Линклар

logo-print

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari o‘tgan yili Samarqandda tamal toshi qo‘yilgan S5+1 formati doirasida Vashingtonda uchrashadilar. AQSh hukumati uchrashuv paytida mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikda 5 loyihani amalga oshirishni taklif qilmoqchi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, S5+1 doirasidagi uchrashuv Vashigtonda 3 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri mezbonlik qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarlik qiladi. Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, uchrashuvda “Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosat mutasaddilari S5+1 formati doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladi”.

Uchrashuv arafasida mintaqa jurnalistlari bilan telefon orqali matbuot anjumani o‘tkizgan AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Deniel Rozenblyum Vashington O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillariga beshta loyihani taklif qilishini bildirdi.

“Mana shu maqsadda ishchi guruhlari tashkil etilib, bu guruhlar joriy yilning aprelida Bishkek va Olmaotada uchrashgan. Natijada hamkorlikning uch sohasi bo‘yicha bir qator loyihalar ishlab chiqildi va biz umid qilamizki, har bir davlat bu loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar chorshanba (3avgust) kuni bu loyihalar- ularning soni beshta- S5+1 formatida vazirlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, mazkur loyihalarning tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanadi”, dedi Deniel Rozenblyum.

2015 yilning 31 oktyabridan 2 noyabrigacha AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilgan edi. Mazkur safar doirasida mintaqa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Jon Kerri bilan 1 noyabrь kuni Samarqandda uchrashib, siyosiy dialog maydoni bo‘ladigan S5+1 formatini tashkil qilishga kelishib olgandi.

S5+1 formati doirasidagi uchrashuvda AQSh bilan hamkorlikning uch asosiy yo‘nalishi tanlab olingan. Bularning birinchisi- iqtisodiyot, Markaziy Osiyoni iqtisodiy jihatdan kattaroq hudud, jumladan, AQSh bilan bog‘lash; ikkinchisi-atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish; uchinchisi-xavfsizlik, terrorchilik tahdidlarining oldini olish vaAfg‘onistondagi barqarorlik muammolari.

AQSh Davlat departamenti mazkur uchrashuv arafasida Markaziy Osiyoga ko‘mak yangi dasturini e’lon qilgan. Mazkur dastur iqtisodiyot, savdo, ekologiya, suv, maorif va madaniyat sohalariga oid loyihalarni o‘z ichiga olgan.

Davlat departamenti bayonotida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston mustaqillikka erishgan 1991 yildan beri Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga 8 milliard 800 million dollar miqdorida ko‘mak ko‘rsatgani ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG