Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:17

AQSh: Markaziy Osiyo kelajagi integratsiyada


3-avgust kuni Vashingtonda Markaziy Osiyoning besh respublikasi hamda AQSh tashqi ishlar vazirlari muloqot qiladi. C5+1 deb nomlangan dialog o’tgan yili Samarqandda boshlangan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning kuzida mintaqaga safar qilib, prezidentlar va vazirlar bilan gaplashgan. Kerri o’shanda xavfsizlik, iqtisod, inson huquqlari va islohotlar qatorida mintaqaviy birdamlik, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo orasidagi rishtalarni kuchaytirish yuzasidan mintaqa rahbarlari bilan fikr almashgan edi.

Amerikaning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Den Rozenblumning (Daniel Rosenblum) bayon qilishicha, 3-avgustdagi uchrashuvda asosiy e'tibor mintaqaviy integratsiyada bo’ladi. Maslahatlashuv ketidan besh regional loyiha e’lon qilinishi kutilmoqda: savdo, transport, ekologiya va iqlim, madaniy hamkorlik hamda islohotlarni targ’ib qiluvchi dasturlar.

Loyihalarni amalga oshirish avvalo mamlakatlarning o’ziga bog’liq, deydi Rozenblum. AQSh yordam beradi lekin iqtisodiy va boshqa sohalardagi birdamlik Markaziy Osiyo rahbarlari va ahlining irodasiga borib taqaladi.

Markaziy Osiyo eng tarqoq mintaqalaridan biri. Chegara osha aloqa, transport, savdo va boshqa muhim yo'nalishlarda hamkorlik sust. Vashington mintaqani Janubiy Osiyo davlatlari bilan ham yaqindan ishlashga undab keladi. Lekin Afg’oniston beqaror ekan, imkoniyatlar cheklangan.

Xitoy mintaqaga milliardlab dollar sarmoya kiritib, o'z ta’sirini oshirish payida. Amerika bundan xavotirda emas, deydi Rozenblum. Mintaqa uchun Xitoydek yirik mamlakat bilan sheriklik o'ta muhim, qolaversa kim bilan qanday aloqa qilishni Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi belgilaydi, deydi diplomat.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti rolini Amerika qanday baholaydi? AQSh bu blokka kirishga yoki kuzatuvchi maqomini olishga hech intilganmi?

Intilmagan, deya javob qiladi Rozenblum “Amerika Ovozi” bilan telefon orqali so’zlashar ekan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Vashington nazarida, hamon o’z yo’lini topishga intilayotgan yosh blok. AQSh uning faoliyatiga va kelajakda kengayishi mumkinligiga befarq emas, lekin unga tahdid manbai sifatida qaramaydi, deydi diplomat.

Mintaqada integratsiyaga nisbatan salbiy qaraydiganlar, shuningdek, amaldagi rahbarlar davrida real birdamlikka erishish mumkin emas, deya fikrlaydiganlar ko’p. Bunday qarash xalqaro hamjamiyatda ham keng tarqalgan. Amerika nima uchun bu masalaga bu qadar ko’p urg’u bermoqda?

Markaziy Osiyo istiqboli integratsiyada, deydi Rozenblum. Amerika har bir davlat mustaqilligini qo’llab-quvvatlaydi, lekin qo’shnilar bir-biri bilan yaqindan aloqa o’rnatmas ekan, savdo-sotiq va transport yuzasidan hamkorlik kengaymas ekan, taraqqiy etish juda qiyin. Integratsiyaga intilmasdan iloj yo’q, deydi diplomat, bu - yagona yo’l.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari bilan bog’liq holat og’ir ekani sir emas, deydi Rozenblum, Vashington adolat va qonun ustuvorligi tarafdori. Bu borada AQSh o’z pozitsiyasini qayd etishdan to’xtamaydi va yaqinlashayotgan muzokaralarda bu haqda albatta gaplashiladi, deydi u.

Kelasi yil boshiga borib AQShda yangi prezident ishga tushadi. Rozenblum deydiki, bu mintaqaga nisbatan siyosat tubdan yangilanadi, degani emas. Bill Klinton, Jorj Bush va Barak Obama davrida yuqori diplomatik lavozimlarda ishlagan Rozenblumning ishonchi komilki, AQSh Markaziy Osiyoni mintaqaviy birdamlikka undashdan to’xtamaydi.

Rossiya va Xitoy mintaqa uchun yaqindagi yirik hamkorlar bo’lib qoladi va region bundan manfaatdor, deya tan oladi Rozenblum. Qo’shma Shtatlar esa o’ziga xos do’st va sherik sifatida o’z o’rnini boy bermaydi, deydi u. Mintaqada va qo’shni Afg’onistonda vaziyatni Rossiya ba’zida haddan tashqari salbiy tarzda ko’radi. Vashington muammolar ildizi chuqur ekanini tushunadi lekin bugungi holat u qadar yomon emas, deydi Rozenblum. Afg’oniston, masalan, qo’shni davlatlar bilan yaqindan ishlashga qodir va buni chin dildan istab kelayotgan davlat, deya ta’riflaydi rasmiy.

AQSh Markaziy Osiyoga sarmoyani oshiradimi degan savolga Rozenblum “investitsya xususiy sektordan keladi, hukumatdan emas” deya javob qiladi. Amerika Qozog’istonda keng yirik sarmoyaga ega, ya’ni neft kompaniyalari bu respublika qora oltinini qazib, jahon bozoriga chiqaradi.

Amerika Ovozi, Navbahor Imomova maqolasi

XS
SM
MD
LG