Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:27

Rossiyada Suriyaga odam yollagan 4 o‘zbekning har biri 30 yildanga qamaldi


Hukm qilingan o‘zbek muhojirlari
Hukm qilingan o‘zbek muhojirlari

Rossiyaning Tver shahrida to‘rt nafar O‘zbekiston vatandoshi “Islomiy davlat” terrorchili guruhiga a’zolikda ayblanib, sud qarori bilan 28-30 yillik qamoqqa mahkum etildi. Tergovchilarga ko‘ra, sudlanganlar guruhi nafaqat Suriyaga jangari yollaganlikda, balki talon-taroj, qotillik, qalbaki pul tarqatishda ham aybdor deb topilgan.

Moskva okrug harbiy sudining sayyor kollegiyasi juma, 29 iyul kuni to‘rt nafar o‘zbekistonlik muhojir – Otaxonov G.Z., Jumaev G.N., Kamoldinov D.R., Qaxxorov A.A.larni “diniy-ekstremistik tashkilotga a’zolikda” aybdor deb topdi va uzoq muddatli qamoq jazosi tayinladi.

Tergovni olib borgan Tver viloyati Tergov qo‘mitasi rahbari katta muovini, adliya leytenanti Valeriya Pavlova sudlangan o‘zbekistonliklar terrorchi tashkilotga a’zolikda gumonlanib jinoiy javobgarlikka tortilganini Ozodlikka ma’lum qildi.

O‘zbekistonliklar IShIDga aloqador deb topildi
O‘zbekistonliklar IShIDga aloqador deb topildi

- 29 iyul kuni sudlanuvchilarga nisbatan hukm o‘qildi va biz taqdim etgan barcha moddalar bo‘yicha ular sud tomonidan aybdor deb topildi. 4 kishi sudlangan bo‘lsa, ulardan bittasi – Otaxonovga 30 yil, Jumaev, Kamoldinov va Qaxxorovlarga 28 yildan qamoq jazosi tayinlandi. Birinchi 10 yilni ular qamoqxonada, qolgan muddatni esa qattiq rejimli koloniyada o‘tkazishadi. Ular terrorchilik tashkilotga a’zolikda, bu tashkilotga ko‘maklashishda, terrorchilikni moliyalashtirishda, Moskva viloyatidan Tverga dam olgani kelgan ikki nafar shaxsni o‘ldirganlikda, ularning mol-mulkini talon-taroj qilishda aybdor deb topildi, dedi Valeriya Pavlova.

Tergovchiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-, 162-, 166-, 167-, 205-,1 va 205-, 4- moddalarining qator bandlari bo‘yicha ayblangan migrantlar Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat" ekstremist tashkilotiga a’zolikda aybli, deb topildi.

Moskva okrug harbiy sudi xulosasida aytilishicha, ular 2014 yildan beri noqonuniy yashab kelgan va internet orqali IShID vakillari bilan muntazam aloqada bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda IShID saflariga kirmoqchi bo‘lgan rossiyaliklar bilan tanishib, ularga IShIDchilar bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni berib kelganlar. Shuningdek, o‘zbekistonliklarning Rossiyaning markaziy hududlarida soxta pullarni tarqatish bilan shug‘ullaganlikda aybdor ekani isbotlandi.

O‘zbeklarning sudlanishi haqida "Vesti" xabari

O‘zbek muhojirlari Rossiya Federal Xavsizlik xizmati (FSB) va politsiya maxsus amaliyoti natijasida qo‘lga olingan.

FSBchilar xabariga ko‘ra, 2014-2015 yillarda maxsus xizmat xodimlari “Suriya Arab Respublikasi hududidagi jangovar harakatlarga odam yollab, jo‘natish bilan shug‘ullanayotgan” to‘rt nafar Markaziy Osiyo vatandoshini aniqlagan.

2014 yilning 14 oktyabrida Moskva viloyatining Ximki shahridan Tver viloyatidagi dala hovlisiga dam olishga ketgan er-xotin Dmitriy va Olьga Glovatskiylar yo‘qolib qoladi.

Ikki kundan keyin Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Orexovo-Zuevo shaharchasida qalbaki hujjatlarni taqdim etgan mashina haydovchisini ushlab qoladi.

Bu shaxs politsiyachilarga Tojikiston vatandoshiga tegishli hujjatlarni taqdim etgan.

Tergov davomida o‘zbekistonlik 29 yashar Otaxonov G. ekani aniqlangan bu shaxs ximkilik er-xotinning yo‘qolib qolganiga aloqasi borligi ma’lum bo‘ldi. Bu yigit ularning hovlisida bir oy davomida qurilish ishlarini olib borgan ekan.

Keyinroq u tergovchilarga “IShID terrorchi tashkilotiga aloqasi borligi”, unga “a’zo bo‘lish uchun har narsaga hozirligini namoyish etish maqsadida uchta o‘zbekistonlik sherigi bilan dala hovlisida er-xotinni o‘ldirganini aytib beradi. Qotillik 2014 yilning 11 oktyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘ladi.

Suroq davomida o‘z aybiga iqror bo‘lganlardan biri ular murdalarni o‘rmonga ko‘mgani, kiyim-kechak va jinoyatga aloqador buyumlarni yoqib yuborganini aytadi.

Tergov xulosasida o‘ldirilganlarga tegishli pul,oltin taqinchoqlar va boshqa qimmatbaho buyumlar “terrorchilik tashkilotini moliyalashtirish uchun ustoziga topshirilgan”. Politsiya jinoyatchilar voqea joyidan 428 ming rubl va avtomobilni olib qochganini aniqladi.

Ozodlikka bu ma’lumotlarni taqdim etgan Tver viloyati Tergov qo‘mitasi rasmiysi Valeriya Pavlova jinoiy guruhni Otaxonov boshqarib kelgani, u o‘zi O‘zbekistonda “terrorchilik xarakterga ega jinoyatlarni sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgani”ni bildirdi.

Sudlangan o‘zbeklarning o‘rtacha yoshi 25da
Sudlangan o‘zbeklarning o‘rtacha yoshi 25da

- Qo‘yilgan moddalar bo‘yicha ularga undan ham og‘irroq jazo – umrbod qamoq tayinlanishi mumkin edi. Tergovchilar bilan hamkorlik qilgani hisobga olindi. Biz ularga aynan shunday jazo belgilanganidan mamnunmiz, dedi Valeriya Pavlova.

Joriy yilning 26 iyulida Tver viloyat politsiyasi va FSBsi “Islomiy davlat” jangarilar guruhiga aloqadorlikda gumonlanib Tver shahrida bir guruh shaxs qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Katta miqdorda ekstremistik adabiyot musodara qilingani aytilgan markaziy osiyolik bu ayblanuvchilar ham 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligi aytildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iyul boshlarida imzolagan qonunda terrorchilik va ekstremistik ruhdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Huquq himoyachilari va huquqshunoslar “Yedinaya Rossiya” partiyasining Dumadagi deputati Irina Yarovaya va Senatdagi vakili Viktor Ozerov tomonidan ishlab chiqilgan “terrorchilikka qarshi qonunlar paketi” Rossiyada jazolovchi tizimning yanada kuchayishiga olib kelishidan ogohlantirayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Eslatish joyizki, Rossiyada so‘nggi yillarda IShID va boshqa terrorchi-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanib hibs etilgan, sudlangan o‘zbek-tojik muhojirlari soni keskin oshib borayotgani xabar qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG