Линклар

logo-print

Andijon viloyati hokimining Baliqchi tumanida o‘tkazgan majlisi bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlar uchun ayanchli yakun topdi. Hokim O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev uyushtirgan “Oybolta” tadbirini qo‘llab, rejani bajarmagan fermerlarni majlisda sazoyi qildi. Qarzdor fermerning traktorlari, uylaridagi gilamu maishiy texnikalari o‘sha kunning o‘zidayoq musodara qilindi. “Oybolta” tadbirida paxta yoki bug‘doy rejasini bajarmagan yoki davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan fermerlarning mol-mulki Sud ijro departamenti, Adliya vazirligi, IIB va bank xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinishi va qarzdor fermerning avtoulovlari, chorvasi, uy buyumlari musodara qilinishi nazarda tutilgan.

Xalq deputatlari Baliqchi tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi “Usmon ota” fermer xo‘jaligining dala shiyponida 4 avgust kuni o‘tkazildi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi o‘tkazgan bu yig‘ilishda, asosiy e’tibor bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlarni “Oybolta”ga tortishga qaratildi.

Yig‘ilishda qatnashgan baliqchilik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimi fermerlarni haqorat qilib, ularning mol-mulkini tortib olish haqida ko‘rsatma bergan:

“Hokim bug‘doy rejasini bajarolmagan fermerlarning mol-mulki shu bugundan boshlab “Oybolta”ga solinishini aytdi. Uning bu amrini ijro etish shu kunning o‘zida, sessiya tugaganidan so‘ng amalga oshirila boshladi. Tumanning Siza qishlog‘idan bo‘lgan, “Ixtiyorxon erlari” fermer xo‘jaligi rahbari Nodirbek Hakimovning uyidan traktor, yigirmatacha gilam va palos zo‘rlik bilan olib ketildi. Tortib olingan buyumlar va traktor Chinobod paxta tozalash zavodi hududiga olib ketildi”, dedi fermer.

Uning aytishicha, “Oybolta” tadbirini o‘tkazishga viloyat prokuraturasi, sud, departament, ichki ishlar va soliq xodimlari jalb qilingan:

“Hozir rejani bajarolmagan boshqa fermerlarni ham qiyratish boshlandi. Kimning texnikasi bor, kimning gilami bor, kimning televizori bor, militsiya xodimlari nazoratida uyidan majburan olib chiqib ketishyapti. Bu tadbir fermerlarni mahalla va qishloq aholisi oldida sazoyi qilish uchun o‘tkazilyapti. Hech qachon fermerlar bunchalik sharmanda qilinmagan”, dedi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir baliqchilik fermer rejaning bajarilmay qolishining ob’ektiv sabablari hokimiyat tomonidan inobatga olinmayotganidan shikoyat qildi:

“G‘alla uchun bu yil og‘ir keldi. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Shuning uchun aksariyat fermerlarning bug‘doyiga zang kasali tushdi. Rejani bajarishning umuman imkoni bo‘lmay qoldi. Boshqa davlatlarda bunday holatlarda davlatning o‘zi fermerlarga yordam qiladi, subsidiyalar beradi. Bizda esa tamoman teskarisi, yerning tagidan bo‘lsa ham topib bajar deydi. Aksariyat fermerlar bu yil mol-holini sotib, bozordan bug‘doy olib, planini zo‘rg‘a bajardi. Bajarolmaganlarni esa hukumatning o‘zi talayapti”, dedi fermer.

Andijon viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi rejani bajarmagan fermerlarga nisbatan “Oybolta” tadbiri qo‘llanilganini tasdiqladi:

“Rejasini bajarmagan fermerlarni viloyat hokimi “Oybolta” rejimiga soldi. Viloyat hokimi, prokurori, hammasi kelib o‘tkazishdi. Qarzdor fermerlarning uch yillik ko‘rsatkichi olib ko‘rilib, keyin “Oybolta”ga solindi”, dedi mulozim.

“Oybolta” tadbiri o‘tgan yilda Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan tashkil qilingan.

“Oybolta” tadbirida paxta yoki bug‘doy rejasini bajarmagan yoki davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan fermerlarning mol-mulki Sud ijro departamenti, Adliya vazirligi, IIB va bank xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinishi va qarzdor fermerning avtoulovlari, chorvasi, uy buyumlari musodara qilinishi nazarda tutilgan.

Shavkat Mirziyoev o‘tgan yili 12 oktyabr kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida o‘zi tuzdirgan “Oybolta” guruhi sust ishlayotganini tanqid qilib, mahalliy hokimiyat va kuch ishlatar tizimlarini faollikka chaqirgan edi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning aksar viloyatlarida paxta va bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlarning mol-mulkini tortib olish avj olgan edi.

XS
SM
MD
LG