Линклар

logo-print

Suv hisoblagichdagi nosozlik tufayli Toshkentda issiqlik tarqatish bo‘limi rahbari jazolandi. Qashqadaryolik havaskor xonanda “O‘zbeknavo” lizentsiyasi o‘ta qimmat ekanidan arz qildi. Bastakor xonandalarning iltimosiga ko‘ra o‘g‘irlikka qo‘l urayotganini aytdi.

Iste’molchini qayta-qayta asossiz qarzdor qilgan issiq suv ta’minoti rahbariga intizomiy jazo qo‘llanildi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A. To‘raev issiq suv haqini to‘lab kelsa-da, asossiz ravishda bir necha bor qarzdorga chiqarildi (“Adolat ko‘zgusi”, 4 avgust). Dastlab unga hisoblagich qiyoslash-standart ko‘rigidan o‘tmagani sababli 1,7 million so‘m qarzdorlik hisoblangan. Hisoblagich ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyin ham bir necha bor qarzdorlik ko‘rsatilavergan. Mazkur holatni prokuratura o‘rganib chiqib, vaziyatga oydinlik kiritgan. Toshkent shahri prokurori M. Mirzaevga ko‘ra, fuqaro huquqini buzgani uchun Mirzo Ulug‘bek tumani issiqlik tarqatish bo‘limi boshlig‘iga intizomiy jazo qo‘llanildi.

Qishloqlik havaskor xonanda “O‘zbeknavo” litsenziyasi juda qimmat ekanidan arz qildi

Qishloq to‘ylarida xizmat qiluvchi qashqadaryolik havaskor xonanda Umid Majidov “O‘zbeknavo” litsenziyasi to‘lovi o‘ta qimmat ekanidan arz qildi (“Darakchi”, 4 avgust). Xonandaga ko‘ra, qishloqda hamma bir-birni tanigani bois to‘ydagi xizmat uchun katta narx aytish imkonsiz bo‘lib, to‘ylarda xonandalarga 50 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha beriladi. Qolaversa, qishloqda to‘y mavsumi oktyabrdan fevralgacha davom etadi. “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan litsenziya olish uchun esa 2 milliondan 5 million so‘mgacha to‘lash lozim. “Tabiiyki, poytaxtda ijod qilayotgan xonandalarda litsenziya olish uchun imkoniyat etarlicha. Lekin biz gastrol safarlariga bormasak, qishloqdan chiqmasak, litsenziya uchun shuncha mablag‘ni qaerdan topamiz?” degan U.Majidov. Xonanda qishloqdagi sharoitni o‘rganib, litsenziya to‘lovi miqdorini ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Bastakor: Xonandalarning iltimosiga ko‘ra o‘g‘irlikka qo‘l urishga majbur bo‘lyapmiz

Bastakor Eldor Qayumov xonandalarning iltimosiga ko‘ra plagiatlikka qo‘l urishga majbur bo‘layotganlarini aytdi. “Misol uchun, Farrux Komilovning “Sog‘inganim” qo‘shig‘i musiqasi Enrike Iglesiasning qo‘shig‘idan olingan. Men bu qo‘shiqda faqat matn muallifiman”, degan bastakor “Darakchi” bergan intervyusida. Hamkasbining fikrlarini bastakor Bahodir Nizomov ham dastaklagan. “To‘g‘ri, o‘zimizning obro‘mizni o‘ylab rad javobini ham berishimiz mumkin. Lekin biz yo‘q deganimiz bilan baribir kimdir shu ishni qilib beradi-ku. Shuning uchun pulni begona qilib, nima qildik”, deya xalqaro huquq va axloqqa zid xatti-harakatini oqlashga uringan bastakor B. Nizomov.

XS
SM
MD
LG