Линклар

logo-print

Qochmoqchi bo‘lgan muhojir Qozon politsiyasi binosining 3- qavatidan qulab tushdi


Tataristonda o‘zbek muhojirlari ko‘pchilikni tashkil etadi

Tataristonda o‘zbek muhojirlari ko‘pchilikni tashkil etadi

Mehnat muhojiri Tatariston poytaxtining G‘aliasqar Kamol ko‘chasidagi politsiya binosining 3- qavatidan qulab tushdi. Voqea videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Qozon politsiyasi shaharda nolegal xorijliklarni “ovlashni” davom ettirmoqda.

“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan videokadrlarda binoning uchinchi qavatidan qulayotgan odam tasvirlangan. Devorning turtib chiqqan joylaridan ushlab tushayotgan qochoq birdan qulaydi. Asfaltga qulab tushgan yalangoyoq yigit avvaliga turishga urinib ko‘radi, lekin voqea joyiga yugurib borgan guvohlar unga qimirlamaslikni tavsiya qiladi.

Jarohatlari og‘irligini tushungan migrant asfaltga yotib oladi.

Qozon shahridagi 7- shifoxonaga olib ketilgan muhojirning qo‘li singani, bosh miyasi chayqalgani aniqlandi. Politsiya na ismi, na vatandoshligi ochiqlangan migrantning deportatsiya qilinishini ma’lum qildi.

Derazadan qulagan mehnat muhojirini politsiya Kul Gali ko‘chasidagi qurilish ob’ektlaridan birida qo‘lga olgani ma’lum bo‘ldi.

Iyul boshidan buyon Tatariston poytaxti politsiyasi noqonuniy mehnat qilayotgan muhojirlarni aniqlash bo‘yicha maxsus reydlar o‘tkazmoqda. Mahalliy politsiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Qozonda o‘tgan oyning ikkinchi yarmida 39 nafar migrant qo‘lga tushirilgan, ulardan 4 nafari sud qarori bilan Rossiyadan deportatsiya qilingan.

- Rossiya Federatsiyasida yashash qoidalarini buzgan 27 migrantning ma’muriy jarimaga tortilishi to‘g‘risida sud qarori chiqarildi, deyiladi Tatariston Ichki ishlar vazirligi xabarnomasida.

Tataristondan deportatsiya qilinayotgan muhojirlarning aksar qismini O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari tashkil etmoqda.

Tarqatib yuborilgan Federal migratsiya xizmati vakolatlari zimmasiga yuklatilgan politsiya Qozondagi avtotexmarkazlar, savdo majmualari, kafe, oshxona va restoranlarni ko‘zdan kechirmoqda.

Tekshiruvlarga politsiyadan tashqari, FSB xodimlari jalb qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG