadan mashina chiqyapti, yiliga yarim millionga yaqin mashina ko‘paymoqda. Hammasi benzin olavergandan keyin tugaydi-da. Bu o‘lchovli narsaku. Shunda ham Toshkentda ahvol yaxshi, bittasida bo‘lmasa boshqasida bor. Viloyatdagilar bir narsa desa tushinishimiz mumkin, - deydi “O‘zbekneftmahsulot” shirkati mulozimi.

Hozirda Toshkentda Ai-80 markali benzinning davlat belgilagan narxi 2070 so‘mdir. Viloyatlarda esa benzin uch ming so‘m atrofida, tijoriy narxlarda sotiladi.

Poytaxt va viloyatlardagi benzin narxlaridagi bunday farq esa o‘z-o‘zidan benzin chayqovchiligini avj oldirmoqda.

- Toshkentdan Qoraqalpog‘istongacha benzin olib ketishadi-da. U yoqda benzinni kommercheskiy narxi 3 ming so‘m. Shuning uchun chayqovchilar Toshkentdan olib borib, 2700 so‘mdan sotyapti. Shunga o‘rgangan taksichilar bor. Bularning hammasini ushlay olmaysizku. Bu ham benzin taqchilligiga sabab bo‘lyapti-da, - deydi “O‘zbekneftmahsulot” shirkati mulozimi.

O‘zbekistonda benzin yetishmasligi paxta mavsumi boshlanishi bilan har yili kuzatiladi.

Ayrim kuzatuvchilar benzin va dizel yonilg‘ilari hosilni yig‘ib terib olishga safarbar etilishi natijasida shunday taqchillik yuzaga kelishini aytishadi.

XS
SM
MD
LG