Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:03

Tojik jurnalistlari “yot so‘zlar” bahonasida o‘z faoliyatlari yanada cheklanishidan xavotirda


Tojikiston Til va atama qo‘mitasi rahbari Gavhar Sharofzoda.
Tojikiston Til va atama qo‘mitasi rahbari Gavhar Sharofzoda.

Tojikistonda so‘z erkinligi cheklanganidan shikoyat qilgan tojik jurnalistlari endilikda Til va atama qo‘mitasining ommaviy axborot vositalarida yot so‘zlarni ishlatmaslikka oid ogohlantiruvidan tashvishga tushib qoldilar. Ular matbuotda tojik tili me’yorlarini buzganlik uchun jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror jurnalistlar faoliyatini yanada ko‘proq cheklaydi, degan fikrdalar.

Tojikiston Til va atama qo‘mitasi rahbariyati o‘z ijodi bilan tojik tilini buzayotgan jurnalistlarni bundan buyon javobgarlikka tortajagini e’lon qildi. Qo‘mita endilikda ommaviy axborot vositalarida so‘zlarning to‘g‘ri ishlatilayotgani bo‘yicha maxsus tekshiruv olib borish niyatida.

Til va atama qo‘mitasi rais o‘rinbosari Saodatsho Matrobiyonga ko‘ra, jarima joriy qilish jurnalistlarni tushunarsiz so‘zlarni qo‘llashdan tiyish yo‘lidagi so‘nggi choradir.

- Bungacha biz bir necha marta suhbatlar o‘tkazganmiz, xatlar yozganmiz. Ammo jurnalistlar hamon to‘mtoq tilda yozishda davom etayotganini ko‘rib turibmiz, - deydi Saodatsho Matrobiyon.

Tojikiston Til va atama qo‘mitasi rais o‘rinbosari Saodatsho Matrobiyon.
Tojikiston Til va atama qo‘mitasi rais o‘rinbosari Saodatsho Matrobiyon.

Til qo‘mitasi mas’uli tojik tili me’yorlari deganda arab kalimalari aralashmagan adabiy jumlalarni ishlatishni nazarda tutayotganini aytdi. Matrobiyonga ko‘ra, “oddiy xalq” bu jumlalarni o‘qiyotganda ularni anglashga qiynalmasligi kerak.

Tojikiston Davlat atama qo‘mitasi boshlig‘i Gavhar Sharofzoda 2 avgust kuni Ozodlikka til me’yorlarini buzgan jurnalistlar bundan buyon 120 AQSh dollaridan 160 AQSh dollarigacha, shirkatlar esa 240 AQSh dollaridan 320 AQSh dollarigacha miqdorda jarimaga tortilishi haqida bildirgandi.

Bu orada tahlilchilar tojik tili me’yorlari bo‘yicha hozirda aniq-tiniq qoidaning o‘zi yo‘qligini qayd etib, bunday vaziyatda manfaatdor tomonlar vazifasini suiiste’mol qilishi mumkinligi yuzasidan xavotir izhor qilmoqdalar.

Tojikiston Mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi raisi Nuriddin Qarshiboev so‘nggi yillarda tojik tili qoidalariga bir necha bor o‘zgartishlar kiritilgani va ulardan ko‘pchilikning hali xabari yo‘qligini aytadi. Qarshiboev fikricha, Til va atama qo‘mitasining vazifasi jurnalistlarni jarimaga tortish emas, balki tojik tili me’yorlarini mustahkamlashdan iboratdir.

Nuriddin Qarshiboev.
Nuriddin Qarshiboev.

- Ommaviy axborot vositalarida tojik tili me’yorlariga rioya qilinishini tekshirish ishi bir necha kishigagina topshirib qo‘yilishi to‘g‘ri emas. Boz ustiga, bu odamlarning o‘zlari tojik tilini yaxshi bilishi hali isbotlangani yo‘q, - deydi Nuriddin Qarshiboev.

Tojikistonlik jurnalist Sayfi Safar Til va atama qo‘mitasi o‘ylab topgan yangi tartib so‘z erkinligini yanada cheklashdan boshqa narsa emas, degan fikrda. U texnologiyalar asrida tojik tili “salom-alik” darajasidan chiqib, ko‘lamliroq aloqa vositasiga aylanishi lozim, deb hisoblaydi. Jurnalist qo‘mitaning so‘nggi qarorini qudratli tojik tilini mazkur muassasa yo‘laklariga qamashga urinish o‘laroq baholaydi.

- Til va atama qo‘mitasi raisi “begona” deb hisoblagan so‘zlar tilimizga mutlaqo yot emas, ular bizniki. Boz ustiga, dunyo tillari tajribasi tilning tirik organizm ekani va vaqti-vaqti bilan boshqa tillardan atamalar o‘zlashtirishi mumkinligini ko‘rsatib turibdi. Bu so‘z va atamalar qabul qiluvchi til ruhi va talablariga muvofiqdir va ular endilikda yot so‘z bo‘lib hisoblanmaydi, - deydi Sayfi Safar.

Jurnalist Sayfi Safar.
Jurnalist Sayfi Safar.

Tojik jurnalisti yot so‘zlar taftish qilinadigan bo‘lsa, “sud” va “prokuratura” kabi so‘zlar tojik tili uchun mutlaqo begona ekani, shunga qaramay, bunaqa so‘zlar har qadamda uchrashiga e’tibor qaratadi va bu so‘zlarga muqobil “dodgoh” va “dodsitoni” so‘zlarini qo‘llashni taklif qiladi.

Ommaviy axborot vositalari tilini tushunish qiyinlashib borayotganiga oid bahslar ko‘p yillardan beri davom etmoqda va jurnalistlar asosan arab kalimalarini juda ko‘p ishlatayotganlikda ayblanib kelmoqda.

O‘tgan yili Til va atama qo‘mitasi rahbari Gavhar Sharofzoda bir necha nashr tili yuzasidan norozilik bildirib, ularni ogohlantirgan. Ayni paytda tojikistonlik olimlar tojik tiliga davlat maqomi berilganidan buyon oradan 26 yil o‘tganiga qaramay, bu tilning belgilangan qonun-qoidalari mavjud emasligi va ko‘p odam o‘z fikrini ifodalashda muammolarga duch kelishini urg‘ulaydilar.

Fors tili lug‘atida bir necha yuz ming so‘z bo‘lganiga qaramay, faol qo‘llaniladigan so‘zlar doirasining torligi tufayli til egalarining ko‘pi o‘z nutqida o‘ta jo‘n jumlalardan foydalanish bilan kifoyalanadi.

Ozodlikning tojik xizmati suhbatlashgan tahlilchilar Til va atama qo‘mitasi rahbariyati jarima joriy qilish o‘rniga til bilish darajasini yaxshilash uchun aholi orasida mutolaani tashviq qilsa yoki yo‘q deganda, tojik tiliga yot bo‘lgan so‘z va atamalar ro‘yxatini aniqlab bersa, yaxshiroq bo‘lardi, deya mulohaza bildirganlar. Boshqa tomondan ekspertlar Til va atama qo‘mitasining bu qarorini “zarur bo‘lgan vaziyatda” ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazishning qo‘shimcha usuli, deb hisoblaydilar.

Tojikistonda rasmiylarning jamiyatni "yot unsurlardan tozalash" harakati ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Shu yilning o‘zida Dushanbe tomonidan joriy etilmish chaqaloqlarga hayvon yoki uy anjomlari nomini berish, ularga arabcha va quloqqa yot eshitiladigan xorijiy ismlar qo‘yish yoki ruscha uslubdagi familiya berishga oid taqiqlar shular jumlasidandir.

XS
SM
MD
LG