Линклар

Rossiyaning Volgograd viloyatida xorazmlik 39 yoshli mehnat muhojiri gaz quvuri uchun qazilgan zovurga tushib, tuproq bosib qolishi ortidan ish beruvchi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Volgograd viloyati Tergov qo‘mitasi rasmiysining Ozodlikka ma’lum qilishicha, marhumning jasadi vataniga yuborilgan va ish beruvchi shirkat rahbari hibsga olingan.

Hodisa Volgograd viloyati Dubovsk tumanining Olenьe qishlog‘i yaqinida o‘tgan juma kuni yuz bergani xabar qilindi.

Guvohlarga ko‘ra, quvur yotqizish ishlariga yollangan o‘zbekistonlik muhojir, ekskavator yordamida transheya qazilganidan so‘ng, chuqurlik yuzini tekislash uchun zovurga tushirilgan va bir necha daqiqadan so‘ng zovur o‘pirilib, muhojir tuproq ostida qolgan.

Hodisa joyida bo‘lganlar o‘pirilgan tuproq ostidan muhojirni chiqarib shifoxonaga yuborishadi, biroq bir necha soatdan so‘ng O‘zbekiston vatandoshi Dubovsk tumani kasalxonasida jon taslim qiladi.

Volgograd viloyati Dubovsk tumani Tergov qo‘mitasining rahbari Vladimir Surovning Ozodlik radiosiga bildirishicha, O‘zbekiston vatandoshini ishga yollagan shaxsga nisbatan Rossiya Jinoyat koddeksining 216- moddasi, 2- qismi “qurilish, kon-qurilish ishlarida xavfsizlik qoidalarini buzish” bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

"Haqiqatan ham jinoiy ish ochilgan. O‘zbekiston vatandoshi 1977 yil tug‘ilgan, Xorazm viloyatidan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda. Shu bois uning ism-familiyasini ochiqlashga haqqimiz yo‘q", dedi Vladimir Surov.

Tergovchi so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirda ishlash ruxsatnomasi bo‘lmagan.

Agar ish beruvchining aybi mahkamada tasdiqlansa, Rossiya qonunchiligi bo‘yicha, shirkat rahbari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Moskvadagi Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashqilot (MOM) konsulьtanti Tursunoy Alimardonovaning aytishicha, Rossiyada mehnat muhojirlari bilan bog‘liq eng ko‘p baxtsiz hodisalar qurilish va transport sohalarida uchraydi.

"Eng avvalo, Rossiyada ish beruvchilar yollangan ishchilarni xavfsizlikni ta’minlamasdan turib, ishlatishlari katta muammo hisoblanadi. Hozirgi paytda Rossiyada muhojirlar uchun ish kam, pul topish qiyinlashgan. Xususan, noqonuniy muhojirlarga juda qiyin. Shuning uchun ular o‘zlarini barcha ishlarga urishadi. Ko‘p hollarda xavfsizlik, ehtiyot choralariga unchalik ahamiyat ham berishmaydi. Natijada bunday baxtsiz hodisalar soni ko‘paymoqda. Ular har doim politsiya ushlab ketishidan qurqib yashashadi," dedi Tursunoy Alimardonova.

Rossiyada mehnat muhojirlarining qurilish ishlarida baxtsiz hodisalarga duchor bo‘lish hollari tez-tez yuz berib turadi.

Bir oy muqaddam 50 yashar O‘zbekiston vatandoshi Saratov shahrining Bolshaya Sadovaya ko‘chasidagi uy tomidan yiqilib, jon bergan edi.

Ikki oy muqaddam Xabarovsk o‘lkasida qurilish materiallari amborida ishlagan 22 yashar O‘zbekiston vatandoshi ustiga og‘irligi 1 tonna keladigan kalьtsit qopi qulashi natijasida halok bo‘lgandi.

Har ikki hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

XS
SM
MD
LG