Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:17

Tolibon O‘zbekiston va Tojikiston chegarasi yaqinidagi tumanni bosib oldi


Qala’i Zol
Qala’i Zol

Tarkibida xorijliklar, jumladan o‘zbekistonliklar bo‘lgan Tolibon jangarilari o‘tgan hafta shimoliy Qunduz viloyatining O‘zbekiston va Tojikiston chegarasi yaqinidagi Qal’ai Zol tumanini bosib oldi. Ozodlik suhbatlashgan Afg‘oniston hukumati rasmiylarining e’tirof etishicha, hozirga kelib Kunduz viloyatining aksar tumanlari to‘laligicha Tolibon nazoratiga o‘tgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, aholisi 60 mingdan ziyod bo‘lgan Qal’ai Zol tumanining minglab aholisi o‘z uy joylarini tashlab, viloyat markazi Kunduz shahri va boshqa mintaqalarga ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Tolibon jangarilariga qarshilik ko‘rsatayotgan qo‘mondonlarning ogohlantirishicha, agar Afg‘oniston markaziy hukumati va AQSh etakchiligidagi ittifoqchi kuchlar yirik harbiy amaliyotni yo‘lga qo‘ymasa, jangarilar Amudaryo orqali Tojikiston va O‘zbekistonga chegaradosh hududlarga sizib o‘tishlari mumkin.

Qal’ai Zol tumanidagi arbakiylar (Ozodlik izohi: hukumat saflarida jang qilayotgan ko‘ngilli yarim harbiylar) qo‘mondoni Muhammad Nabi Guchlining aytishicha, toliblar tumandagi 45ta qishloqni to‘laligicha bosib olganlar.

Unga ko‘ra, toliblar orasida o‘zbekistonliklar doxil o‘nlab xorijiy jangarilar bor.

Chechenistonliklar, o‘zbekistonliklar, tojikistonliklar va panjobliklar bor. Ammo, ular Amudaryoni kontrolь qilayotgani yo‘q. Sarhadda chegara qo‘shinlari qo‘mondoni va o‘zim borman (Ozodlik izohi: Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va arbakiylar), dedi Muhammad Nabi Guchli.

Uning aytishicha, O‘zbekiston bilan chegaradosh Kaldor tumani yaqinidagi beshta qishloq – Xalqako‘l, Qulutepa, Bag‘riko‘l, Qishtepa va Bag‘acha hukumat nazorati ostida qolayotir, xolos.

Muhammad Nabi Guchli agar ushbu qishloqlar ham taslim bo‘lsa, jangarilarda Balx viloyati markazi Mazori Sharif va O‘zbekiston sarhadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni paydo bo‘ladi.

Kunduz viloyatidan Afg‘oniston senati kotibi Mavlaviy Abdulloh Qarluqning Ozodlikka aytishicha, Tolibon jangarilari viloyatning aksar tumanlari ustidan to‘liq yoki qisman nazorat o‘rnatgan.

Nafaqat Qal’ai Zol, balki Dashti Arshi tumanidagi katta hududlar, afsuski, muxoliflar tasarrufiga o‘tgan. Hukumat qarshi amaliyotni o‘tkazishga muvaffaq bo‘la olgani yo‘q. Shuningdek Kunduz viloyatida yangi tashkil etilgan uchta tuman - Kalbot, Oqtosh va Gultepa ham Toliblarning qo‘lida. Qiyinchilik shundaki, xavfsizlik kuchlari o‘rtasida hamohanglik yo‘q,” dedi Mavlaviy Abdulloh Qarluq.

Qunduz Afg‘oniston shimolidagi eng notinch viloyatlardan hisoblanadi.

O‘tgan yil kuzida viloyat markazi – Qunduz shahri qisqa muddat Tolibon ishg‘oli ostida qolgandi.

Shu yil aprel oyida ham hukumat qo‘shinlari AQSh kuchlari ko‘magida Tolibon jangarilarining Kunduzga hujumini barataf etdi.

Iyul oyi boshida AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonda 8400 nafar AQSh qo‘shinlari qolishini e’lon qildi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov AQSh boshchiligidagi ittifoqchi kuchlarning chiqarilishi Afg‘onistonda turli guruhlar o‘rtasida qarama-qarshilikning avj olishi va ichki nizolarning kuchayishiga olib kelishi mumkin, deya bir necha bor ogohlantirgan.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi prezident Karimov raisligida mamlakat janubiy chegaralardagi vaziyatni muhokama qilgandi.

Bu haqda xabar qilgan O‘zA axborot agentligiga ko‘ra, Xavfsizlik kengashi majlisida “mamlakatning janubiy sarhadlarida xavfsizlikni ta’minlash, tahdid va xavf-xatarlarni bartaraf etish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etilgan”.

XS
SM
MD
LG