Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:00

Tula izolyatorida surxonlik nogiron muhojir o‘zini osib o‘ldirdi


Rossiyaning Tula viloyatidagi Xorijiylarni vaqtinchalik saqlash markazi kamerasida 30 yashar o‘zbekistonlik muhojir o‘z joniga qasd qildi.

To‘rt oydan buyon O‘zbekistonga deportatsiya qilinishini kutgan Jo‘rabek Bobomurodov, markazdagi og‘ir sharoit va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganidan bir necha bor shikoyat qilgan. Jo‘rabek buyrak kasalligidan davolanib kelgan. Tula rasmiylari Ozodlik muxbiriga nogiron muhojir o‘limi yuzasidan tergov-surishtiruv jarayoni borayotganini bildirdi.

Tula Tergov qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra, surxondaryolik 30 yoshli nogiron Jo‘rabek Bobomurodov Klimovsk tumani, Noviy posyolkasidagi Xorij vatandoshlarini vaqtinchalik saqlash markazi (SUVSIG) kamerasida tushlikdan keyin, hamxonalari tashqariga chiqarilgan paytda, choyshab bilan o‘zini osib o‘ldirgan.

Tergovchi Ilya Gavrilovning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Jo‘rabek Bobomurodov jasadi sinchkovlik bilan tekshirilgan va marhum badanida biror jinoyat belgilari topilmagan:

- Jo‘rabek Bobomurodovning nima sababdan o‘z joniga qasd qilganini tekshirayapmiz. Rossiya matbuotida yozilayotgan “Jo‘rabek tergov izolyatorida ushlab turilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan “degan da’volar haqiqatdan uzoq. Marhum tergov izolyatorida emas, xorijiylarni vaqtincha saqlash markazida ushlab turilgan. U erdagi sharoit va tartib, tergov izolyatoridan yaxshiroq¸ dedi tergovchisi Ilya Gavrilov.

“Jo‘rabekning o‘z joniga qasd qilgani hech aqlimga sig‘maydi”

Marhumning sevgilisi, tulalik Lyudmilaning Ozodlikka aytishicha, falokat yuz berishidan 1,5 soatcha oldin u Jo‘rabek bilan telefonda gaplashgan va uning o‘z joniga qasd qilishi borasida biror narsani sezmagan:

- Jo‘rabek bilan munosabatlarimiz juda yaxshi edi. U Tulada ustachilik qilardi. Birga turmush qurishni, O‘zbekistonga borishni rejalagandik. Men hatto ishimdan chiqib, Jurabekni tezroq yuborilishini kutayotgan edim. Falokat yuz bergan kuni, bizga samolyotga bilet olish mumkin¸ deb aytishdi. Men bilet sotib olishga borishim kerak edi. Jo‘rabekning o‘z joniga qasd qilgani hech aqlimga sig‘maydi. Yana bilmadim, izolyatordagi o‘ta yomon sharoit va uning vatanga yuborilishi uzoqqa cho‘zilgani, uning bunday ishga qo‘l urganiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deydi Lyudmila.

Bunday bir oy oldin Jo‘rabek Bobomurodov Tuladagi Myslo.ru internet tahririyatiga yo‘llagan maktubida Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazidagi og‘ir sharoit va uni vataniga tezroq yuborilmayotganidan shikoyat qilgan edi.

Jo‘rabek Bobomurodov yozgan maktub va uning shikoyatiga javob qaytargan Tula viloyati bo‘yicha sud ijrochisi rahbari yordamchisi Polina Ovsyannikova hamda viloyat bosh prokuraturasi yordamchisi Lyubov Kuznetsova yozuvlari ham Myslo.ru internet sahifasida qo‘yilgan.

O‘z maktubida nogiron Jo‘rabek Bobomurodov, 2016 yilning 1 aprelidan Klimovsk tumani izolyatorida ushlab turilayotgani, deportatsiyaga oid sud qarori bo‘lganiga qaramasdan, hanuz vataniga yuborilmayotganidan qiynalayotgani haqida yozgan.

"Na vatanga yuborishadi, na davolashadi. Ana shunday "san solar-man solar"-da qolganman. Men ikkinchi guruh nogironi, bir buyragim yo‘q. Men turgan izolyator binosida antisanitariya sharoitlari bois sog‘lig‘im juda yomonlashmoqda. Yotoq joyimiz poli beton, sovuq va nam. Oshxonasi yo‘q, hojatxona sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydi. Mening sog‘lig‘im yomonlashayotganiga oid barcha shikoyatlarimga mahalliy vrachlar ahamiyat berishmayapti. SUVSIG (Xorij vatandoshlarini vaqtinchalik saqlash markazi ) rahbari hatto o‘z pulimga ham menga tibbiy yordam ko‘rsatilishga ijozat bermayapti. Har yarim yilda men batafsil tibbiy ko‘rikdan o‘tishim lozim”, deb yozgan marhum bir oy oldin yo‘llagan maktubida.

Nogiron yigit o‘zining O‘zbekistonga deportatsiya qilish jarayoni uzoqqa cho‘zilgani ham uni ruhan nihoyatda qiynayotgani haqida ham yozgan.

“ Mening hujjatlarim bilan shug‘ullangan sud pristavi rasmiysi O‘zbekistonga yuborishga oid guvohnomam tayyor bo‘lgan, biroq muhlati tugab qolganini aydi. Lekin izolyator rasmiylarning birortasi menga samolyotga bilet olish kerak, deb og‘iz ochishmadi. Izolyator rahbari esa menga bilet sotib olishim mumkin, “lekin ular yana meni pristavga yuborishlari va u yerdan yana orqaga qaytarishadi” deb aytdi. Natijada na vatanga yuborishadi, na davolashadi. Ana shunday "san solar-man solar"da qolganman” deb yozgan edi Bobomurodov.

Rossiya qonunlari bo‘yicha sud (pristavi) ijrochilari deportatsiya qilishga oid hujjatlarni Federal migratsiya xizmati boshqaruviga rasmiy so‘rov yuborish orqali oladi.

2016 yilning 1 iyunidan boshlab, Federal migratsiya xizmati tarqatilib¸ uning vakolatlari Ichki ishlar vazirligi va ijroiya hokimiyatining boshqa tizimlariga tarqatildi.

XS
SM
MD
LG