Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:30

Dushanbedagi daryodan fohishalarning jasad parchalari topildi


Tojikiston poytaxtidan oqib o‘tuvchi Varzob daryosi qirg‘oqlaridan 21 iyuldan 29 iyulgacha dushanbeliklar ayrim a’zolari chopib olingan ikki ayol jasadini topganlar.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot markazining 1 avgust kuni ma’lum qilishicha, o‘ldirilgan ayollarning a’zolari Qahhorov va Mushfiqiy ko‘chalari orasidan topilgan.

Qahhorov ko‘chasidagi uylardan birida istiqomat qiluvchi dushanbelikka ko‘ra, 28 iyul kuni tushdan so‘ng xalq tilida Dushanbinka deb ataladigan daryo suvi birdan ko‘tarilgan, o‘sha paytda unda yetti bola va bir juft yosh cho‘milayotgan bo‘lgan. Ular daryo o‘rtasidagi katta toshlarga chiqib olganlar, buni ko‘rgan odamlar esa qutqaruvchilarni chaqirganlar.

“Juda ko‘p mashina keldi, tez yordam, MChSchilar, militsiya. Bolalarni suvdan chiqarib olayotgan paytlarida bir qizning parchalangan jasadini topishdi. U qiz 10 kuncha avval yo‘qolib qolganini aytishdi. Bundan bir necha kun oldin ko‘prik ostidan qizlarning qo‘l-oyoqlari topilgandi. Adashmasam, 28 iyul kuni boshsiz tana oqib keldi”, deydi voqea guvohlaridan biri.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, bu voqeadan so‘ng ichki ishlar idoralari va Bosh prokuraturaning tergovchilaridan iborat tezkor-qidiruv guruh tuzilgan.

Qidiruv ishlari natijasida ayollarni o‘ldirganlikda gumonlanib uch kishi - Vose’ tumanidan bo‘lgan 25 yoshli, Varzob tumanidan bo‘lgan 23 yoshli va Dushanbe shahridan bo‘lgan 26 yoshli yigitlar ushlangan.

“21 iyul kuni mazkur yigitlar sirk atrofida Dushanbe shahridan bo‘lgan 25 yoshli qiz bilan tanishib, intim xizmat ko‘rsatish uchun N. Qoraboev ko‘chasidagi o‘z kvartirasiga olib kelishadi. To‘lanadigan pul ustida chiqqan janjaldan keyin ular ayolni ayovsizlik bilan o‘ldirishadi. Keyin esa ayolning tana a’zolarini ajratib, polietilen xaltalarga solib, daryoga tashlab yuborishadi”, deyiladi IIV matbuot markazi xabarida.

Bu voqeadan bir hafta o‘tar-o‘tmas bu shaxslar shu kabi jinoyatni takrorlaganlar. Tartib posbonlariga ko‘ra, 27 iyulga o‘tar kechasi soat 3 larda gumonlanuvchilar 23 yoshli bir qiz bilan tanishib, yuqorida zikr etilgan kvartiraga olib kelishadi. Unga ham pul bermaslik maqsadida bo‘g‘ib o‘ldirib, tanasini maydalab, daryoga tashlashadi.

Ozodlik tojik xizmati Ichki ishlar vazirligidagi manbasi o‘ldirilgan ayollar “tungi kapalaklar” bo‘lganini ma’lum qilgan.

Manbaga ko‘ra, hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qotillik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tergov ishlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG