Линклар

Musiqa o‘qituvchisi: Tor aslida Xorazmda yaratilgan cholg‘u asbobidir


O‘zbekiston Xalq artisti Bobomurod Hamdamov tor chalib, qo‘shiq kuylamoqda

O‘zbekiston Xalq artisti Bobomurod Hamdamov tor chalib, qo‘shiq kuylamoqda

Toshkentlik musiqa o‘qituvchisi O‘zbekistonda tor cholg‘u asbobini taqiqlashga urinishni "ahmoqlik", deb baholadi. Uning xotirlashicha, 2007 yilda ham O‘zTVda tor, skripka, ud, qonun musiqa asboblarni taqiqlashga urinish bo‘lgan, ammo amalga oshmagan. Shuningdek, bu musiqachi O‘zbekistonda aynan tor Xorazmda paydo bo‘lgan, degan ilmiy versiya borligini ham eslatdi.

Toshkentlik musiqa o‘qituvchisi Ozodlikka bog‘lanib, O‘zbekistonda tor cholg‘u asbobini taqiqlashga urinishayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

To‘y-hashamlarda tor chaladigan bu musiqachi shu kunlarda O‘zbekiston telekanllari tor chalinayotgan aks etgan tasvirlarni hanuz namoyish qilayotganini aytdi. Ammo, u 2007-2009 yillar oralig‘idagi bu asbobni taqiqlash urinishlarini xotirladi.

Uning xulosasicha, aksar musiqa asboblarining tarixi qadimiy Sharq mamlakatlariga taqaladi va davrlar mobaynida har bir millat musiqa asboblarining shakllanishiga ulushini qo‘shgan:

- O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon aka Qurbonov buni ilmiy asosda isbotdilar, menimcha. Ya’ni, tor asli Xorazmda yaratilgan, rubob asosidagi instrument, degan ma’noda. Keyinchalik ozarboyjonlar bu asbobni yanada rivojlantirgan va ozarboyjon maqom musiqasidagi asosiy instrumentlardan biriga aylangan. Bizning Shashmaqomda esa tanbur asosiy instrument. Lekin 20 asrning boshlaridan bizda yana tor ommalasha boshladi. Hozir juda ommalashgan va bu asbobni taqiqlash, menimcha, g‘irt ahmoqlik, - dedi ismini sir saqlashni ma’qul ko‘rgan toshkentlik musiqa o‘qituvchisi.

O‘zbek musiqasida yetakchi o‘rin tutib kelgan soz - tor mamlakatdagi klassik orkestrlar cholg‘ulari ro‘yxatidan chiqarilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston telekanallaridan biridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, telekanallar va videoklip ishlab chiqaruvchi prodyusserlik markazlariga tor tasviri ko‘zga tashlanmasligi haqida ko‘rsatma berilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda tor chalish bo‘yicha maxsus ta’lim to‘xtatilgan va tor o‘zbek milliy cholg‘u asboblari reestridan chiqarilgan.

Ayni paytda, O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining ta’kidicha, tor butunlay taqiqlanmagan:

- Tor taqiqlangani yo‘q. Tor o‘zbek milliy cholg‘u asboblari ro‘yxatida yo‘q, xolos. Torni bemalol havaskor cholg‘uchilar chalaverishi mumkin. Tor o‘zbek milliy cholg‘usi emas, balki Ozarbayjon milliy cholg‘u asbobi ekanini ta’kidlashimiz zarur. Yana bir narsa: 2012 yilda tor Ozarbayjon cholg‘u asbobi sifatida YuNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Buni biz hurmat qilishimiz kerak, - deydi manba.

Manbaning yana aytishicha: “O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tor chalish dars sifatida o‘qitilmaydi va cholg‘u asboblar laboratoriyasi reestrida tor mavjud emas”.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2012 yildan oldin o‘zbek cholg‘u asboblari davlat ro‘yxatida tor mavjud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG