Линклар

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati ixtiyoridagi “Turkiston” (sobiq “Shelkovichnaya”) rezidensiyasi ma’murlari ustidan sud boshlandi. Ozodlikning hukumatga yaqin manbalariga ko‘ra¸ bu mulozimlar Jinoyat Kodeksining 131-moddasiga muvofiq "fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish"da ayblanmoqda.

Ayni paytda¸ rezidentsiya boshqaruvchilari “davlatga tegishli mulkdan boyish maqsadida foydalanganlik”da ham ayblanmoqda¸ deydi Ozodlik manbasi.

Mazkur mahkama haqida o‘z manbalariga tayanib yozgan Uzmetronom Internet nashriga ko‘ra, prezident ma’muriyati rahbari Zelimxon Haydarovga yaqin bu besh nafar mulozimni yetti nafar advokat himoya qilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ mahkama joriy yilning mart oyida prezidentga qarashli rezidensiyada reyd o‘tkazilib "fahshbozlar guruhi" fosh etilgani ortidan o‘tmoqda.

Mart oyida Toshkentda qattiq qo‘riqlanadigan davlat rezidensiyasi hududida fahsh bilan shug‘ullangan prokuratura, MXX va boshqa tuzilmalar xodimlari qo‘lga olingan edi.

Bugunga kelib ma’lum bo‘lishicha¸ qora niqoblilar ishtirokidagi reyd davomida 16 ayol va 16 erkak jinsiy aloqa qilayotgan paytda ushlangan.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ davlat tasarrufidagi “Turkiston” rezidensiyasiga Milliy xavfsizlik xizmatiga doir niqobli guruh reyd uyushtirgani paytida qo‘lga olingan 16 erkak prokuratura, MXX va boshqa idoralar xodimlari bo‘lgan.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ Ichki ishlar vazirligiga olib borib hibs qilingan jami 32 shaxs bevosita prezident ma’muriyati boshlig‘i Zelimxon Haydarov aralashuvidan keyin ma’muriy jarimaga tortilib¸ uyiga qo‘yib yuborilgan.

“Turkiston” majmuasi ma’murlari bo‘lgan besh nafar mulozim ustidan esa jinoiy ish ochildi"¸ deydi Ozodlik manbasi:

- Ularning ismlarini oshkor qilishga sud taqiq qo‘ydi. Jinsiy aloqa bilan bog‘liq ish bo‘lgani uchun shunday qaror bor. Hozir eng malakali advokatlar mulozimlarni himoya qilib yotibdi. Bu mahkama¸ asosan¸ Zelimxon Haydarovga qarshi mahkama. Zotan¸ majmua Zelimxon aka qaramog‘ida. Menimcha¸ Zelimxon aka bu besh odamni xafa qildirib qo‘ymaydi. Yetarli isbot bo‘lmagani bois¸ yoki amnistiya akti qo‘llanilib bu besh odamning sud zalidan ozod qilinishi kutilmoqda¸ deydi manba.

Zelimxon Haydarov vs Rustam Inoyatov?

Ozodlikning O‘zbekiston hokimiyat idoralariga yaqin manbasi mart oyida Toshkentning Yunus Rajabiy ko‘chasida joylashgan “Turkiston” davlat rezidensiyasi hududida amalga oshirilgan reyddan asl maqsad “Zelimxonning mavqeiga zarba berish” bo‘lgan, deya iddao qildi.

“Zelimxon Haydarov bilan MXX raisi Rustam Inoyatovning munosabatlari eskitdan yaxshi bo‘lmagan. Lekin, ayniqsa, so‘nggi bir yil ichida ikkalasi qirpichoq bo‘lishayapti. Ular bir necha masalada chiqisha olmagan. Eng so‘nggi ziddiyat kadrlar masalasida chiqdi. O‘tgan yili Zelimxon o‘z odamini yuqori amalga tayinlatmoqchi bo‘lganida, Inoyatov qaytarib yuborgan. Zelimxon ham bo‘sh kelmasdan, juda nufuzli kanali orqali Inoyatovga bosim o‘tkazib, o‘z odamining yuqori lavozimga tayinlanishiga erishdi. Shundan keyin ikkalasining o‘rtasida qarama-qarshilik yanada keskinlashdi. “Turkiston”da bunday ayshu ishratlar doim bo‘lib kelgan, o‘zi MXXchilarning pakkasiku bu rezidensiya. Shu paytgacha hech kim indamasdan keldi, birdaniga kimgadir kerak bo‘lib qoldi bu narsa. Chunki rezidensiya Zelimxonning vakolatida”, deya iddao qildi Ozodlik manbasi.

XS
SM
MD
LG