Линклар

Tojikiston Mudofaa vazirligi o‘lgan askar uchun atigi 635 dollar tovon to‘laydigan bo‘ldi


"Dedovshchina" qurboniga aylangan Firdavs Rahmatov.

"Dedovshchina" qurboniga aylangan Firdavs Rahmatov.

Dushanbe garnizoni harbiy sudi Tojikiston Mudofaa vazirligi zimmasiga armiyada o‘lgan askar Firdavs Rahmatovning oilasiga ma’naviy zarar uchun 5 ming somoniy miqdorida tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi. Bu summa Tojikiston Milliy bankining 5 avgust kungi kursi bilan hisoblanganda 635 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi.

5 avgust kuni Dushanbe garnizoni harbiy sudida armiyada nobud bo‘lgan askar Firdavs Rahmatovning ota-onasi bergan da’vo arizasi bo‘yicha mahkama yakuniga yetdi. Askar Rahmatov 2015 yil 7 iyunida harbiy nizomga to‘g‘ri kelmaydigan munosabat tufayli hayotdan ko‘z yumgandi.

Shundan so‘ng Firdavs Rahmatovning ota-onasi Tojikiston Mudofaa vazirligidanma’naviy zarar uchun 238 ming 800 somoniy yoki 30 ming dollardan ko‘proq tovon puli undirib berish talabi bilan sudga murojaat qilgan.

O‘lgan askar yaqinlarining manfaatini sudda Qiynoqlar va jazosizlikka qarshi fuqaroviy jamiyat koalitsiyasi advokatlari himoya qilganlar.

Rahmatovlarning advokatlaridan biri Dilafro‘z Samadova mahkamada “adolat qaror topmagan”i, “sud jabrlanuvchilarga to‘lab berish uchun arzimagan mablag‘ belgilagan”ini aytdi. Advokatning aytishicha, da’vogarlar sud qaroridan norozi va bu qaror ustidan yuqori instansiyaga shikoyat arizasi bilan murojaat qilmoqchilar.

Tojikiston Mudofaa vazirligining Konibodom tumanida joylashgan 04080-harbiy qismi askari Firdavs Rahmatov qurolli kuchlar safiga 2015 yil 7 mayida chaqirilgan va oradan bir oy o‘tgach ota-onasiga uning jasadi qaytarilgan.

O‘tgan yilning oktyabr oyida So‘g‘d garnizoni harbiy sudi uch askarni Firdavs Rahmatovni kaltaklaganlikda ayblagan. Bu kaltaklash oqibatida Rahmatovning joni uzilgan. Sud kaltaklashda ishtirok etgan serjant Rabboniy Sulaymonovni 18 yilga, serjant Komron Rahimovni 17,5 yilga va safdor Ayyom Nazarovni 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

Bu voqea ortidan Tojikiston Mudofaa vazirligi Firdavs Rahmatov xizmat o‘tagan harbiy qismdagi uch zobitni – polk, batalyon va rota komandirlarini “o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshgani tufayli” ishdan bo‘shatgan.

Tojikistonda harbiylar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi “Fuqaroviy erkinliklar ofisi” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan shu kungacha mamlakat armiyasida “dedovshchina”ga oid 17 ta holat qayd etilgan. Bu hodisalarning 8 tasi o‘lim bilan tugagan.

XS
SM
MD
LG