Линклар

logo-print

BLOG: “Xorijga chiqish vizangga o‘ynab qo‘yay”


Qo‘qondagi xorijga chiqish uchun viza kutayotganlar. Ana shu derazadan kirilyapti ichkariga.

Qo‘qondagi xorijga chiqish uchun viza kutayotganlar. Ana shu derazadan kirilyapti ichkariga.

Farg‘onalik bloger Karimjon Teshaev navbatdagi maqolasida xorijga chiqish uchun viza olish azobini o‘z boshidan kechirganini bayon qildi. U viza olish uchun hujjat to‘plash jarayonida qog‘ozbozlik va poraxo‘rlikka o‘zi guvoh bo‘lganini,Qo‘qon shahar IIBning xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari esa fuqarolardan tamagirlik qilib o‘z cho‘ntaklariga pul ishlayotgani haqida yozadi.

Tog‘ay Murod degan ajoyib yozuvchimiz bo‘lardi. U o‘z asarlarida qahramonining achchig‘i chiqqanini, “he faloningga o‘ynab qo‘yay” deb ifodalardi. Men ham xorijga chiqish ruxsatini olish uchun bir do‘stim bilan borganimda “he OVIIRingga o‘ynab qo‘yay”, devordim.

Shunchaki o‘ynab emas, o‘ynaaab-o‘ynab qo‘yay.

Mana nega bunday deyayotganimning sababi.

Avvalo, Qo‘qon shahar IIBning xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida qariyb qirqtacha odam navbatini ko‘rdim.

Asosiy eshik qolib, odamlarni derazadan kiritayotgani meni ajablantirdi. Hamma derazaning oldida navbat kutib o‘tiribdi. U yerda 6 kishi ishlar ekan. Rasmxonasi ham ichida, 4 ta rasm 3,5-4,5 xajmdagisi 16 000 sum. Agar shuni ko‘chada chiqarsangiz sakkiz baravar arzonga, 2000 so‘mga tushadi. Pasportni 3 ta ko‘piya kilish 4000 so‘m. Boshqa joydan esa shuni 1000 so‘mga qilasiz.

Ikkita yosh bola toshbaqaday ivirsib, ma’lumotlarni kompyuterga kirityapti. Pechatga berib 5000 so‘m buladi, dedi. Bir yoshgina ayol tayyor bo‘lgan anketalarni yig‘ib-tikib bergani uchun 15 000 so‘m berasizlar desa bo‘ladimi! Jon-ponim chiqib ketdi.

- Nega buncha qimmat?, dedim.

- Uka xizmatchilik. Bu hujjat bilan Farg‘onaga borsangiz sizni qaytarishmaydi. Man kafil", dedi.

He, kafilingga o‘ynab qo‘yay, dedim.

Bunisi ham mayli, o‘ho‘o‘o‘o‘o‘o‘o‘, talab qilinadigan hujjatlaru, sparapkalarni ko‘rib esim og‘ib qolay dedi. Buni qarang:

1. Ariza

2. Pasport asli va nusxasi.

3. 45 yoshgacha harbiy guvohnoma. (Ha mayli bularni talab qilsa odam uncha ajablanmaydi. Ammo keyingi talablar kurakda turmaydigan bo‘ldi)

4. Mahalladan diniy ekstremistik oqimlarga a’zo emas degan maьlumot. (Falsafani qarang, agar men a’zo bo‘lsam shu paytgacha yurarmidim. Bu kanday bema’nilik?)

5. Asosnoma. Nima maqsadda chetga chiqayotganingizni asoslashingiz kerak. (Masalan kasal bulsangiz xorij klinikalaridan tashrif qog‘ozi bo‘lishi kerak. Turist bo‘lsangiz, biror turistik firmadan ma’lumot olishingiz shart ekan.)

Endi men o‘zimcha sayyoh bo‘lib ketolmas ekanmanda, he o‘ynab qo‘yay.

6. Ayol bulsa o‘z eridan. Eri bo‘lmasa ota-onasidan rasmiy rozilik xati olishi kerak.(ota-ona roziligisiz erga tegib ketmasin deyishsa kerakda, g‘amxo‘rlikni qarang)

Ha yo‘q, hali bu hammasi emas ekan. Bankka davlat boji uchun 65 000 so‘m ham to‘lar ekansiz. Bundan so‘ng sizni MXX ikki hafta obdon tekshirib ko‘radi ekan. O‘shanda ham uning xos suhbatidan o‘tolsangiz, olasiz ekan o‘sha "dunyo davlatlariga chiqishga ruxsat" degan tamg‘ani.

Bu talablarni eshitib boshim aylanib ketti. Hujjatlaringga ham, ruxsatlaringga ham o‘ynab, o‘ynab qo‘yay dedimda, chiqib ketdim. Bormadime, o‘sha xorijga dedim.

Mustaqil bo‘lganmishmiz. Qo‘l-oyog‘imizni chilvir bilan bog‘lab tashlashibdiyu, o‘zimiz bilmay, bu yoqda mustaqillikka sharaflar deb yuraveribmiz.

Surishtirib ko‘rsam, xorijga chiqish vizasi kerak degan ahmoqona talab, sobiq SSSR davlatlaridan faqat O‘zbekistonda qopti. Qo‘shnilarimizda bunday gap yo‘q, erkin qush. Faqat bizning qanotlarimiz qayrilgan, qaychilangan. Uchib ketmasin deyishsa, kerakda.

He, o‘ynab qo‘yay o‘sha vizangga!

Karimjon Teshaev. Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahri.

XS
SM
MD
LG