Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:56

Erdo‘g‘on: "Bizni Xudo kechirsin!" Lekin Turkiya kechirarmikan?


Erdo‘g‘on Gulan bilan hamkorlikda Turkiyaning armiyasi kuchli bo‘lgan, dunyoviy davlat tizimiga qarshi kurashgan edi.
Erdo‘g‘on Gulan bilan hamkorlikda Turkiyaning armiyasi kuchli bo‘lgan, dunyoviy davlat tizimiga qarshi kurashgan edi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on din peshvosi Fathulloh Gulanni nazarda tutib, “Biz jiddiy xatoga yo‘l qo‘yibmiz. Xudo bizni kechirsin”, dedi. Erdo‘g‘on Gulanni 15 iyuldan 16 iyulga o‘tar kechasi amalga oshmay qolgan harbiy to‘ntarishni tashkillashtirishda ayblab keladi.

Prezident “Agar bu haqda 20, 10, 3 yoki 4 yil avval aytganingizda, sizga hatto men ham ishonmagan bo‘lardim”, deya qo‘shimcha qildi.

Aslida esa, o‘sha paytda Erdo‘g‘on kuchli bosh vazir lavozimida ishlaganini e’tiborga olsak, u bilishi kerak edi.

Turkiya tashqarisidagilarga prezident “o‘tmishdagi xatolar” bilan nima demoqchi bo‘lgani tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Bunday der ekan, Erdo‘g‘on 2002 yildan boshlab 2013 yilgacha bo‘lgan muddatni nazarda tutgan. O‘shanda Erdo‘g‘on va Gulan hamkorlikda Turkiyaning armiyasi kuchli bo‘lgan, dunyoviy davlat tizimiga qarshi kurashgan edi.

Bu hamkorlik yangi ishga olingan tergovchi va sudyalar tomonidan 750 dan oshiq harbiy, adliya tizimi xodimi, jurnalist hamda deputatga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganida eng yuqori darajaga yetgan edi. Qo‘lga olingan shaxslar “Ergenekon” deb ataluvchi maxfiy jinoiy to‘da tuzishda ayblangan edi. Guruh a’zolarini o‘sha paytda bosh vazir lavozimida ishlagan Erdo‘g‘on va uning Adolat va taraqqiyot partiyasiga qarshi harbiy to‘ntarish uyushtirishga urinishda ayblashgandi.

Ayblangan “fitnachilar” Erdo‘g‘on hukumatini tanqid qilgan hamda ularni mazkur hukumat mamlakatni dunyoviylik yo‘lidan chiqarib, “yashirin islomiylik” tomon yetaklashi mumkinligi xavotirga solgan. O‘shanda generallar, prokurorlar, yetakchi jurnalistlar hamda siyosatchilar qo‘lga olingan, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, biror isbotsiz yoki yolg‘on dalillar bilan bir necha yil qamoqda saqlangan edi.

Bu esa 2000- yillar oxirida Erdo‘g‘on hukumatiga qo‘l keldi. Ayrimlar aynan shu sababli Erdo‘g‘on qiyin ahvolga tushgan paytlarida ham yetakchilikni qo‘ldan boy bermadi, deb hisoblaydi.

Ammo oradan bir-ikki yil o‘tganidan keyin ikki narsa ayon bo‘ldi: 1) sud jarayoni yolg‘on hujjatlarga hamda uydirmalarga asoslangan; 2) xo‘jako‘rsinga o‘tkazilgan sudlarga Gulanning tarafdori bo‘lgan prokuror va sudyalar yetakchilik qilgan. Aynan shu gulanchilarni Erdo‘g‘on hukumati qo‘llagan yoki erkin faoliyat yuritishi uchun ularga sharoit yaratib bergan.

Nihoyat, mazkur yilning apreliga kelib Turkiyaning Oliy shikoyat sudi harbiy to‘ntarish qilishga urinishi mumkin bo‘lgan “Erkenekon" deb ataluvchi jinoiy guruh mavjud bo‘lmagani”ni aytib, ularga qarshi chiqarilgan sud qarorlarini bekor qildi.

2010 yilda Erdo‘g‘on tobora kuchayib borayotgan Gulan harakatiga qarshi kurasha boshladi. Prezident 2013 yil gulanchilarni hukumat idoralari, armiya hamda matbuotdan chetlashtira boshladi.

Bu orada Erdo‘g‘on "Ergenekon" sudlari, ularning qurbonlari hamda bu sudlarning mamlakat armiyasi va davlat tizimiga ko‘rsatgan ziyoni haqida lom-mim demadi. Prezident “Turkiyada sud tizimi erkin. Sud qaroriga ta’sir ko‘rsatmaslik uchun bu mavzuda o‘z fikrimizni aytmaymiz”, deya ta’kidlardi.

Shuning uchun ham Erdo‘g‘on chiqishlaridan birida “[Gulanchilar] bizdan so‘ragan nimani ularga bermadik?”, degan edi.

Muvaffaqiyatsiz to‘ntarish urinishidan ikki hafta o‘tib armiya general va admirallarining 60 foizdan oshig‘i gulanchilarni qo‘llagani uchun ishdan bo‘shatildi. Vashingtondagi Atlantic Council mutaxassisi Aaron Shteyn Reuters bilan suhbatda “Turkiya armiyasi hozir ojiz, uni qayta tiklash uchun yillar kerak bo‘ladi”, dedi. Xabarlarga ko‘ra, chetlatilgan yuqori lavozimli harbiylarning aksari Gulan tarafdorlari bo‘lib, ular so‘nggi yigirma yil ichida armiya saflariga qo‘shilgan.

Xudo Erdo‘g‘onni kechiradimi, yo‘qmi, hech kim bilmaydi. Ammo Gulan uyushtirgan soxta "Ergenekon" sudlari hali-beri odamlar yodidan ko‘tarilmaydi. Bu sudlar o‘z vaqtida Erdo‘g‘on hokimiyat tepasiga mustahkam o‘rnashishiga yordam bergan, lekin ular pirjvardida o‘tgan oydagi harbiy to‘ntarish urinishiga olib keldi.

Abbos Javodiy, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tahlilchisi.

XS
SM
MD
LG