Линклар

3 avgustda Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyodagi besh davlat - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashadi. "S5+1" nomini olgan ushbu uchrashuv guruhning o‘tgan yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ini ortidan o‘tkazilmoqda.

Afg‘onistondagi ishtiroki ozayishi barobarida Qo‘shma Shtatlar O‘rta Osiyo bilan oxirgi 15 yilda bo‘lgan aloqalarini qayta qurishga urinmoqda.

Markaziy Osiyo xavfsizligi Vashington tashqi siyosatining eng muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.

Vashington Markaziy Osiyo bilan yangi savdo yo‘llarini ochishga umid qilmoqda.

Bu ish, agar Markaziy Osiyoning qo‘shnisi - Xitoy oxirgi o‘n yil davomida mintaqa iqtisodiyotida yetakchi rol o‘ynayotgani inobatga olinsa, oson vazifa emas.

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo hukumatlaridan inson huquqlariga hurmat ko‘rsatish, demokratik institutlarni yaratish va rivojlantirish bo‘yicha ishonchli va amaliy qadamlarni tashlashni talab qilishi kutilmoqda.

Vashington Markaziy Osiyo hukumatlarini demokratik islohotlarga 1990- yillar boshidan faol chaqirib keladi, ammo 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin uning asosiy diqqat e’tibori qo‘shni Afg‘onistonda terrorizmga qarshi kurashga qaratildi.

Ba’zi tanqidchilarning aytishicha, AQSh siyosatidagi bu o‘zgarish mintaqa hukumatlari va ko‘plab odamlari orasida salbiy qarshi olindi va mintaqaning Qo‘shma Shtatlar haqidagi ko‘zqarashlarini o‘zgartirib yubordi.

Kerri besh tashqi ishlar vazirini mintaqaviy integratsiya va hamkorlikka tashviq etishi kutilayotgan esa-da, Markaziy Osiyoda mutlaqo boshqa voqelik hukmron.

Besh mamlakat 1991 yil oxirida Sovet Ittifoqi parchalanib, mustaqillikka erishganidan buyon bir-biridan tobora uzoqlashib bormoqda.

Bu Vashington o‘z munosabatlarida har bir mamlakat bilan alohida-alohida aloqa o‘rnatish yo‘lini tanlashi mumkinligini anglatadi.

G‘arb hukumatlari, jumladan Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda demokratiyaning ildiz otishida haliyam Qirg‘izistonga umid qilmoqda.

Qirg‘izistonda kelgusi yil prezident saylovi bo‘lib o‘tadi va joriy prezident Almazbek Atambaev konstitutsiyaga sodiq qolib, iste’fo berishini takror va takror aytgan.

Vashington barcha Markaziy Osiyo davlatlaridan hokimiyatning tinch yo‘llar bilan almashinuvi va prezidentlik muddatiga qat’iy rioya qilinishini istaydi.

Shunday ekan, AQSh rasmiylarining Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev bilan uzoq muloqot o‘tkazish ehtimoli yuqoridir.

Kun tartibiga 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik janjallar to‘lqinida bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan o‘zbek huquqboni va jurnalisti faoli Azimjon Asqarov ishi ham kiritilishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar uning qamalishini tanqid qilgan va AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Asqarovga Inson Huquqlari sohasidagi o‘z mukofotini bergandi. Bu e’tirof ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni darhol sovuqlashtirib yubordi va Bishkek Qo‘shma Shtatlar bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisov bilan bo‘lajak uchrashuvda e’tibor iqtisodiy aloqalarga qaratilishi mumkin. Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiyasi - Chevron kompaniyasining Qozog‘istondagi yirik Tengiz neft havzasini o‘zlashtirishga qo‘shilganidir. Qozog‘iston g‘arbidagi Tengiz Chevroil loyihasi AQSh bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi 20 yillik hamkorlik asosini tashkil etadi.

Biroq, oxirgi yillarda Qozog‘istondagi demokratik islohot orqaga ketdi.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev bir umrga prezident bo‘lib qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirdi. Shu yil boshida muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga birorta ham haqqoniy muxolifat partiyasi kiritilmadi va prezidentga sodiq parlament qayta qurildi.

Iyul oyi boshida 76 yoshga to‘lgan Nazarboevning aniq bir vorisi yo‘q. Shuningdek, Qozog‘istonda ommaga o‘zi istagan prezidentni saylashga imkon beradigan aniq bir tizim yo‘q.

Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan bo‘lajak alohida-alohida uchrashuvlarda ham ayni mavzuga e’tibor qaratilishi mumkin.

Uchchala davlatda ham kuchli prezidentlik va repressiv siyosiy tuzumlar shakllangan.

Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan bo‘lajak uchrashuvlarda xavfsizlik eng asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi mumkin.

Bu mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Qo‘shma Shtatlardan Afg‘onistondan butunlay chiqib ketmaslik kafolatini olishni istayotganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Vashington ancha paytdan buyon uchchala mamlakat bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha maslahat uchrashuvlari o‘tkazib, ularga harbiy yordam berib keladi. Xususan, O‘zbekiston 2005 yil boshida Afg‘oniston bilan sarhadlarini qo‘rish uchun 300dan ziyod mina va pistirmalarga bardosh bera oladigan avtomobillar olgandi.

Vashington rasmiylari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan aftidan AQSh-O‘zbekiston qo‘shma avtomobil korxonasi - GM Uzbekistan kelajagini muhokama qilishlari mumkin.

Qo‘shma korxona O‘zbekistondagi GM avtozavodida millionlab dollar mablag‘ o‘marilgani ortidan janjal markazida qoldi. Zavod rahbarlari hozir qamoqda va sudga ro‘baro‘ bo‘lmoqdaki, bu hodisa AQSh shirkatlarining O‘zbekistonga sarmoya kiritish ishtiyoqini susaytirib yuboradi.

Bundan tashqari AQSh rasmiylari tomonidan muzlatib qo‘yilgan O‘zbekistonning 800 million dollarlik mulki taqdiri ham ochiq qolayotir. Toshkent bu pullarni qaytarib olishga urinmoqda.

Muzlatilgan millionlar prezident Islom Karimovning to‘ng‘iq qizi Gulnora Karimovaga aloqador.

Qator Yevropa mamlakatlarida pulni yuvish bilan bog‘liq janjallari jamoatchilikka oshkor bo‘lishi ortidan Karimova O‘zbekistonda uy qamog‘iga olingan.

Rossiya Markaziy Osiyodagi xavfsizlik kafili, Xitoy esa etakchi iqtisodiy qudrat ekan, Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik va savdoni o‘z ichiga olgan rolni egallashga va nomi zikr etilgan ikki mamlakat bera olmaydigan hal qiluvchi bir narsani berishga urinmoqda.

Bryus Pannier

XS
SM
MD
LG