Линклар

logo-print

Qo‘qondagi qadimiy Madrasai Mir jome masjidi yopildi


Qo‘qondagi Madrasai Mir jome masjidi qurib bitkazilganiga bu yil 218 yil to‘ldi.

Qo‘qondagi Madrasai Mir jome masjidi qurib bitkazilganiga bu yil 218 yil to‘ldi.

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi qadimiy Madrasai Mir jome masjidi yopildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, remont bahonasida yopilgan masjid va uning qoshidagi Norbo‘tabiy tarixiy madrasasi muzeyga aylantiriladi va shu bilan qariyb 220 yillik tarixga ega bo‘lgan masjid faoliyatiga nuqta qo‘yiladi. Ammo, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rasmiylari masjid gumbazi namozxonlar ustiga tushib ketish xavfi paydo bo‘lgani sababli, masjid vaqtincha ta’mir uchun yopilganini aytmoqdalar.

Qo‘qon shahridagi Madrasai Mir jome masjidi namozxonlar uchun eshiklarini yopganiga uch hafta bo‘ldi.

Masjidning darvozasida “masjidga kirish taqiqlanadi” degan yozuv paydo bo‘ldi.

Namozxonlarning asosiy qismi bir chaqirim uzoqlikdagi “Degrezi” masjidiga borib juma namozini o‘qimoqda.

Bu haqda Ozodlika xabar bergan qo‘qonlik namozxonga ko‘ra, u ta’mir bahonasida yopilgan masjidning boshqa ochilmasligi haqida masjid xodimlaridan eshitgan:

“Masjiddagi mulozimlardan birini taniyman. Uning aytishicha, shu bilan bu masjid qayta ochilmas ekan. Masjid ham, uning qoshidagi Norbo‘tabiy madrasasi ham muzeyga aylantirilar ekan. Shu paytgacha bu yerda besh mahal, juma, hayit namozlari o‘qib kelingan. Yaqin atrofda yashaydigan musulmonlar masjidning qayta ochilmasligidan tashvishga tushmoqdalar”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan qo‘qonlik namozxonlardan biri.

Uning aytishicha, hozir namozxonlarga masjid ichiga kirishga ruxsat berilmayapti.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurning Ozodlikka aytishicha, masjid yopilishiga uning gumbazini qulab tushish xavfi paydo bo‘lgani sabab bo‘lgan:

- Shu jome masjid mustaqillikdan oldin, sovetlar davrida ham ishlardi. O‘shanda ham besh mahal va juma, hayit namozlari o‘qilgan. Bu Qo‘qonning eng qadimiy va eng katta jome masjidlaridan biri hisoblanadi. Yopilishining sababi esa mana bunday. Bir-ikki yil oldin bu masjidda juda katta qayta qurish bo‘lib, tepasiga yangi katta gumbaz o‘rnatilgan edi. Afsus, uning hisob-kitobini yaxshi olib qurishmagan ekan. Bugungi kunga kelib, o‘sha katta gumbaz og‘irlik qilib, pastga qulab tushish xavfi tug‘ilibdi. Shuning uchun, masjid vaqtincha yopilgan va o‘sha gumbaz ochilib, boshqatdan xavfsiz qilib quriladi. Masjidni muzeyga aylantirish rejasi ham yo‘q ekan, dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Madrasai Mir jome masjidi tarixi.

Madrasai Mir jome masjidining tarixi Norbo‘tabiy madrasasining qurilishi bilan bog‘liq.

Norbo‘tabiy (1763 — 1798) Qo‘qon xonligining beshinchi xoni bo‘lib. U uchinchi xon Abdukarimbiyning(1733 — 1750) nabirasidir.

Norbo‘tabiy Qo‘qonga xon bo‘lganidan so‘ng bu madrasani qurdirishni boshlagan va u 1798 yilda to‘la qurib bitkazilgan. Madrasa to‘rtburchakli hovli shaklida xom g‘ishtdan qurilgan tarixiy yodgorlikdir.

Mustaqillikdan so‘ng bu masjidda vahhobiylik diniy oqimiga mansub shaxslar ko‘plab hibsga olingani bois, bir muddat masjid faoliyati to‘xtatilgan edi.

Masjidning yonida qabriston va kichkina bozor bor. Bu joyning nomi Yangi Chorsu deyiladi.

XS
SM
MD
LG