Линклар

O‘zbekistondagi nashrlar 5 avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashi ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqishga qaror qilganini xabar qildi. 24-25 avgust kunlari bo‘ladigan yig‘ilishda qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi. O‘tgan yili prezident Karimov ilk bor militsiya to‘g‘risida qonun yo‘qligini tan olgan, Senatga chora ko‘rishni topshirgan edi.

Gazeta.uz saytining xabar qilishicha, O‘zbekiston Senatining 24-25 avgust kunlari bo‘ladigan majlisida muhokamaga qo‘yiladigan yangi qonun loyihasi - "O‘zbekiston ichki ishlar organlari to‘g‘risida", deb nomlangan.

Bunga qadar IIV strukturasi, odatan, jamoatchilikka oshkor qilinmaydigan ichki yo‘riqnomalar, normativ hujjatlar va 1991 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi haqidagi Nizom asosida faoliyat yuritib keldi.

Garchi, o‘zbekistonlik huquq himoyachilari, siyosatshunoslar va xalqaro tashkilotlar mustaqillik yillaridan buyon militsiya to‘g‘risida qonun yo‘qligini qayta-qayta aytib kelayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston prezident Islom Karimov 2015 yil dekabrda ilk bor militsiya faoliyatini qonuniy tartibga solish zaruratini tilga olgan edi.

Konstitutsiyasining 23 yilligiga so‘zlagan nutqida prezident mamlakatda ichki ishlar organlari xodimlari ishini tartibga soluvchi qonun yo‘qligi va 2015 yilning 9 oyida aholidan tushgan shikoyatning asosiy qismi huquq-tartibot idoralari ustidan ekanini qayd etgan edi:

"... hozirgi paytgacha ichki ishlar organlari va huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligini normal holat, deb bo‘lmaydi. Birinchi galda qonun ustivorligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun zudlikda ularning (Ichki ishlar organlari xodimlarining - tahr.) maqomi, formasi va ish uslubini aniqlash hamda tuzatishlar kiritish lozim".

Ayni paytda, prezident O‘zbekistonda "qonunni qo‘pol ravishda buzayotgan" IIV va prokuratura xodimlari soniga oid ma’lumotlarni ham tilga olgan:

"... 9 oy ichida aholidan amaldorlar, huquq-tartibot idoralari va nazorat organlariga oid tushgan 500 shikoyatning har beshinchisi ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidandir... Shu bois, Oliy Majlis Senati qisqa muddat ichida aslida prokuraturaning faoliyati qonuniyligi va bu faoliyat ustidan nazoratni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishi lozim".

O‘zbekiston prezidenti bunga qadar O‘zbekiston IIV va prokuratura organlari haqida bu qadar jiddiy nuqt so‘zlamagan edi.

Mustaqillik yillaridan buyon fuqarolik jamiyati faollari, inson huquqlari himoyachilari hamda xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning bu boradagi bayonotlari, chaqiriqlariga ham O‘zbekiston tomonidan jiddiy munosabat bildirilmagan.

O‘zbekiston prezidentining ana shu tanbehi ortidan 2016 yil davomida O‘zbekiston Senatida Bosh prokuratura va prokuraturaning barcha organlari ustidan nazorat olib boruvchi maxsus komissiya tuzildi.

Endilikda IIV to‘g‘risidagi qonun ham qabul qilinsa, sirada O‘zbekiston MXX xizmati qoladi. Zero, O‘zbekistonda Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida ham shu paytgacha qonun qabul qilinmagan.

Bu tashkilot ham 1991 yil 2 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi Nizom asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Hujjatda tashkilotning asosiy vazifasi razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, chegaralar xavfsizligini ta’minlash, davlat sirlari va axborotni muhofaza qilish, xalq xo‘jaligi va boshqa ob’ektlarda xavfsizlikni ta’minlash kabi masalalar ekani qayd qilingan.

Darvoqe, prezident Karimov IIV va prokuratura organlari xodimlarining kamchiliklari, "qo‘pol qonunbuzarliklari"ni birma-bir, misollar bilan sanagan nutqida MXX faoliyati haqida konkret ma’lumot bermagan edi.

XS
SM
MD
LG