Линклар

Surxondaryo viloyati Sherobod tumani milliy xavfsizlik xizmati bo‘limi boshlig‘i tuman tadbirkorlarini yig‘ib, naqd pul topshirishni ko‘paytirishni talab qildi. Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlarning iddao qilishicha, MXX bo‘limi boshlig‘i naqd pul topshirish rejasini bajarmagan tadbirkorning ketiga qalampir tiqish va uni yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgan.

28 iyul kuni Sherobod tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qatnashgan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorning aytishicha, majlisda asosan naqd pul tushumi masalasi muhokama qilingan:

“Majlisni SNB boshlig‘i Bahrom aka olib bordi. U hamma tadbirkorlarni turg‘izib “nega kam pul topshiryapsan”, deb haqorat qildi. Masalan, “Visol” to‘yxonasi egasi Zafar akani turg‘azib qo‘yib, ketingga qalampir tiqaman, dedi. U bechorani aybi, kam naqd pul topshirayotgan ekan. U bechora qo‘rqib, hozir tanish-bilishlaridan qarz so‘rab yuribdi”, deb iddao qildi tadbirkor.

Ushbu yig‘ilishda qatnashgan sherobodlik boshqa bir tadbirkor esa, MXX boshlig‘i ularni qamatish bilan tahdid qilganini iddao qiladi:

“Men o‘zim ham chala va dabdala qilib qurilgan “Sherbaraka” bozorida savdo qilaman. Bizga 6 million so‘m naqd pul topshirish rejasini qo‘yishgan. Biz kuniga zo‘rg‘a 100-150 ming so‘m savdo qilamiz. Naqd pulning o‘zi yo‘q. O‘qituvchida ham, pensionerda ham plastik. Biz plastikka tovar sotib, uni yana 18-25 foizga plastikchilarga berib, naqd qildiryapmiz. Endi o‘zingiz o‘ylang, biz qaerdan buncha pulni topib beramiz, pul zavodimiz yo‘qku. Majlisda Bahrom aka savdogarlarga qarab planni bajarmaganlaringni yo‘q qilib yuboraman", deb tahdid qildi, dedi tadbirkor.

Uning aytishicha, bozor soliqlarining kattaligi ham tadbirkorlarni ezib yuboryapti:

“Do‘konimiz ijarasi uchun 1 million so‘m, bozor ijarasi 256 ming so‘m, soliqqa 520 ming so‘m, svetga 30 ming so‘m, jami bir oyda 1 million 806 ming so‘m to‘laymiz. Buni 30 kunga bo‘lsak, kuniga 60200 so‘mdan tushadi. Biz robotday ishlasak ham buncha xarajatlarni qoplayolmayapmiz. Hammamiz minusga kirib ketdik, bankrot bo‘lyapmiz. Buning ustiga MXXning tahdidi hammasidan oshib tushyapti”, dedi tadbirkor.

Xalq banki Sherobod tuman bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, haqiqatan ham naqd pul tushumini MXX nazorat qilayotganini aytdi:

“Haqiqatan ham tadbirkorlarga naqd pul topshirish rejasi solingan. Hozir shu bajarilmay qoldi. Shuning uchun bu masalani MXX o‘z nazoratiga olgan”, dedi bank mulozimi.

Sherobod tumani milliy xavfsizlik xizmatidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida qonun shu paytgacha qabul qilinmagan.

1991 yil 2 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi Nizomda, bu tashkilotning asosiy vazifasi razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, chegaralar xavfsizligini ta’minlash, davlat sirlari va axborotni muhofaza qilish, xalq xo‘jaligi va boshqa ob’ektlarda xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim masalalar ekanligi qayd qilingan.

Naqd pul tushumini nazorat qilish ham MXX ixtiyoriga o‘tgani mamlakatda bu muammoning boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan dalolat beradi.

O‘tgan yil Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotida mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG