Линклар

Tojikistonda bundan buyon madrasa degan so‘z tarix qa’ridan joy oladi. Hukumatning yoshlarni “ekstremizmdan himoya qilish" rejasi asosida mamlakatning So‘g‘d viloyatida qolgan eng so‘nggi madrasalar ham yopildi. Ekspertlar madraslar yopilishi ortidan diniy ta’lim Sovet davrida bo‘lgani kabi yashirin ravishda berilaverishini aytmoqdalar.

Tojikistonda rasman faoliyat yuritgan 19 madrasa faoliyati bundan uch yil avval taqiqlangan edi. Biroq shunga qaramay, So‘g‘d viloyatidagi bir nechta madrasa Tojikiston Maorif va fan vazirligidan faoliyat yuritishga ruxsat so‘rab ariza kiritgani ortidan ta’lim berishda davom etayotgandi.

So‘g‘d viloyat hokimiyati rasmiysi Suhrob Rustamzodaning bildirishicha, “Maorif va fan vazirligi ta’lim sifati zamonaviy talablarga javob bermagani tufayli madrasalar faoliyatini davom ettirishga ruxsat berishdan tiyildi”. Shu munosabat bilan eng so‘nggi madrasalar ham rasman yopildi.

Suhrob Rustamzodaning aytishishcha, bundan buyon diniy ta’lim faqat bitta o‘quv yurida - Tojikiston Islom instituti qoshidagi gimnaziyada olinishi mumkin.

Tojikiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi sobiq rahbari Said Axmadov Ozodlik radiosi tojik xizmatiga mamlakatda madraslarni yopish jarayoni 7 yil avval boshlangani haqida gapirib berdi.

Unga ko‘ra, o‘sha paytda yoshlarni ekstremistik mafkuradan himoya qilish maqsadida madrasalar sonni qisqartirish haqidagina gap bo‘lgan. Unga ko‘ra, madrasalardagi o‘qitish jarayoni o‘tgan asrlardan beri o‘zgarmagani, zamonaviylashmagani oqibatida vaziyat madrasalarni yopish darajasiga etib keldi.

Said Axmadovning aytishicha, madrasalar yopilganidan so‘ng unda o‘qiyotgan tolibi ilmlar davlat tassarufidagi boshqa o‘quv yurtlariga ko‘chiriladi. Masalan, Dushanbedagi Abu Xanifa madrasasi toliblari pedagogika texnikumlariga joylashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, Tojikistonda davlat ruxsatisiz diniy ta’lim berish ham qonun taqiqlangan. Noqonuniy ravishda diniy ta’lim bergan shaxslar 5 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan tashqari prezident Emomali Rahmon ko‘rsatmasi bilan Pokiston, Afg‘oniston va Misr madrasalarida o‘qiyotgan 3054 nafar tojikistonlikning 2895 nafari vataniga qaytarilgan. Biroq ular ko‘p o‘tmay Rossiyaga ketib, u yerdan yana o‘zlari o‘qiyotgan madrasalarga etib borgan.

Tojikiston hukumati madrasalarning yopilishini dinga qarshilik sifatida qabul qilmaslik kerakligini, bu chora yoshlar o‘rtasida ekstremistik kayfiyatlarning oldini olish maqsadida qo‘llanilganini aytib keladi. Biroq dindorlar madrasalarning yopilishini dinga qarshi zarba sifatida baholamoqda.

Dushanbe rasmiylariga ko‘ra, dindorlarning bunday ayblovlari asosizdir, chunki hukumat islom asoslarini o‘rgatishni o‘rta ta’lim maktablari zimmasiga yuklamoqda.

Joriy yildan boshlab o‘rta maktablarning 9-sinfida “Din tarixi” predmeti o‘qitila boshlanadi. Bu predmetning nomi dastlab “Islomiy ta’lim”, deb nomlangan va u bir necha yil avval maktablarda o‘qitila boshlashi rejalashtirilgan edi. Biroq “Islomiy ta’lim” darsligi chop etilganidan so‘ng Maorif va Fan vazirligi mazkur predmetning maktab dasturiga kiritilishiga keskin qarshilik qilgan. Shundan so‘ng darslik “Din tarixi” sifatida qayta ishlab chiqilgan.

Oliy o‘quv yurtlarida esa joriy yildan boshlab “Dinshunoslik” fani o‘qitila boshlanadi.

Biroq ekspertlar bunday choralar yoshlarning diniy ta’lim olish intilishini to‘liq qondira olmaydi va Qur’onni o‘rganish yashirin ravishda davom etaveradi, deb hisoblamoqdalar. Ekspertlarning aytishlaricha, madrasalarning yopilishi ekstremistik kayfiyatlar tarqalishining oldini ololmaydi, aksincha bunday kayfiyatning kengroq tarqalishiga sabab bo‘ladi.

“Madrasalar va ularda o‘qiyotganlar hukumat nazoratida edi, endi esa talabalar chalamulla holatda ko‘chaga uloqtirildi”, deydi ekspert Said Axmadov.

XS
SM
MD
LG