Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:01

"Krasnodar" Odil Ahmedovning yoshi o‘zgartirilganini rad etdi


Odil Axmedov (foto "Krasnodar" FK rasmiy saytidan olindi)
Odil Axmedov (foto "Krasnodar" FK rasmiy saytidan olindi)

Rossiya Dopingga qarshi agentligi (RUSADA)ning “Match TV” telekanaliga bergan tushuntirish xatidagi o‘zbekistonlik taniqli futbolchi Odil Ahmedovning doping namunasida taqiqlangan preparat topilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqiqatdan yiroq.Odil Ahmedov to‘p surayotgan “Krasnodar” futbol klubining Ozodlikka bergan rasmiy javobida futbolchining tug‘ilgan yili ham noto‘g‘ri ko‘rsatilgani tasdiqlab berildi.

O‘tgan oy o‘rtalarida Rossiyaning “Match TV” telekanali Rossiya Dopingga qarshi agentligi (RUSADA) tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning «Krasnodar» futbol klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedovning doping-testlari to‘g‘risidagi hujjatlarni e’lon qilgan edi.

“Match TV” telekanali keltirgan rasmiy hujjatda “Ahmedov Odil Alimjanovich”ning tug‘ilgan sanasi 25.11.1980 yil qilib ko‘rsatgani nafaqat Rossiyadagi mutaxassislar e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Bundan birmuncha vaqt oldin Ozodlik yana bir taniqli o‘zbek futbolchisi Ilyos Zeytullaevning yoshi o‘zgartirilgani borasidagi iqrorini e’lon qilgandi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston va sobiq Ittifoqning ko‘plab mamlakatlari futbol jamoalarida hanuzgacha “yoshartirilgan” sportchilar to‘p surayotganini taxmin qilgandi.

Vikipediya, Sports.ru, footballtop.ru va boshqa barcha rasmiy sport saytlarida Ahmedovning yoshi 28-da ekani va u 1987 yilning 25 noyabrida tug‘ilgani ko‘rsatilgan.

Ozodlik O‘zbekiston terma jamoasi kapitani Odil Ahmedovning doping nazoratga tortilgani to‘g‘risidagi savollar bilan “Krasnodar” terma jamoasi ma’muriyatiga murojaat qildi.

Odil Ahmedov 2011 yildan buyon Rossiyada to‘p suradi
Odil Ahmedov 2011 yildan buyon Rossiyada to‘p suradi

“Krasnodar”chilar ma’muriyati vakili Denis Danilchenko o‘zbekistonlik legioner Odil Ahmedovning “Match TV”da e’lon qilingan doping markazi hujjatlarida yoshi o‘zgartirilgani borasida birinchi marotaba eshitayotganini aytdi.

- Buni birinchi marotaba sizdan eshitayapman! Bo‘lmagan gap. Buni hatto izohlashga hojat yo‘q, dedi“Krasnodar” klubi matbuot kotibi Denis Danilchenko.

“Match TV” e’lon qilgan Dopingga qarshi agentlik hujjatlaridan olib borilgan skrining-tahlil Ahmedovda “geksarelin” borligi taxmin qilingan. Biroq, ikkinchi marotaba o‘tkazilgan test taqiqlangan preparatning yo‘qligini ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi.

“2014 yilning 27 avgustida 2946501 raqamli namunada Geksarelin bor-yo‘qligini aniqlashga qaratilgan qayta tekshiruvlar natijasida sportsmenlarning siydik namunasida taqiqlangan Geksarelin preparati aniqlanmadi”, deyiladi e’lon qilingan agentlik hujjatida.

RUSADA vakolatxonasining Rossiya Futbol ittifoqi prezidenti Vladimir Mutko nomiga yuborgan bildirishnomasida ham “Krasnodar” futbol klubining o‘zbekistonlik legioneri Odil Ahmedov va islandiyalik Ragnar Sigurdssonlarda doping-nazorat xulosasida “namunalar taqiqlangan moddalarga ega emasligi” tasdiqlangan.

Ozodlik savollariga javob bergan klubning matbuot kotibi Denis Danilchenko bunday tekshiruvlar doimiy o‘tkazib turilishi, ammo Ahmedovga tegishli deb aytilayotgan doping-testlar hujjatlari mavjudligi borasida klub ma’muriyati xabardor emasligini bildirdi.

- Klubimiz na Odil Ahmedov, na boshqa o‘yinchilarimiz borasida doping agentligidan hech qanday ma’lumot olgani yo‘q. U yerda keltirilayotgan hujjatlarni aslida biz ko‘rganimiz ham yo‘q. Gap shundaki, futbol klubimiz odatan o‘yin davomida doping nazoratidan o‘tadi. O‘yinchilarimiz kelgan RUSADA mutaxassislariga analizlarni topshiradi va shundan keyin biz ularni yoddan chiqarib yuboramiz. Analizlarda taqiqlangan preparatlar aniqlangandagina u erdan bizga xabar tezda etib keladi. Agarda Odil Ahmedovning qonida Geksarelin yo boshqa modda topilganida u allaqachon futbolchilarimiz safidan chiqarilgan bo‘lardi, bu katta shov-shuvga sabab bo‘lardi, dedi “Krasnodar” klubi rasmiysi.

Ayni paytda, Rossiya sportchilarining doping bilan bog‘liq mojarosi o‘z yakuniga etganicha yo‘q.

Hozirga qadar Rossiya terma jamoasiga kirgan 387 sportchi ichida 100 dan ziyodi Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilgan.

Bu son yanada oshishi mumkin, chunki yaqin kunlarda boshqa apellyatsiyalar bo‘yicha ham qarorlar e’lon qilinadi. O‘yindan chetlatilganlarning aksariyati, aniqrog‘i, 67 nafari yengil atletikachilardir.

HOK Riodagi o‘yinlardan keyin doping iste’mol qilgan sportchilar “qora ro‘yxati” yanada kengayishi mumkinligidan ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG