Линклар

O‘zbekistonda hovli-joydan tortib har bir daraxtga qadar yoppasiga xatlanadi


Xatlov natijasida kadastr tizimini elektronlashtirish rejalangan.

Xatlov natijasida kadastr tizimini elektronlashtirish rejalangan.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev qaroriga binoan O‘zbekistondagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari yoppasiga qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 2017 yil oxiriga qadar mamlakatdagi barcha yer uchastkalari, binolar, inshootlar hajmi, soni va egalari xatlov qilinadi. Xatlovchilar har bir daraxtning kimga tegishli ekanini ham qaydga olishadi.

Yoppasiga xatlov

3 avgust kuni Toshkentda o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida mamlakatdagi har bir ob’ekt va daraxtni yoppasiga inventarizatsiya qilish borasida qaror qabul qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Botir Zokirov xatlov jarayoniga bosh-qosh bo‘lib, u qariyb 1,5 yil davomida ushbu jarayonni yakunlash va har bir ob’ektning xatlovga tushishini nazorat qiladi.

Rasmiy hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga oluvchilar mamlakatdagi barcha yer uchastkalari, binolar, inshootlarning kimga tegishli ekanligini aniqlab, ushbu ob’ektlarning er maydoni, hajmi va sonini qaydga olishadi. Agar ob’ekt ijaraga berilgan bo‘lsa, uning foydalanuvchi va ijarachilari ham xatlov qilinadi.

Ruxsatsiz qurilgan uylar xatlanadi

Hujjatga ko‘ra, xatlovchilar ruxsatsiz qurilgan uy-joylar va beruxsat egallab olingan yer uchastkalarini ham birma-bir ro‘yxatga olishlari lozim.

Xatlovchilardan iborat ishchi guruh zimmasiga kadastr hujjatlari bo‘lmagan ob’ektlarni aniqlash vazifasi ham yuklatilgan.

Daraxtlar ham xatlanadi

Maxsus ishchi guruh mamlakat hududidagi ko‘p yillik daraxtlarning har birini qaydga olib, uning kimga tegishli ekanini ham aniqlashadi. Daraxtlar soni, turi ham xatlovchilar nazaridan qolishi mumkin emasligi ta’kidlanadi rasmiy hujjatda. Ko‘p yillik daraxtlar deganda bog‘lar, tokzorlar, tutzorlar va boshqa o‘rmon daraxtlari nazarda tutilishi izoh sifatida berilgan.

Xatlovchilarga eshik ochishga majbursiz

Bosh vazir imzolagan mazkur hujjatga ko‘ra, xatlovchilarga ko‘chmas mulk inshootlarini tekshirish, yer uchastkalarini suratga olish, bino va inshootlarning tashqi va ichki o‘lchamlarini o‘lchash, ko‘p yillik daraxtlarning turlari va sonlarini hisobga olish huquqi berilgan.

Ta’kidlanishicha, biror kimsa ishchi guruhni uyiga kiritishdan bo‘yin tovlash yoki unga zarur hujjatlarni taqdim qilishni istamasligi mumkin emas.

20 varaqdan iborat rasmiy hujjatda qayd qilinishicha, ishchi guruhga tuman yoki shahar hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi. Guruh a’zolari orasida kadastr, soliq, SES, tabiatni muhofaza qilish idoralarining joylardagi rahbarlari¸ shuningdek militsiya boshliqlari ham bo‘ladi.

Yoppasiga xatlovdan ko‘zlangan maqsad

Mamlakat bo‘ylab yoppasiga xatlov o‘tkazishdan maqsad¸ rasmiy izohga ko‘ra¸ kadastr hisobiga olishni takomillashtirishdan iborat.

Shuningdek, xatlov orqali jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli mulk ob’ektlari - yer uchastkalari, bino-inshootlar va ko‘p yillik daraxtlardan foydalanganlik uchun soliq tizimini takomillashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulkni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish orqali “Elektron hukumat” tizimi doirasida “Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish ham iddao qilinmoqda.

Xatlov natijasiga ko‘ra, barcha bino va inshootlar Respublika umumiy kadastr axborot tizimi hisobiga joylanadi.

Har 5 yilda takrorlanadigan xatlov

Toshkentdagi kadastr idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy xatlov har besh yilda o‘tkaziladigan odatiy jarayon bo‘lib, buning tegishli hujjatlari bo‘lgan mulk egalari uchun hech qanday xavotirli joyi yo‘q.

Lekin beruxsat turar-joy qurib, yashayotganlarning uylari buzilishi mumkinligini ta’kidladi kadastr idorasi xodimi:

"Asosan, besh yil ichida kadastr idorasiga murojaat qilmaganlar tekshiriladi. Agar hammasi qonuniy bo‘lsa, hech kim xavotir olmasa bo‘ladi. Deylik, xorijda yurgan fuqaro uyini ijaraga berib qo‘ygan bo‘lsa, hammasi qaydga olinadi. Egasi kim, kimga ijaraga bergan. Agar ijara qonunan qilingan bo‘lsa bo‘ldi. Hech kimga hech narsa deyilmaydi. Bu yerda endi hech kimdan so‘ramasdan, o‘zboshimchalik bilan uy qurganlar xavotir olsa arziydi. Ular agar uyni bitkazib, ichida yashayotgan bo‘lsalar ham, uylari buzilishi mumkin", dedi kadastr idorasi mutaxasisi.

20 million dollarlik qarzni oqlash harakatlari

Joriy yil bahorida O‘zbekiston elektron kadastr tizimini yaratish uchun Jahon bankidan 20 million AQSh dollariga teng kredit oldi.

JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bu haqdagi qarorni e’lon qilarkan, yer va ko‘chmas mulk kadastrini qog‘oz shaklidagi hujjatlardan kompyuterlashtirilgan tizimga o‘tkazish mulkdorlik masalalarida shaffoflikni oshirishga yordam berishini ta’kidlagan edi.

Ko‘chmas mulkni yoppasiga qayta ro‘yxatga olish jarayonining boshlanishi JBdan olingan 20 million dollarlik qarzni oqlash yo‘lidagi harakatlar o‘laroq baholanmoqda.

O‘zbekiston sobiq ittifoq respublikalari orasida elektron kadastr tizimi yaratilmagan sanoqli mamlakatlardan biridir.

Rivojlangan mamlakatlarda elektron kadastr tizimi ko‘chmas mulk sohasiga shaffoflik olib kirish orqali investitsiya iqlimini toza saqlash vositasi sanaladi.

Har qanday sarmoyador alohida bir mamlakat bozoriga sarmoya yotqizishdan avval u yerdagi sharoit, jumladan, ana shunday tizimlar yordamida tahlil qilish imkoniga ega.

Shu bilan birgalikda bunday tizimlar korrupsiyaning oldini olish vositasi hamdir. Istalgan shaxs maxsus Internet resurslari orqali istalgan odam, jumladan, hukumat amaldorlari, jamoat arboblari, mashhur kishilarga qarashli ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topishi mumkin.

O‘zbekistonda bunday ma’lumotlar, ayniqsa amaldor yoki jamoatchilik qiziqishini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan nufuzli shaxsga qarashli ko‘chmas mulkga oid ma’lumotlar mutlaqo sir saqlab kelinadi.

Elektron kadastr tizimiga o‘tgach ham bu borada shaffoflik bo‘lishiga ishonuvchi o‘zbekistonliklar hozircha kam sonli.

XS
SM
MD
LG