Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:28

"Taxiatosh IES" ishchilaridan "o‘lsam ayb o‘zimda", degan tilxat olinmoqda


Qoraqalpog‘istondagi "Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi" ishchilaridan "baxtsiz hodisalar yuz bergan taqdirda javobgarlikni to‘liq o‘z zimmamga olaman", degan mazmundagi tilxat- kafolat xati olinmoqda. Ozodlikka kelgan shikoyatda da’vo qilinishicha, ma’muriyat moddiy yordam va tovon puli to‘lash majburiyatini zimmasidan soqit qilmoqchi, ammo ma’muriyat buni ishchilar xavfsizligini himoya qilish, deb izohlamoqda.

"Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi" (TIES) ishchilari nomidan yo‘llangan shikoyatda, jumladan, shunday deyiladi:

"Bu kafolat xati mazmuni qisqacha aytganda, ish vaqtida biror kor-hol bo‘lsa, o‘zim javobgarman, o‘zim aybdorman, stansiyadan hech narsa talab qilmayman va shunga o‘xshagan bo‘lmag‘ur gaplar. Har bir davlatda mehnat kodeksi bor, shu yerda ishchini haq-huquqlari belgilab berilgan. Bular jinnimi, qonun nimaga kerak, deb o‘zimga savol berib, javob topolmayapman".

Shikoyatda da’vo qilinishicha, kafolat xatini yozdirishdan maqsad TIESdagi uskunalarning aksariyati eskirgani va keyingi paytlarda ishchilar ish vaqtida jarohatlanayotgani, baxtsiz hodisaga uchrayotganlar soni ortayotganidir.

Shikoyat ortidan Ozodlik bilan suhbatlashgan stansiya ishchisi yaqinlaridan biri IES rahbariyati bunday ishchilarga moddiy yordam va tovon puli berishga qiynalayotganini aytdi:

"Har kuni bitta hodisa bo‘ladi, bu stansiyada. Kimnidir tok uradi, kimnidir nimadir bosib qoladi, kimdir kuyadi. Bular keyin davolanish uchun moddiy yordam so‘rasa: "O‘zing texnika bezopasnostiga amal qilmagansan", deb moddiy yordam bermayapti. Hozir endi hammasini o‘zining zimmasiga yuklab qo‘yishyapti-da", dedi bu manba muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Taxiatosh IES rahbariyati ishchilardan kafolat xati olinayotganini tasdiqladi. Stansiya mulozimlaridan birining aytishicha, so‘nggi 2 haftadan buyon kafolat xatlari olinmoqda va bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ishchilar orasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va hushyorlikni oshirishdir.

Ishchilar arzida aytilganidek, "Stansiya ma’muriyati bu bilan moddiy yordam va tovon pulini to‘lash majburiyatidan qutulmoqchimi?" degan savolga bu mulozim aniq javob bermadi.

TIESning o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan biri kafolat xati yig‘ish haqidagi topshiriq markazdan - "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatidan kelganini aytdi. "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va xususan, ayni masalaga mas’ul bosh nazoratchisi Zoir Ataev, deb taqdim qilingan mulozimdan esa bu borada hozircha biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda ish joyidagi baxtsiz hodisalar Vazirlar Mahkamasi 1997 yilda tasdiqlagan "Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida"gi Nizom bilan tartibga solingan.

Nizomga ko‘ra, ish vaqtida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan taqdirda N-1 formasi to‘ldiriladi va hodisa sabablari o‘rganiladi. So‘ngra 15 ish kuni ichida jabrlangan ishchiga moddiy yordam yoki tovon puli to‘lash yoxud to‘lamaslik haqida qaror beriladi.

Taxiatosh IES Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlab beruvchi asosiy manbadir. Stansiya 1956 yildan buyon ishlab keladi. Undagi jihozlar va qozon, turbina agregatlarining ancha eskirgani rasmiy manbalarda ham qayd etilgan.

2015 yilda "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati 2015-2020 yillar orasida bu stansiyani modernizatsiya qilishi, buning uchun qariyb 700 million AQSh dollari miqdoridagi qiymatga ega bo‘lgan loyiha hozirlanganini ma’lum qilgan edi.

Bu mablag‘ning 300 millioni Osiyo taraqqiyot banki, qolgan qismi esa O‘zbekiston Ta’mir va taraqqiyot jamg‘armasi hamda "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan qoplanishi aytilgan.

Modernizatsiyadan so‘ng bu stantsiyaning bir yillik quvvati 3 milliard 185 million kVt soatdan 5 milliard 400 million kVt soatga oshishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG