Линклар

Samarqand viloyatining Ishtixon tumani hokimligi o‘z tomorqasida uzum yetishtirgan odamlarga hosilni bozor narxida emas, balki arzon-garov davlatga topshirishga majburlamoqda. Militsiya xodimlari qishloqma-qishloq yurib, odamlarni o‘z uzumlarini savdogarlarga sotishga ruxsat bermayapti. Uzum sotib olish uchun kelgan yuk mashinalari qishloqlarga kiritilmayapti.

Ishtixon tumapnining uzumchilik bilan shug‘ullanadigan Chaqar, Jangirohat, Chimqo‘rg‘on, Mehnat-rohat, Bo‘ston qishloqlaridagi dehqonlarga shaxsiy tomorqasidagi uzumni sotish taqiqlab qo‘yildi.

Ishtixon tumani hokimining bu qarori bir umr uzumchilik bilan shug‘ullanib kelgan odamlarda jiddiy norozilik uyg‘otdi.

Bu haqda Ozodlikka kelgan maktubda aytiladi:

“Ishtixon tumanida dehqonlar ancha aziyat chekmoqda. Viloyat va tuman hokimi aholining 100 foiz uzumini olib qo‘ymoqda. Uzum sotib olishga kelgan shaxsiy savdo mashinalarini qo‘ymay, faqat davlatga sotasan deb majburlamoqda. Hukumat xalqning og‘zidagi so‘nggi nonini ham tortib olyapti. Iltimos yordam beringlar”, deb yoziladi maktubda.

Ishtixon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan dehqonlardan biri Ozodlik bilan suhbatda, haqiqatan ham hukumat odamlarning shaxsiy tomorqasidagi uzumga xo‘jayinlik qilayotganini tasdiqladi:

- Bir haftadan buyon tinchlik yo‘q. Uzumimizni mustaqil sotgani qo‘yishmayapti. Kecha qo‘shnim mayli davlatga sotsam sota qolay deb, borib yashiklarini olib keldi. Unga aytibdiki, sen uzumingni bizga tortib berasan va birorta fermer bilan kelishasan. Biz uzumning pulini fermerning hisobiga o‘tkazamiz. Fermer esa seni plastik kartochkangga umumiy pulning 50 foizini o‘tkazib beradi. Axir bu talonchilikku, nega fermer mening pulimni yarmini olib qolishi kerak ekan?, dedi dehqon.

Uning aytishicha, fermer xo‘jaliklariga qo‘yilgan uzum topshirish rejasi juda ham katta bo‘lgani uchun ular rejani bajarolmay qoldi va hukumat bu bo‘shliqni aholining hisobidan majburlab to‘ldirmoqchi bo‘lyapti:

“Odamlarning bir gektargacha shaxsiy tomorqasi bor. Ular yer solig‘i, daromad solig‘i to‘lab kelishgan shu paytgacha. Bu yil esa majburan arzon-garovga sotib olishmoqchi. Odamlar judayam darg‘azab bo‘lyapti. Avvalgi yillar o‘sha uzun “Alka” moshinalar kelardi. Xirmonni boshida pulimizni berardi. Endi esa o‘shani 50 foizini davlatga topshirasan deyapti bular, dedi dehqon.

Dehqon “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir” bo‘lgan hokimiyatning bu ishini talonchilikka o‘xshatadi:

“Axir bu qanday bedodlik? Qishloqda melisa izg‘ib yuribdi. Uzum sotib olishga kelgan shaxsiy mashinalarni qishloqqa kiritmayapti. Hukumatdagilar kelib uzumning tagiga bir ketmon urganmikan? Yoki suv yetkazib berganmikan? Aholi uzumzorining 70 foizi 2016 yilda bir gramm ham suv ichgani yo‘q. Suv bermaydi. Buning ustiga bizga yarim narxiga sotasan deb, zo‘ravonlik qilyapti”, dedi dehqon.

Bu hududda uzumning mayiz bo‘ladigan “kishmish” navi yetishtiriladi. Ayni paytda bu uzumning bozordagi narxi 6-7 ming so‘m atrofida. Hukumat esa har kilosini 2-3 ming so‘mdan sotib olyapti.

Ozodlik bu masalaga munosabat olish uchun Ishtixon tumani hokimligi bilan bog‘landi. O‘zini hokim o‘rinbosari Sirojiddin deb tanishtirgan mulozim, dehqonlarni tomorqasidagi uzumni arzon narxda sottirish bo‘layotganini inkor qilar ekan, bu haqda to‘liq tafsilotni Rossiyaga uzum eksporti bilan shug‘ullanayotgan shtabdan olishimiz mumkinligini aytdi.

Biroq kun davomida shtabdagi uch telefondan birortasi ham javob bermadi.

Bu yil O‘zbekiston Rossiyaga meva-sabzavot yetkazib berishga oid katta shartnomalar imzolagan.

Yaqinda O‘zbekistonga safar qilgan Rossiya Qishloq xo‘jalik vazirligi delegatsiyaning bildirishicha¸ joriy yili Toshkent hukumati Rossiyaga 800 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavot etkazib berishga hozirligini bildirgan. Bu esa¸ 2015 yilga nisbatan 17 baravarga ko‘pdir.

Dehqonlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Rossiya bilan shartnoma shartlari bajarilmasligi tahdidini hisobga olib, uning o‘rnini aholining bog‘-uzumzorlari hisobidan majburiy olingan arzon narxdagi meva-sabzavot bilan to‘ldirmoqchi.

XS
SM
MD
LG