Линклар

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bu yilgi test sinovlarida¸ Bosh vazir topshirig‘i bilan ayrim oliygohlarda birinchi marta videokameralar joriy qilindi. Kamera o‘rnatgan institutlardan birining Ozodlik gaplashgan mas’uli¸ bu tajriba “juda yaxshi natija bergani” va kelasi yillarda kameralar sonini ko‘paytirish ma’qulligini bildirdi. Ayni paytda¸ Davlat test markazi rasmiysi¸ bunday tashabbusning markazga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

“Jonli videokuzatuv juda yaxshi natija berdi”

Samarqand Arxitektura va qurilish instituti 1 avgust kungi test sinovlari bo‘lib o‘tgan auditoriyalardan faqat bittasiga videokamera o‘rnatdi va abiturientlarning tashqarida qolgan yaqinlariga bu jarayonni jonli tarzda kuzatish imkonini berdi.

Institut qabul komissiyasi vakilining Ozodlikka aytishicha¸ bu tajriba yaxshi qabul qilingan va turli qonunbuzarliklar oldini olishda “juda yaxshi natija bergan”.

“Bosh vazirimiz shunday topshiriq bergan edi shu yil. Birinchi marta bo‘lishi. Har bir institut¸ imkon darajasida¸ xotya bittadan qo‘yinglar¸ dedi. Bu yil biz bitta qo‘yib ko‘rdik¸ juda yaxshi natija berdi. Yanagi yil ko‘paytirish niyatidamiz. Kamera oxirgi bola chiqquncha ishlab turdi. Nazoratchilar qonunbuzarlarni¸ telefon ishlatganlarni akt tuzib¸ chiqarib yubordi¸ hamma ko‘rib turdi. Boshqa institutlar ham bitta-ikkita qo‘ygan bo‘lishi kerak. Lekin men o‘zimiznikini bilaman”¸ dedi Samarqand arxitektura va qurilish instituti mas’uli.

Ushbu institut jamoatchilik uchun taqdim qilgan jonli videokuzatuv jarayonini ko‘rganlardan ayrimlari¸ kamera o‘rnatilgan xonada ochiqchasiga mobil telefon va shpargalka ishlatgan abiturientlarning sinovdan chiqarib yuborilganini savol ostiga oldi.

“Men tomosha qilib turdim. Telefon ishlatganni ham¸ nazoratchining kimgadir yordam berganini ham tashqaridagilar ko‘rib turdi. Lekin sinov oxirigacha bu bolalarni hech kim auditoriyadan chiqargani yo‘q¸ ular ham test topshirib chiqishdi”¸ dedi samarqandliklardan biri.

Ozodlik hozircha na institut rasmiysi va na oddiy kuzatuvchi aytgan baënotni mustaqil tasdiqlash imkoniga ega emas.

Davlat test markazi auditoriyalarga videokamera o‘rnatish istiqboliga ishonmaydi

2 avgust kuni Davlat test markazining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ Bosh vazirning Samarqand arxitektura va qurilish instituti vakili aytgan topshirig‘idan xabari yo‘qligini aytdi.

“Bu gapni birinchi sizdan eshitayapman. Kameralar faqat kirishda bo‘ldi¸ xonalarga qo‘yishga hech kimning imkoniyati yetmaydi. Bilasizmi¸ kechagi test 20 mingta auditoriyada bo‘ldi¸ buncha xonaga kamera qo‘yishning iloji yo‘q. DTMdan bunday tashabbus chiqqani yo‘q¸ inson haqlari degan narsa bor¸ normativ aktlar bor¸ ularda kamera qo‘yilsin¸ degan joyi yo‘q. Bunaqa tashabbusni kim chiqargan bo‘lsa¸ protokollari bilan¸ bayonnomasi bilan aytsin.

Odamlar test bilan bog‘liq hamma narsani Test markazi hal qiladi¸ deb o‘ylaydi. DTM test sinovlarini o‘tkazish uchun auditoriyalarga materiallar yetkazib beradi va qabul qiladi. Tashkillashtirishni Davlat komissiyasi tasdiqlaydi¸ unga boshqa odamlar jalb qilinadi. Auditoriya kuzatuvchilari deydi¸ ularni mahalliy davlat hokimiyati tavsiya qiladi va tayyorlaydi”¸ dedi DTM mutaxassisi.

“Telefon ishlatish bizga 20 ming dollarga tushdi”

1 avgust kuni test sinovlariga kirgan Toshkent Yuridik instituti abiturientlaridan birining yaqinlari 2 avgust kuni Ozodlikka bog‘lanib¸ o‘zlarining kattagina firibgarlik qurboni bo‘lganini bildirishdi.

“Akamning o‘g‘li bu yil Toshkent Yuridik institutiga hujjat topshirdi. Ishonchli odamlar orqali akam institutda ishlaydigan domlalardan biriga chiqti¸ 30 ming dollar so‘radi. 20 minggini testgacha berasiz¸ qolgan 10 mingini kirgandan keyin¸ dedi. 100 foiz garantiya beraman¸ dedi. 20 mingni oborib berishdi¸ hamma aka-ukalar yig‘ib berdik. Pulni olgan odam¸ hammasini tushuntiripti. “Test bo‘ladigan binoga kirganingdan keyin¸ falon joyga borib¸ falon joyda bekitilgan telefonni olasan. Keyin senga X variantni tashlaymiz¸ shuni ko‘chirib chiqasan¸ bo‘ldi”¸ depti. Jiyanim kirib¸ aytilgan joydan telefonni olgan¸ auditoriyaga kirib¸ telefonni ochishi bilan uni bosishipti. Dalolatnoma qilib¸ chiqarib yuborishdi¸ tamom-vassalom. Endi akam u odamdan pulni qaytarib berishni so‘rasa¸ menda ayb yo‘q¸ hammasini qildim¸ o‘g‘ling o‘zi tuzuk ishlata olmagan deb¸ 20 ming dollarni bermoqchi emas. Bu pulning qaytishidan¸ qaytmasligi aniq endi. Bilsak¸ yana besh-oltita bolani xuddi shunday qilib chiqarib yuborishipti¸ ular ham puliga kuygan. Kattagina moshenniklar qo‘liga tushib¸ kuyib o‘tiribmiz endi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan abiturientlardan birining yaqini.

Ozodlikning 1 avgust kungi test sinovlarida telefon va shpargalka bilan qancha abiturient qo‘lga tushganiyu¸ ularga qanday chora ko‘rilgani haqidagi savoliga to‘xtalgan Davlat test markazi rasmiysi¸ avvaliga “telefon va shpargalka degan narsalar auditoriyaga umuman kiritilmaydi” degan gapda qat’iy turishga urindi.

Ammo oddiy o‘zbekistonliklarning bu haqda Ozodlikka yuborgan hikoyalaridan ayrimlarini eshitgach markaz rasmiysi¸ qonunbuzarlikka oid ma’lumot aniqlik talab qilishi va butun respublika bo‘ylab bunday statistikani yig‘ish uchun bir-ikki hafta vaqt kerak bo‘lishini e’tirof etdi.

“Auditoriyadagi xolislikni auditoriya rahbari va kuzatuvchi ta’minlaydi¸ biz emas. Telefon¸ shpargalka va boshqa qonunbuzarlik qilganlarni ular aniqlab¸ dalolatnoma tuzib¸ chiqarib yuboradi. Hozircha kechagi testdan qancha bolaning chiqarib yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q bizda¸ bu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasiga beriladi. Bu komissiya raisi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev bo‘ladi. Aniq raqamlar bizga biror haftada kelishi mumkin. Test natijalari ham Bosh vazir tasdiqlaganidan keyin e’lon qilinadi”¸ dedi Davlat test markazining Ozodlik bilan suhbatda o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

XS
SM
MD
LG