Линклар

31 iyul kuni Yerevanda politsiya binosini egallab olgan qurolli guruh bilan politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuv davom etdi.

Armaniston rasmiylari guruhni 30 iyulgacha qurollarini tashlab, taslim bo‘lishga chaqirgan, aks holda ularga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshlanishini aytib ogohlantirgan edi.

Hujumchilar ikki hafatadan beri qorovul polki shtabi binosini egallab kelmoqda.

30 iyul kuni kech bino yaqinida kichik portlashlar hamda otishma sodir bo‘lgani haqida xabar berildi.

Ozodlik radiosi arman xizmati o‘rnatgan kameralar esa 31 iyul kuni ertalab ham politsiya xodimlari bino tashqarisini jimgina nazorat qilayotganini ko‘rsatdi.

30 iyul kuni ertalab arman politsiya xodimi otib o‘ldirilgan.

Politsiya matbuot kotibi Ashor Ahoroniyan 30 yoshli Yuriy Tepanosiyan politsiya mashinasida o‘tirganida snayper bilan otib o‘ldirilganini bildirdi.

Hodisa hujumchilarga binoni tark etish uchun berilgan muhlat tugashidan bir necha soat oldin sodir bo‘lgan.

Hujumchilarning talablaridan biri qamoqdagi muxolifatchining ozodlikka chiqarilishidir.

Ozodlik radiosi muxbiri 30 iyul kuni kechki soat oltilarda egallab olingan bino yaqinida otishma ovozini eshitgan.

O‘sha kuni kech hujumchilarni qo‘llash uchun minglab odam Yerevan markazida to‘plandi. Namoyishchilar rasmiylarni kuch ishlatmaslikka chaqirdi.

Namoyishchilardan biri Alьbert Bagdassiyan Ozodlik bilan suhbatda ularning maqsadi “xavfsizlik xizmatlari hujum qilmoqchi bo‘layotgan guruhni qo‘llash, ko‘chada namoyishga chiqish, avtomobillar qatnoviga to‘siq bo‘lish hamda qo‘rqmasligimizni ko‘rsatish” ekanligini aytdi.

Politsiya binosini 17 iyul kuni 30 ga yaqin hujumchi qo‘lga olgan. Hujum davomida bir politsiya xodimi halok bo‘lgan, yana bir nechtasi jarohat olgan.

Jangarilar iyun oyida qo‘lga olingan muxolifatchi Jirayr Sefilyan ozod etilishini talab qilmoqda. Ular yana Armaniston prezidenti hamda bosh vaziri iste’foga ketishini talab qilishgan.

Hozirgacha hujumchilarning sakkiz nafari jarohat oldi.

29 iyul kuni ularning uch nafari oyog‘idan yaralangan.

29 iyul kuni kech yuzlab namoyishchi politsiya binosi tomon yurish qilishga urindi, ammo politsiya bunga yo‘l qo‘ymadi.

30 iyul kuni esa rasmiylar namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvida 75 odam jarohat olganini, 20 nafar namoyishchi qo‘lga olinganini bildirishdi.

Namoyishlar davomida matubot vakillari, jumladan, Ozodlik radiosi muxbirlari kaltak va metal bo‘laklari bilan qurollangan fuqaroviy kiyimdagi shaxslar tomonidan kaltaklandi.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Tom Kent matbuot xodimlariga qilingan hujumlarni qoraladi.

Politsiya tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 29 iyulgi namoyish ortidan 165 odam qo‘lga olingan. Ularning aksari keyinroq qo‘yib yuborilgan.

XS
SM
MD
LG