Линклар

29 iyul kuni Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyat boshqarmasi tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida Samarqand Arxitektura-qurilish instituti 32 yashar o‘qituvchisi poraxo‘rlik aybi bilan hibsga olindi.

Bu haqda “Ozodlik”ka ma’lum qilgan institut xodimiga ko‘ra, o‘qituvchi (Ozodlikka uning ismi ma’lum, lekin aybsizlik prezumptsiyasiga ko‘ra, ism-familiya oshkor qilinmaydi) oliygohning "Qishloq hududlarini arxitektura - loyixaviy tashkil etish" bo‘limiga kirish uchun hujjat topshirgan abiturientlardan birining ota-onasidan 4500 AQSh dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga tushgan.

Samarqand viloyat prokuraturasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha¸ o‘qituvchi pora talab qilgan kishi MXX ga ariza yozganidan keyin amaliët boshlangan:

- O‘qituvchi Ishtihon tumanidan. Joriy yilning 13 iyuligacha Samarqand Arxitektura-qurilish institutida ilmiy kotib bo‘lib ishlagan. 13 iyul kuni 99- modda bo‘yicha o‘z hohishi bilan ilmiy kotiblik lavozimidan bo‘shatilgan, ammo institutda yarim stavka o‘qituvchi qilib qoldirilgan. Lavozimidan bo‘shagan bo‘lishiga qaramasdan bir abiturientning ota-onasiga men ilmiy kotibman, deb aytib ishonchiga kirgan holda pora so‘ragan. 29 iyul kuni maxsus ishlov berilgan kupyurani olayotgan paytda qo‘lga olindi¸ deydi manba.

Uning yana aytishicha hodisa yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchini hibsda saqlash bo‘yicha sudning sanksiyasi olingan.

Ozodlik tasarrufidagi video tasvirlarda Samarqand Arxitektura-qurilish institutiga kirish imtihonlaridagi hiylagarliklar aks etgan.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra¸ joriy yildagi qabul mavsumi paytida Samarqand viloyatidagi oliygohlari respublika MXX maxsus guruhining jiddiy nazoratiga tushgan.

Shu yilning 27 iyul kuni Samarqand Davlat Tibbiyot institutining Axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i poraxo‘rlik aybi bilan hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG