Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:35

Samarqandda medinstitut o‘qituvchisi poraxo‘rlikda ayblanmoqda


Shu yilning 27 iyul kuni soat 18.00 da Milliy Xavfsizlik Xizmatining Samarqand viloyati boshqarmasi tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida Samarqand Davlat Tibbiyot institutining Axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Jo‘raev poraxo‘rlik aybi bilan hibsga olindi.

Bu haqda “Ozodlik”ka ma’lum qilgan institut xodimiga ko‘ra, 30 yashar Shuhrat Jo‘raev oliygohning davolash va pediatriya bo‘limiga kirish uchun hujjat topshirgan abiturentlardan birining ota-onasidan 27 000 AQSh dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga tushgan.

“Butun medinstitut ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Shuhrat Boymurodovich domlaning “kassir”laridan biri edi. Uni qo‘liga kishan solib olib ketishdi, hozirda SNBning podvalida o‘tiripti ekan. Kecha prokuratura organi uni jinoyat joyida voqea holatini tiklash uchun institutga olib kelgan, institut ma’muriyati esa “mana hammasi yolg‘on, uni qo‘yib yuborishdi” degan gap qilishgandi. Okazivaetsya haliyam o‘tiribdi, rektor Shamsiev chopa-chop qilib yuripti” deydi “Ozodlik” manbasi.

Hodisa yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchini hibsda saqlash bo‘yicha Bog‘ishamol tumani sudining sanksiyasi olingan.

Institut kadrlar bo‘limining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi Shuhrat Jo‘raevning yosh, malakali kadr ekani, institut rektori Azamat Shamsievning yaqin shogirdlaridan biri bo‘lganini ta’kidlaydi:

“Shuhrat juda ishbilarmon, kelajagi bor yoshlardan edi. Azamat Muhiddinovich unga ishonch bildirgandi, majlislarda maqtardi. Xato qilib qo‘ydi, ota-onalar bilan muloqotda domlaning nomini ham aralashtirgan. Lekin pora miqdorining kattaligini inobatga olganda uning bunday summani hazm qilolmasligi, kim bilandir sherikligini taxmin qilish mumkin ” deydi kadrlar bo‘limi xodimi.

Samarqand viloyati prokuraturasi Samarqand Davlat Tibbiyot instituti sodir bo‘lgan voqeani tasdiqladi, ammo hodisa tafsilotiga izoh bermadi.

Shuhrat Jo‘raevga qo‘yilayotgan ayblov tergov va sud mahkamalarida o‘z isbotini topsa, u 15 yil muddatgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG