Линклар

Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidan bog‘langan tinglovchi o‘zi va rafiqasi ishsiz bo‘lgani holida bolasiga 2 yoshgacha bo‘lgan nafaqa puli berilmayotganidan shikoyat qildi. Da’voga ko‘ra, mahalladan borgan hay’at hovlida yotgan 43 yillik "Jiguli"ni daromad manbai, deb topgan va nafaqa bermaslikka qaror qilgan.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan OzodMikrofonga so‘zlagan yuqorichirchiqlik tinglovchi o‘zi yashab turgan mahalla hay’atining qaroridan norozi ekanini aytmoqda:

- Bir ayol keldi mahalladan. Hovlimda 1973 yilda chiqqan eski "Jiguli"ni ko‘rib: "Ana mashinangiz bor ekan", deydi. Bechora mashinani 4ta g‘ildiragi ham yo‘q, zanglab yotibdi. "Shu mashinangiz bo‘lmasa, bola pulini berardik", deyishdi. Men vaqtincha ishsizman, lekin bozorda arava tortaman. Xotinim ishsiz. Ish topgunimcha, bolaning o‘z harajatlariga yordam bo‘lib turar, degan edik. Lekin, berishmadi, - deya arz qildi yuqorichirchiqlik tinglovchi.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

O‘zbekistonda 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan nafaqa puli Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi 44-sonli qarori asosida tasdiqlangan "Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizom bilan tartibga solinadi.

Nizomda qayd etilishicha, 2 yoshgacha bolasi bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam to‘lanadi. Nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi.

2 yoshgacha bolaga beriladigan nafaqa miqdori eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida belgilanadi. Buning uchun oilaning oxirgi 3 oylik daromadi ko‘rsatiladi va bu daromad miqdori oiladagi jon boshiga bo‘linganda, eng kam ish haqining 1 yarim barobaridan kam bo‘lishi lozim.

Nizom bo‘yicha quyidagi toifaga kiruvchi bolali oilalar nafaqa pulini olishda ustunlikka ega:

- ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;

- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;

- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);

- nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar;

- bolani (bolalarni) to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar). Bunda bolaning amalda to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi belgilaydi;

- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida hisobda turgan oilalar;

- yolg‘iz pensionerlar.

Nizom mazmuniga binoan, Ozodlikka murojaat qilgan tinglovchi ham 2 yoshgacha bo‘lgan bolasi uchun, nafaqat, nafaqa pulini olish haqqi, balki bunday haqdorlar orasida ustunlikka ham ega.

O‘zbekistonda bu masalani hal qilish to‘liq mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshidagi komissiyalar vakolatiga berilgan, hokimiyatlarning moliya bo‘limlari esa bu qarorni tasdiqlaydi, xolos.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bog‘lanayotgan tinglovchilar orasida 2 yoshgacha bola puli berilmayotgani va odatan, buning sabablari ochiqlanmayotgani, hatto, ariza topshirgan oilalarga aniq tushuntirilmayotganidan shikoyatlar ko‘p bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG