Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:57

Mehnat muhojirlari Moskva byudjetiga neft shirkatlaridan ko‘proq foyda keltirmoqda


2016 yilning birinchi yarmida Moskva byujetiga mehnat muhojirlaridan pul tushumi neft shirkatlaridan keladigan daromaddan qariyb ikki yarim baravar ko‘p bo‘lgan.

Bu haqda Moskva shahar hokimiyatining iqtisodiy siyosat departamenti boshlig‘i, Maksim Reshetnikov, "Intehfaks" agentligiga ma’lum qildi.

Moskva byudjetiga mehnat muhojirlardan tushgan foydaning qariyb yarmi o‘zbekistonliklar to‘lagan soliq hisobiga qo‘lga kiritilgan.

Moskva byudjetiga eng ko‘p soliq o‘zbeklardan tushadi

Maksim Reshetnikovga ko‘ra, Moskva byudjetiga mehnat muhojirlarining patent uchun to‘lagan soliq miqdori so‘nggi yarim yilda 6,8 milliard rublni (taxminan 104,6 mln. dollar) tashkil etdi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Rossiya poytaxtida 900 mingga yaqin qonuniy mehnat muhojirlari yashaydi.

O‘zbekiston vatandoshlari ularning 43 foizini tashkil etadi.

Maksim Reshetnikovning ishonishicha, noqonuniy muhojirlarni legallashtirish bilan Moskva byudjeti daromadini yanada ko‘paytirish mumkin.

Patent tartibi mehnat muhojirlari uchun Rossiyada qonuniy ishlash huquqini beradi.

Joriy yilda Moskvada patent to‘lovi oyiga 4200 rublni (64 dollar) tashkil etadi.

Poytaxt rasmiylari fikrlaricha, patent tartibi Rossiya fuqarolari ish o‘rinlarini himoya etish, mehnat muhojirlari oqimini nazorat qilish va migratsiya bozorini shaffof bo‘lishiga imkoniyat yaratadi.

Moskvaning muhojirlarga nisbatan siyosati o‘zgarmaydi

Moskvadagi “Grajdanskoe sodeystvie” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkinaga ko‘ra, muhojirlarning byudjetga keltirayotgan foydalari hammaga ayon bo‘lsa-da, poytaxt rasmiylarining muhojirlarga bo‘lgan qattiqqo‘l siyosati o‘zgarmaydi.

- Rasmiylarning aksilmuhojir, quruq dabdabali gaplari shunchaki targ‘ibot ishidir. Bunday munosibat o‘zgarmaydi, shundayligicha qolaveradi. Moskva hukumati hozir keltirgan raqamlar, muhojirlarning mamlakat rivoji uchun qanchalik foydali keltirishini tasdiqlaydi. Boshqa tarafdan, belgilangan patent to‘lovi muhojirlar uchun, xususan, shaxsiy sektorda ishlaydiganlar uchun o‘ta qimmatdir. Misol uchun, oilalarda enaga yoki dala hovlilarida bog‘bon bo‘lib ishlaydiganlar oldinlari patent uchun oyiga 1200 rubl to‘lashardi. Hozir 4200 rubl to‘lashadi. Xususiy sektorda ishlaydiganlar uchun hukumat patent narxini kamaytirishi lozim, dedi Svetlana Gannushkina.

Ozodlik so‘hbatlashgan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar, Rossiyada ishlash ruxsatnomasini olish og‘ir kechayotganini ta’kidlashdi.

Moskvada ishlayotgan Murodalining aytishicha, ishlash ruxsatnomasining qimmatligi muhojirlarni noqonuniy yo‘llarni izlashga yoki uylariga qaytishga undamoqda.

- Patent narxi biz uchun qimmat. Chunki olayotgan maoshimiz, turar joy, ovqat va yo‘l xarajatiga zo‘rg‘a etadi. Moskvada hayot kimmat. Meni ayrim tanishlarim, maoshlarining kamligi, pul etmagani bois, patent to‘lamay ko‘yishdi. Hozir katta pul sarflab, ishlash ruxsatnomasini olganlar, ish topolmay sarson bo‘lib yurishibdi. Hozir ish topish juda qiyinlashgan. Ruslarning o‘zlari ishsiz yuribdi, dedi Murodali.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, Rossiya aholisi orasida hozirda mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosibat bir muncha yaxshilanmoqda.

Shu kunlarda Moskvadagi “Romir” tadqiqot xoldingi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning atigi 7 foizi malakat uchun eng dolzarb muammo sifatida mamlakatga kelayotgan mehnat muhojirlarini tilga olishgan.

Bundan 3 yil oldin o‘tkazilgan so‘rovda ushbu ko‘rsatgich 19 foizni tashkil etgandi.

XS
SM
MD
LG