Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:44

Bombalardan qochgan Jabhat an-Nusra Al-Qoydadan ajralganini e’lon qildi


Suriyadagi "Jabhat an-Nusra" guruhi "Al-Qoyda" terror tarmog‘idan ajralgani, nomidan voz kechib, yangi "Jabhat Fath al-Shom" nomi ostida harakatlanishini bildirdi. "Al-Qoyda" qanotlari ostida tug‘ilgan guruh endi Suriyada prezident Asad rejimiga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarni birlashtirishini da’vo qilmoqda. Terrorchi guruh ayni harakati bilan aslida Rossiya hamda AQSh bombalaridan qochishni ko‘zlayotgani aytilmoqda.

"Bu aslida piar-kampaniya"

"Al-Qoyda" terror tarmog‘iga aloqador guruhlar va "Islomiy davlat" jangari guruhi G‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasida borayotgan Suriyada tinchlik o‘rnatish muzokaralariga kiritilmayotir.

Ayni paytda, Rossiya va AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari har ikki terror guruhiga aloqador manzillarni havodan bombalamoqda.

28 iyul kuni Al-Jazeera telekanali orqali chiqish qilgan "Jabhat an- Nusra" yetakchisi Abu Muhammad al-Jolaniy nomi o‘zgartirilgan yangi guruhning "hech bir xorijiy tashkilotlar bilan aloqasi yo‘q"ligini da’vo qildi. Ammo, asosiy maqsadi hanuz Islom qoidalariga tayangan xalifalikni qurish ekanini ta’kidladi. "Al-Qoyda" liderlari ham bu harakat "Islom manfaatini ko‘zlab" amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqda.

Biroq, G‘arb davlatlari, xususan, AQSh rasmiylari bu bayonotda qilingan iddaolarga shubha bilan qaramoqdalar. AQSh Milliy razvedka agentligi rahbari Jeyms Klepper bu harakatni "piar kampaniya" deb baholadi.

"Ular aslida ham "Al-Qoyda"dan ajralib chiqdimi yoki yo‘qmi - hali bunga amin bo‘lishimiz kerak", dedi Klepper.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi ham: "Hozir ularning harakati yoki maqsadlari o‘zgarganiga ishonch hosil qilish uchun biror sabab ko‘rmayapmiz. Ular hanuz xorijiy terror tashkiloti hisoblanadi", deya munosabat bildirdi.

"Nusra o‘ldi va yanada xavfliroq bo‘ldi"

Ayrim g‘arblik tahlilchilar ham "Jabhat an-Nusra" guruhining bu harakatini hiyla sifatida baholamoqdalar.

Jumladan, Foreign Policu nashri "Bu - AQShga qo‘yilgan bir tuzoq", degan xulosaga kelgan Yaqin Sharq va Suriyadagi vaziyat bo‘yicha tadqiqotchi Charlz Listerning maqolasini chop etdi.

Tadqiqotchi fikricha, jihodchi guruhning bu harakati va yetakchisi Jolaniyning oshkora taqdim etilishi ham "Al-Qoyda"ning rahbarlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan.

"Hech kim bu manyovrga chalg‘imasligi kerak: "Jabhat an-Nusra", yana bir nomi "Nusra fronti" bo‘lgan bu guruh potentsial xavfligicha, avvalgiday radikalligicha qolmoqda", deb hisoblaydi Charlz Lister.

Bundan tashqari, Internet tarmog‘ida tarqatilgan videobayonotda Jolaniyning "Al-Qoyda"ning ikki yirik yetakchisi bilan ko‘ringani bunga dalil sifatida qabul qilinmoqda.

Ammo, asosiy xavotir o‘zini "Jabhat Fath al-Shom" deb atay boshlagan terrorchi guruhning Suriya hududidagi mo‘’tadil, muxolif guruhlarga ko‘z tikayotganidir.

"Suriya muxolifati xatar ostida"

Darvoqe, bu bayonot AQSh va Rossiya tomoni "Jabhat an-Nusra" maskanlariga qarshi birgalikda amaliyotlar o‘tkazishga kelishgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Hozir G‘arb davlatlari ko‘magiga tayanayotgan muxolif va mo‘’tadil guruhlardan "Jabhat an-Nusra" nazoratida bo‘lgan hududlardan chekinish, bu radikal guruhdan masofalanish so‘ralmoqda. Ammo, muxolif guruhlar katta yo‘qotishlar evaziga Asad armiyasidan yoxud "Islomiy davlat"dan olinayotgan hududlarni tark etishni istamayotir.

Shu bois hozir, ayniqsa, Halab va Idlib viloyatlarida ushbu guruhga havodan qilingan har qanday hujum muxolif guruhlarga ham qaqshatqich zarba berishi mumkin.

Bundan tashqari, ham Asad armiyasiga qarshi kurashayotgan, ham "Islomiy davlat"ning mintaqadagi asosiy raqibi bo‘lgan "Jabhat an-Nusra"ning mahalliy aholi va ko‘ngilli muxolif guruhlar orasida nufuzi hanuz yuqori.

Shu bois, tahlilchilar 6 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushidan tinkasi qurigan mahalliy muxolif guruhlar Jolaniyning birlashish haqidagi chaqirig‘ini qabul qilishi va natijada, buning ortida turgan terrorchi "Al-Qoyda", undan iplarini uzmagan radikal "Jabhat an-Nusra" guruhining pozitsiyasi mustahkamlanishidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbek jangarilari jim

Hozirgacha Suriya va Iroq hududida harakatlanayotgan o‘zbek jangarilarining 2 ta guruhi ma’lum.

Bulardan biri so‘nggi paytlarda sustlashib qolgan “Imom Buxoriy” katibasidir. Tarkibidagi jangarilar soni noma’lum, ammo ularning aksariyati o‘zbekistonlik ekani haqida taxminlar bor.

Yana bir o‘zbeklar guruhi esa keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda nisbatan faollashayotgani kuzatilgan “Tavhid va Jihod” guruhidir. Guruh a’zolarining aksar qismi qirg‘izistonlik o‘zbeklar ekani taxmin qilinadi. O‘z vaqtida guruh yetakchisi – asli o‘shlik Abu Saloh “Jabhat an-Nusra” hamda bu guruhning onasi bo‘lgan – “Al-Qoyda”ga bay’at berganini e’lon qilgan.

Halqaro tahlil markazlari va Suriya, Iroqdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, har ikki radikal guruh muntazam ravishda “Jabhat an-Nusra” safida turib jang qiladi. Ular Abu Muhammad al-Jolaniyning so‘nggi bayonoti borasida hozircha biror munosabat bildirgani yo‘q.

Bu jangari guruhlari Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda radikal, terrorchi guruh sifatida ko‘riladi va keyingi 2 yil ichida ularga a’zolikda ayblangan shaxslar ustidan qator mahkamalar har ikki davlatda ham kuzatildi.

XS
SM
MD
LG