Линклар

Qozog‘istonlik Vohidjon Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘ldi


Toshkent aeroportida ushlangani aytilgan sayramlik Vohidjon Niyozov

Toshkent aeroportida ushlangani aytilgan sayramlik Vohidjon Niyozov

Janubiy Qozog‘istonning Sayram shahrida yashaydigan 27 yashar Vohidjon Niyozovning 28 iyul tunda Koreyadan qaytarkan, Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda. Yaqinlarining da’vo qilishicha, Vohidjonni O‘zbekiston maxsus xizmatlari diniy motivlardagi gumon bilan ushlagan va noma’lum manzilda saqlamoqda. Niyozovlar oilasi 5 kundan buyon aniq ma’lumot topolmayotganini aytmoqda.

Vohidjon Niyozovning Toshkent aeroportiga kelib tushgani va pasport nazorati bo‘limiga qadar kelganiga guvoh bo‘lgan qozog‘istonliklar bu yigitning tashqi ko‘rinishi va uyali telefonidagi ayrim ma’lumotlar O‘zbekiston maxsus xizmatlari e’tiborini tortganini aytmoqda:

"U bola chiroyli qilib, soqol qo‘yib yurardi. Lekin, o‘zi unaqa har xil oqimlarga a’zo yoki unaqa bola emasdi. Koreyadan uchgan samolyot Toshkentga 28 iyul kuni kechasi qo‘nganidan keyin uni ushlab qolishgan. Soqolini gapirishgan, keyin telefonidan qanaqadir ma’ruza chiqqan, degan gaplarni ham aytishyapti ko‘rganlar. Shu bilan uni alohida xonaga olib kirishgan va Vohidjon u yerdan chiqmagan", dedi ismini oshkor qilishni istamagan sayramlik yigit.

Quyida bu yigit bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Niyozovlar oilasi esa 5 kundan buyon Vohidjondan darak yo‘qligi, uning Toshkent aeroportiga qo‘ngan uchoqdan tushgach, g‘oyib bo‘lganidan boshqa ma’lumot yo‘qligini aytmoqdalar. Ozodlik Vohidjonning otasi Ne’matjon Niyozov bilan bog‘landi, ammo taqdiri noma’lum qolayotgan o‘g‘lining "kelajagidan cho‘chiyotgani" bois, u kishi Ozodlikka intervyu bermasligini aytdi.

Bu oilaga yaqin manbaning aytishicha, Niyozovlar oilasi 29 iyul kuni Toshkent aeroportiga borgan va u yerda ishlaydigan xodimlardan Vohidjonni kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari mashinaga solib olib ketgani haqida javob olgan.

"Stalnoy svetdagi bir mashinaga 5 ta silovik bosib olib ketganini ko‘rganlar bo‘lganlar ekan, ishchilar orasida. Ana o‘shalar o‘g‘lingizni soqoli uchun to‘xtatishgan, keyin so‘roq-savol qilib olib ketishgan ekan. Qaerga ketganini hech kim bilmaydi. "Endi yo militsiyadan, yo MXX qidirasizlar. Borib, zapros bersangiz, topib beradi", degan javob olishgan aeroportdan", dedi Niyozovlar oilasiga yaqin bo‘lgan sayramlik manba.

Ozodlik O‘zbekiston kuch ishlatar tuzilmalari, xususan, Toshkent aeroportidan bu borada biror rasmiy javob olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasidan Vohidjon Niyozovning g‘oyib bo‘lgani yoki ushlangani haqida xabar yo‘qligi, ammo ota-onasi rasman murojaat qilishi bilanoq Niyozov taqdiri bilan shug‘ullanishlari mumkinligi haqida javob olindi.

Elchixonaning o‘zini tanishtirmagan xodimi Niyozovlar oilasini zudlikda konsullik bo‘limiga murojaat qilishga chaqirdi.

"Bizga ariza yozishsin, biz ana shu ariza asosida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llaymiz", dedi muxbir savollariga mikrofonsiz javob bergan elchixona xodimi.

Shuningdek, elchixona xodimi Toshkent aeroportida Qozog‘iston fuqarosining noma’lum sabablar bilan ushlangani va yaqinlariga xabar berilmagan holda ushlab qolingani yoki g‘oyib bo‘lganiga oid xabarni ilk bor eshitayotganini alohida ta’kidladi.

1989 yilda Janubiy Qozog‘istonning Sayram shahrida tug‘ilgan Vohidjon Niyozov oddiy ishchi oilasining farzandidir. Xasta otasi taksichilik qiladi, onasi esa uy bekasi. Vohidjon umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirgach, duradgorlik va ustachilik bilan shug‘ullana boshlagan. So‘nggi paytlarda otasining o‘rniga taksichilik qilayotgan edi.

Yaqinlari uni namozxon, ammo turli radikal yoki taqiqlangan diniy oqimlarga aloqador emas, deb ta’kidlamoqda.

Yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 3 oy muqaddam u Janubiy Koreyaga sayyohlik vizasi bilan ketgan, ammo safardan maqsadi sayyohlik emas, u yerdan ish topish bo‘lgan. Koreyada Vohidjonning sog‘ligi yomonlashgan va uyga qaytishga majbur bo‘lgan.

Bunga qadar Qirg‘iziston va Rossiya fuqarolarining O‘zbekiston chegara postlarida taqiqlangan diniy-ekstremistik mazmundagi elektron ma’lumotlar bilan ushlangani kuzatilgan.

Keyingi paytlarda Toshkent aeroportida dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan o‘zbekistonliklar, asosan, yosh-yosh yigitlarning qo‘lga olinishi tez-tez kuzatilmoqda.

Odatan, mobil telefoni yoki kompyuterida topilgan diniy-radikal mazmundagi ma’lumotlar uchun ushlangani aytilgan yigitlarning bir necha kundan tortib, bir necha oygacha bedarak ketishi, keyinchalik jinoiy ish qo‘zg‘atilgach, oilasiga xabar berilishi kuzatiladi. ​

XS
SM
MD
LG