Линклар

Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi xalqaro yo‘l qurilishida 1 milliarddan oshiq mablag‘ talon-taroj etildi. O‘zini huquq-tartibotchi deb tanishtirgan shaxs O‘zbekistondagi banklardan katta miqdorda pul undirishga muvaffaq bo‘ldi. Tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudiri soxtakorligi uchun mahkamaga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi xalqaro yo‘l qurilishida 1 milliarddan oshiq mablag‘ talon-taroj etildi

Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘li qurilishida katta miqdorda mablag‘ talon-taroj etilgani aniqlandi (“Huquq”, 2016 yil 30-con). Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining ismi oshkor etilmagan vakili Buxoro yo‘l-ko‘prik korxonasi rahbari bilan til biriktirib, hujjatlarni soxtalashtirish yo‘l bilan byudjetning 900,7 million so‘m mablag‘ini o‘zlashtirgan. Respublika yo‘l jamg‘armasi vakili, shuningdek, “Ravon qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari bilan ham jinoiy bitim tuzib, Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining boshqa uchastkasida qurilishidan 231 million so‘mni talon-taroj qilgan. Jinoyatga qo‘l urgan kimsalarga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

O‘zini organ xodimi deb tanishtirgan firibgar banklardan katta miqdorda dollar oldi

O‘zini huquq-tartibot idorasi vakili deb tanishtirib soxta guvohnoma ko‘rsatgan firibgar O‘zbekistondagi banklardan katta miqdorda dollar olishga muvaffaq bo‘ldi. “Huquq” nashri xabariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan fuqaro “Asaka bank” filiali rahbariyatiga soxta guvohnoma ko‘rsatib, to‘lov plastik kartochkaga 4 ming AQSh dollari tushirib berishni talab qilgan. Valyuta olish uchun navbatda turish kerakligini aytgan bank vakiliga do‘q-po‘pisa qilib, maqsadiga erishgan. Shu usul bilan u plastik kartasiga “Milliy bank”dan 2 ming, “Asaka bank”dan 6 ming, “O‘zsanoatqurilishbank”dan 14 ming AQSh dollari tushirtirgan. Qayd etilishicha, firibgar boshqa bir bankda o‘z nayrangini ishga solayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Namanganda tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudiri soxtakorligi uchun mahkamaga tortildi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasining pulli tibbiy ko‘rsatish bo‘limi mudirasi mablag‘ o‘zlashtirish va soxtakorlik uchun mahkamaga tortildi (“Huquq olamida”, 2016 yil 21-son). Ismi oshkor etilmagan tibbiyot mansabdori 2014-2015 yillarda aslida bemorlarga berilishi zarur bo‘lgan gepatit A, V, VPG va “Antiluis” reaktivlarini o‘zlashtirib, millionlab mablag‘ni talon-taroj etgan. Dori vositalari ro‘yxati bo‘yicha hujjatlar esa soxtalashtirilgan. Bundan tashqari, mudira xodimlarga maosh to‘lash tartibini ham buzishda ayblangan. Sud hukmiga ko‘ra, tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudirasi bir yil mansabdorlik vazifalaridan ishlash huquqidan mahrum etilgan va unga ish haqining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 1,6 yil axloq tuzatish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG