Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:57

Chimkentda qozoq va tojik yoshlari mushtlashdi


Qozog‘istonning Chimkent shahriga yaqin Saken Seyfullin nomli qishloqda qozoq va yoshlari o‘rtasida mushtlashuv chiqdi. Mushtlashuvga tojik millatiga mansub o‘smirning balog‘atga yetmagan qozoq qizchasiga go‘yo jinsiy tajovuz qilgani haqida tarqalgan mishmishlar sabab bo‘lgan.

Ayrim axborot agentliklari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, mushtlashuv sodir bo‘lgan Seyfullin qishlog‘iga ko‘plab politsiyachi yetib borgan. Ular qishloqqa boshqa joylardan odamlar kelib qo‘shilishi va mushtlashuv davom etishiga to‘sqinlik qilish uchun kelganlari aytilmoqda.

Ozodlikning Olmaota shahridagi idorasi rahbari Quanishbek Qori Janubiy Qozog‘iston viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Sirim Abdullaev so‘zlariga tayangan holda Paxtaorol tumanidagi Sayfullino qishlog‘ida sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida uch odam tan jarohati olgani, bir do‘kon oynalari parchalanganini ma’lum qildi. Qozog‘istonning eng janubiy tumani bo‘lgan Paxtaorol uch tomondan O‘zbekiston bilan chegaradosh.

Seyfullin qishlog‘idagi mushtlashuv chog‘ida jabrlanganlarning shaxsi ochiqlanmayapti.

- Mushtlashuv voyaga yetmagan tojik o‘smiri balog‘atga yetmagan qozoq qizchasini go‘yo zo‘rlagani haqida mishmishlar tarqab ketganidan so‘ng boshlagan, - dedi Quanishbek Qori.

Janubiy Qozog‘iston viloyat politsiyasi boshliq o‘rinbosari 1 avgust kuni jurnalistlar bilan suhbatda shifokorlar balog‘atga etmagan 5 yashar qizchani tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani, ammo uning tanasida kaltak izlarini ham, zo‘rlanish alomatlarini ham topmaganlarini bildirgan.

Sirim Abdullaevga ko‘ra, qizchani zo‘rlagani iddao qilinmish o‘smir hibsga olinmagan va hozir ota-onasi nazoratidadir. Ommaviy mushtlashuv hodisasi bo‘yicha esa tezkor-tergov brigadasi tuzilgan.

Tarkibiga Seyfullin qishlog‘i ham kiruvchi J.Eraliev nomidagi qishloq okrugi ma’muriyati rahbari Qalmaxon Akishev avvalroq Ozodlikka qishloq politsiyachilar tomonidan o‘rab olingani haqida bildirgandi. Biroq viloyat politsiya boshqarmasi bu ma’lumotni rad etdi va tartib saqlash uchun Seyfullin qishlog‘iga 170 nafar politsiyachi yuborilganini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 50 mingdan ko‘proq tojik istiqomat qiladi. Ozodlikning Olmaota byurosi rahbari Quanishbek Qorining aytishicha, Qozog‘istonda qozoqlar va tojiklar o‘rtasida mushtlashuv kamdan-kam uchraydigan hodisa. O‘tgan yil fevralida Sariog‘och tumanidagi asosan qozoqlar va tojiklar yashaydigan Intimoq va Bo‘stonliq qishloqlarida ommaviy tartibsizliklar sodir bo‘lgan. Tartibsizliklar chog‘ida bir necha uy va mashinalar yoqib yuborilgan. Tartibsizliklarga qozoq millatiga mansub 30 yoshli Baxit Artiqovning o‘limi sabab bo‘lgandi.

Bu voqeadan bir necha kun o‘tgach, Artiqov o‘limida gumonlangan tojik millatiga mansub Navmiddin Normatov O‘zbekiston hududida qo‘lga olinib, qozog‘istonlik tartib posbonlariga topshirilgan.

Baxit Artiqov o‘limida ayblangan Navmiddin Normatov.
Baxit Artiqov o‘limida ayblangan Navmiddin Normatov.

​O‘tgan yil iyunida qozoq sudi qotillikni bo‘yniga olgan Normatovni 18 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan.

XS
SM
MD
LG