Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:04

Rossiya vatandoshligini olish osonlashtirildi


1 avgustdan Rossiyada tadbirkor va yuqori malakali mutaxassislarga yengillashtirilgan tartibda rus vatandoshligini berishga oid qonun kuchga qirdi. Mazkur qonunga Rossiya hududida qochqinlikda yurgan shaxslarga ham vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi berish osonlashtirildi.

Rossiyada vatandoshlik olishi osonlashtirilgan toifalar

“Rossiya vatandoshligi to‘g‘risida” hamda “Xorijliklarning Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan yangi o‘zgartishlarga muvofiq, shu oy boshidan Rossiya grajdanligini olish osonlashtirildi.

Yangi qonunga ko‘ra, Rossiya vatandoshligini olishga 2002 yildan keyin mamlakatda professional ta’lim olgan hamda bu yerda kamida uch yil ishlagan xorijliklar da’vo qilishi mumkin.

Yengillashtirilgan tartibda Rossiya vatandoshligiga murojaat qilish imtiyozi “noyob kasb egalari ”maxsus ro‘yxatida belgilangan mutaxassis va malakali ishchilarga ham berildi. 2015 yilda bu ro‘yxatga shifokor, matematik, injener, payvandchi, montajchi kabi jami 74 kasb egasi kiritilgan edi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarlarda tilga olingan yana bir toifa xususiy tadbirkorlardir. Uch yil davomida biznes va Nafaqa jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallari asosida to‘langan soliqlarning umumiy hajmi yiliga 1 million rubldan kam bo‘lmagan ishbilarmonlar bundan buyog‘iga Rossiya vatandoshligini yengillashtirilgan tartibda olish huquqiga ega.

Bunday imtiyozga yana yuridik tashkilotning kamida 10 foiziga egalik qiluvchi sarmoyadorlar da’vo qilishi ham mumkin. Buning uchun tashkilotning umumiy kapitali 100 million rubldan kam bo‘lmasligi, to‘langan soliq va badallar esa 6 million rubldan ko‘proq bo‘lishi shart.

Shuningdek qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarda “ko‘ngilli ko‘chish” dasturi asosida Rossiyaga doimiy yashashga kelayotganlarga avtomatik tarzda yashashga ruxsatnoma – “vid na jitelstvo” berilishi ham o‘z aksini topdi.

Endilikda Rossiya vatandoshligiga ega bo‘lish uchun 5 yillik doimiy yashash to‘g‘risidagi qaydga turishning hojati yo‘q.

Yangi tartiblar Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti nazoratida bo‘ladi.

Qochqinlar “vid na jitelstvo” olishga haqli

“Vatandoshlik to‘g‘risida”gi qonun va boshqa tegishli hujjatlarga kiritilgan o‘zgartishlar Rossiyada yashab kelayotgan qochqinlarga ham taalluqlidir.

Rossiya Davlat Dumasining Konstitutsiyaviy qonunchilik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi muovini Vadim Solovyov yangi qonun, eng avvalo, Rossiya Federatsiyasida og‘ir ahvolda qolayotgan donetsklik qochqinlar huquqlarini himoya qilishga qaratilganini alohida urg‘uladi:

- O‘ta og‘ir ahvolda qolganlarning asosiy qismi – Rossiyada tug‘ilganlardir. Ulardan 80 foizini etnik ruslar tashkil etadi. Bunday og‘ir vaziyatda biz ularga yordam qo‘lini cho‘zishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz va osonlashtirilgan tartibda ularga pasport berishimiz darkor. Biz ishlab chiqqan qonunlarning asosiy maqsadi ham shu edi, dedi o‘zi asli Donbassdan ekanini qo‘shimcha qilgan kommunist-deputat Vadim Solovyev.

Deputat tan olinmagan DNR va LNR respublikalari vatandoshligini olgan Donbass aholisi Ukrainaga kiritilmayotgani, Rossiya ham bu hujjatlarni tan olmayotganini qo‘shimcha qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina janub-sharqida yashab kelgan 1 milliondan ziyod shaxs bugungi kunda Rossiyada istiqomat qilmoqda, ulardan 150 mingigina “ko‘chish dasturiga” qo‘shilgan.

Qonun tashabbuschilariga ko‘ra¸ vatandoshlik olish istagida bo‘lgan mehnat muhojirlari va qochqinlar “ko‘chish dasturiga” qo‘shilib, hukumat tomonidan belgilangan 12 mintaqaga ko‘chib o‘tishga rozilik bersagina¸ “vid na jitelstvo” olishi mumkin.

Boshqa kuzatuvchilar yangi tartiblar Rossiyada doimiy yashash istagida bo‘lgan xorijliklar ahvolini yaxshilashiga shubha bilan qaramoqda.

Rossiya Fanlar Akademiyasining Sotsiologiya instituti dotsenti Igor Kuznetsov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Rossiyada qolayotgan qochqinlarning vatandoshlik olishi juda qiyin masalaligicha qolayotganini ta’kidladi:

- Darhaqiqat, yangi qoidalar ilgargiga ko‘ra biroz osonlashtirilganini ko‘rish mumkin. Qonunda o‘zlarini “yurtdoshlar” – “sootechestvenniki” deb hisoblayotgan oddiy mehnat muhojirlarining ham grajdanlik olishiga yo‘l ochildi. Aytishim kerakki, Rossiyada vatandoshlik olish Yevropadagidan ham qiyin bo‘lib qolgan. Bu o‘zgartishlar¸ eng avvalo¸ Ukrainadan kelgan qochqinlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishga qaratilgani barchaga ma’lum. Afsuski, “qochqinlik maqomi” Rossiyada hech qanday qo‘shimcha imtiyozlarni bermaydi. Masalan, Yevropada “qochqinlik maqomida” bo‘lganlar ijtimoiy va moddiy yordam imkoniga ega bo‘ladi, ularga¸ hatto¸ ishlash huquqi beriladi. Yangi tartiblar Rossiya qaramog‘ida qolayotgan millionlab qochqinlar, asosan ukrainaliklarni, davlat ta’minotidan chiqarish va aholi kamayib borayotgan mintaqalarga yuborishga qaratilgan, deb hisoblayman, dedi sotsiolog-olim Igor Kuznetsov.

XS
SM
MD
LG