Линклар

Toshkent shahri ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishini qayd qiluvchi foto va videokameralar shu oy oxiridan ishga tushiriladi. Toshkent shahri Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hozir kuzatuv kameralari so‘nggi sinovdan o‘tkazilayotgani va sinov jarayonida kompyuter tizimi ayrim haydovchilarga tezlik yoki boshqa qoidabuzarlik uchun jarima pattalarini jo‘natgan bo‘lishi va bunday pattalar yuridik kuchga egaligini aytdi.

Toshkent shahri ko‘chalarida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari avtomobilning tezligi, qizil chiroqda o‘tishi va boshqa qoidabuzarliklarini qayd qilib boradi.

Toshkent shahri Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimiga ko‘ra, kameralar hozir sinovdan o‘tkazilmoqda.

“Shaharning 123ta joyida Shveysariyada ishlab chiqarilgan kameralar o‘rnatilgan. Hozir sinovdan o‘tkazyapmiz. Kameralar ishga tushganidan so‘ng kimdir tezlikni oshirsa yoki boshqa ishkal qilsa shu kameralar qayd qilib boradi. Kamera qayd qilgan ma’lumot asosida kompьyuterlashgan tizim orqali qoidani buzgan mashina egasiga qoidabuzarlikni tasdiqlovchi fotosurat va jarima pattasi yuboriladi. Agar rulda mashinani egasi emas, boshqa haydovchi o‘tirgan bo‘lsa, jazo shu haydovchiga qayta rasmiylashtiriladi”, - dedi Toshkent shahar YHXB mulozimi.

Ayni payta Facebook tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" guruhining ayrim foydalanuvchilari Toshkentda kuzatuv kameralari allaqachon ishga tushgani va tezlikni oshirgani uchun jarima pattalarini olganliklarini aytishmoqda.


Facebook ning Ravshan Qodirov ismli foydalanuvchisi tezlik uchun kelgan jarima pattasi nusxasini "Voditeli Tashkenta" guruhida e’lon qildi.

Toshkentda kuzatuv kameralari allaqachon ishga tushgani va tezlikni oshirgani uchun ayrim haydovchilar jarima pattalarini olgan.

Toshkentda kuzatuv kameralari allaqachon ishga tushgani va tezlikni oshirgani uchun ayrim haydovchilar jarima pattalarini olgan.

Toshkent shahri Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi kuzatuv kameralarini sinab ko‘rish jarayonida kompyuter tizimi ayrim haydovchilarga tezlik yoki boshqa qoidabuzarlik uchun jarima pattalarini jo‘natgan bo‘lishi va shunday pattalarni olgan haydovchilar jarimaga tortilishini aytdi.

Toshkent ko‘chalarida kuzatuv kameralarining ishga tushirilayotgani ayni paytda Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Facebook tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" guruhi qatnashchilarining ayrimlari kuzatuv kameralarining ishga tushirilishi nafaqat yo‘l harakati qoidabuzarliklari, balki korrupsiya holatlari, poraxo‘rlikni kamaytiradi, deyishsa, boshqalari korrupsiyani kamaytirishi uchun aholisi uch million kishilik Toshkentda 120 ta kameraning o‘rnatilishi kifoya emasligini ta’kidlashmoqda.

“Yo‘llarda DAN xodimlarini kameralarga almashtirish, to‘g‘ri, bu yo‘llardagi poraxo‘rlikni ham kamaytiradi, lekin buning uchun 120 ta kamera yetarlimi ekan?, - deydi Facebook tarmog‘ining Jasur ismli foydalanuvchisi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Linda Soy ismli foydalanuvchisi esa ko‘chalarda kameralar o‘rnatish bilan poraxo‘rlikni kamaytirib bo‘lmasligi haqda yozdi.

“Haydovchilar porani DAN xodimiga bergan bo‘lsalar, endi shu kameralarni boshqarib o‘tirgan dispetcher amakiga berishadi-da. Pora bilan qoidabuzarliklarni kompyuter xotirasidan o‘chirishlar ko‘paysa kerak, endi”, - deya izoh qoldirdi Linda Tsoy.

Lekin, O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda, qolaversa Yevropa davlatlaridagi tajriba kuzatuv kameralari qoidabuzarlik va korrupsiyaning kamayishiga xissa qo‘shganini ko‘rsatmoqda.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida haydovchilar yo‘llarda kameralar paydo bo‘lganidan keyin yo‘l harakati tartibga kelib qolgani, korrupsiya ham kamayganini aytdi Ozodlik bilan suhbatda Qozog‘iston Davlat Yo‘l harakati inspeksiyasi matbuot xizmati xodimi Erlan Jonuzaqov.

"Hech bo‘lmaganda haydovchilar, kamera o‘rnatilgan chorrahalarda qoidani buzmaslikka harakat qilishadi. Bizda kameralar o‘rnatilganidan so‘ng yo‘l harakati ancha maromiga tushdi, ko‘chalarda qoidabuzarlik ikki baravar kamaydi", - deydi Jonuzoqov.

Chexiya poytaxti Praga shahrida esa yo‘llarni ikki mingdan ortiq kamera kuzatadi.

"Aktualne.CZ" nashriga ko‘ra, Chexiya poytaxtida 2007 yildan buyon kuzatuv kameralari sabab tezlikni oshiruvchilar 56 foizga, tezlik bilan bog‘liq avariyalar 70 foizga kamaygan.

Bugungi kunda Pragada yo‘l harakati qoida buzarlarliklarining sakson foizini kameralar qayd qiladi.

XS
SM
MD
LG