Линклар

logo-print

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ ellikdan ziyod farrosh ayol shanba kuni ertalab soat 8 larda Samarqand viloyati hokimligi oldida norozilik namoyishi o‘tkazgan. Ular maoshlarning darhol to‘lanishi va mas’ul rahbarlarning javobgarlikka tortilishini talab qildi.

Samarqand shahar Obodonlashtirish departamenti davlat korxonasining farroshlari viloyati hokimi bilan uchrashish, may, iyun va iyul oylari maoshlarining darhol to‘lanishi va korxona rahbariyatini javobgarlikka tortishni talab qilganlar.

Guvohlarning Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, ko‘p o‘tmay namoyishni tarqatish uchun kelgan 20 ga yaqin militsiya xodimini namoyishchilar “ketmon va belkuraklar” bilan qarshi olgan.

Namoyishchilar ichida¸ asosan¸ ayollar bo‘lgani va qo‘llarida ketmon va belkuraklar bo‘lgani uchun ular ham militsiya xodimlariga tikka boraverdi. Keyin IIB mulozimlari Obodonlashtirish departamenti rahbari, markaziy bank va viloyat moliya boshqarmasi mas’ullarini chaqirdi,” deb yozdi Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan voqea guvohlaridan biri.

Ayni manbaning bildirishicha¸ Samarqand shahar Obodonlashtirish departamenti rahbari Ma’murjon Muhsinov korxona byudjetida pul yo‘qligini e’tirof etgan.

Shunda Samarqand shahar Obodonlashtirish departamenti rahbari odamlarga qarata “nima qilaylik byudjetda pul yo‘q, pul kelmayapti” dedi. Ayollar ichidan biri esa "ana o‘sha pullarni hammang egansan kattalaring bilan " dedi. Oxiri mas’ul idora xodimlari ularning oyligi to‘lanishini va’da bergan holda tarqatishdi,” deb yozdi namoyishga guvoh bo‘lganlardan biri.

Natija

Samarqand shahar Obodonlashtirish departamenti davlat korxonasi mas’ullaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ dushanba kuni “barcha ishchilarga may va iyun oylari maoshi berilgan, iyulь oyi maoshi shu hafta ichida beriladi”

Shuningdek, u namoyish bo‘lgan shanba kunning o‘zidayoq shahar hokimi korxona boshlig‘i Ma’murjon Muhsinovni ishdan olganini bildirdi.

Bundan tashqari, Ozodlik yuz bergan hodisa yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasida surishtiruv ishlari boshlanganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahar Obodonlashtirish departamenti davlat korxonasi bosh buxgalteri Alisher Qodirov dushanba kuni tergovga chaqirilgan.

Ozodlik gaplashgan mas’ul korxonada vaziyat izga tushganini aytdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Samarqand shahri obodonligiga mas’ul davlat korxonasida 1206 nafar xodim ishlaydi va ular o‘rtacha maoshi 400-500 ming so‘mni tashkil etadi. Ular maoshining yarmi plastik kartochkalarga o‘tkazilsa, yarmi naqd pul shaklida to‘lanadi.

Oxirgi yillarda Ozodlikka O‘zbekistonda pensiya, stipendiya va moshlarning o‘z vaqtida berilamayotgani to‘g‘risida muntazam shikoyatlar kelmoqda.

Mamlakatda naqd pulning taqchillashib borayotgani oqibatida maosh¸ nafaqa va pensiyalarning olti oylab berilmayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG