Линклар

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning o‘tgan hafta o‘qituvchilar maoshi haqidagi gapi aksar rossiyaliklar g‘azabini qo‘zg‘adi. Bu bayonot ortidan 230 mingdan oshiq rossiyalik Medvedevning ishdan ketishini talab qiluvchi onlayn arzni imzoladi.

Change.org saytida e’lon qilingan petitsiyani hozirgacha 237 mingdan oshiq odam imzoladi va bu qaram kun sayin oshib bormoqda.

Medvedev 2 avgust kuni Rossiyaning qashshoq hududlaridan biri bo‘lmish dog‘istonlik o‘qituvchiga pul ishlashni xohlasa, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi kerakligini aytdi. Vazirning bu sharhini ko‘pchilik nomaqbul deb topib, uni keskin tanqid qildi.

Onlayn petitsiya muallifi Aleksandr Li “Vazirlar mahkmasiga vakolatli, o‘qimishli, mamlakat haqida qayg‘uruvchi shaxs etakchilik qilishi kerak. Biz hozir buning aksiga guvoh bo‘layapmiz”, deb yozdi.

Arz Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga yo‘llangan. Ammo prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tordi.

Medvedevdan nega o‘qituvchilar politsiya xodimlari oladigan maoshning yarmini oladi, deb so‘rashganda, Bosh vazir: “Qiyosning keragi yo‘q. Bu hayotda nimani tanlashingizga bog‘liq”, deb javob berdi.

Medvedev biznes bilan shug‘ullanganlar juda ko‘p pul ishlashini, o‘qituvchilik esa “chaqiriq” ekanligini, boy bo‘lishni istaganlar kasbi emasligini aytdi. Vazir yana “yosh, kuch-quvvatga to‘la o‘qituvchi har doim qo‘shimga pul topish uchun boshqa ishlarni ham qila oladi”, deya qo‘shimcha qildi.

Medvedev 1990 yillarda Sankt Peterburg universitetida saboq bergan. Vazir o‘zi yaxshi topgan o‘qituvchiga misol bo‘la olishini aytdi.

“Men juda ko‘p leksiya o‘qiganman, seminarlar uyushtirganman. Umuman olganda, asosiy xarajatlarimni qoplashni uddalaganman”.

Medvedevning reytingi har doim Putinnikidan past bo‘lib kelgan. Tahlichilarning aytishicha, iqtisodga mas’ul bo‘lgan Medvedevning odamlarga ma’qul kelmayotgani Rossiyada pastlab borayotgan hayot shartlari uchun shaxsan Putinni ayblamasliklariga yo‘l ochib bergan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada o‘rtacha oylik 37 ming rubldir. O‘qituvchilar odatda bundan kamroq topadi. “Kommersant’” nashrining xabar berishicha, Dog‘istonda o‘qituvchilar oyligi Rossiyadagi o‘rtacha oylikning yarmida tengdir.

“Moskovskiy komsomolets” gazetasida yozilgan istehzoli maqolada “Bosh vazirning qarashlarini tushunsa bo‘ladi. Asosiy ishlarini biznes bilan, jumladan, katta biznes bilan to‘liqlovchi hukumat rasmiylarini hammamiz bilamiz”, deyiladi.

May oyida Medvedev nafaqasi oshirilishini so‘ragan bir guruh nafaqaxo‘rga “Pul yo‘q. Bo‘sh kelmay turinglar”, deb rossiyaliklar qahrini keltirgan edi. Vazirning bu jabovi Internetda uzoq payt masxara qilindi.

XS
SM
MD
LG