Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:45

Tramp O‘zbekistonni "terrorchi davlat"lar qatorida tilga oldi


AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Donald Tramp O‘zbekistonni “terrorchi davlat”lar qatorida tilga oldi. 4 avgust kuni Portland shahrida o‘z tarafdorlarining namoyishda janob Tramp boshqa davlatlardan musulmonlarni Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlash g‘oyasini yana bir marta ilgari surdi.

Somali, Marokash, Suriya, Afg‘oniston, Filippin, Iroq, Pokiston, Yaman kabi davlatlar qatorida O‘zbekiston fuqarolarini ham AQShga kirishini taqiqlash kerakligini ta’kidlar ekan Tramp namoyishga yig‘ilganlarda “O‘zbekiston o‘zi qaerda joylashgan” deb so‘rab ham qo‘ydi.

Jumladan, respublikachi nomzod o‘z chiqishida AQShning Aydaxo shtatida terrorchilikni qo‘llaganlikda ayblanib, 25 yilga qamalgan o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov bilan bog‘liq voqeani esladi.

- “Yubek”, bu nimaligini bilasizlarmi? O‘zbek muhojiri. Qarang, Aydahoda yashovchi o‘zbek muhojiri terrorchi tashkilotni dastaklaganlikda ayblandi. U yuz minglab muhojirlarga terrorchilikdan saboq berganlikda ayblandi va qo‘lga olindi. Bundaylar dunyoning eng xavfli joylaridan kelyapti. Qarang, o‘zbek muhojiri odamlarni terrorchilikka yollab, ularga bombani qanday yasashni o‘rgatyapti, zo‘r-a. Men bundaylarni mamlakatimizda istamayman, - dedi Tramp.

Shuningdek, Donald Tramp Bostondagi terror hujumlarida aybli deb topilgan aka-uka Sarnaevlarni tilga oldi.

– Biz terrorchi mamlakatlardan odamlarni bu yerga kelishiga yo‘l qo‘yib beryapmiz. Bunga chek qo‘yish kerak, chunki ularni kimligini, qanaqa niyatda kelayotganini bilish imkonsiz, - dedi Donald Tramp.

AQShda prezidentlikka nomzod Donald Tramp bundan avvalgi chiqishlarida ham AQShga musulmonlarni kiritmaslikka chaqirgan.

O‘tgan yili Kaliforniyaning San Bernardino shahridagi terror hujumlari ortidan respublikachi nomzod AQShga musulmonlarni kirishini taqiqlab qo‘yish kerakligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, janob Tramp AQShda ba’zi masjidlar yopilishi va AQShdagi musulmonlar muntazam ravishda kuzatuv ostida bo‘lishlari lozimligini ham aytgan.

Oq uy va boshqa respublikachilar Tramning bunday chaqiriqlarini qoralab keladi.

Vashington ma’muriyati Trampning bunday so‘zlari AQSh qadriyatlari va milliy xavfsizlik manfaatlariga zid ekanini bildirgan.

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Barak Obama o‘z chiqishida "Donald Trampn prezident bo‘lishga loyiq emas", deya ta’kidlagandi.

XS
SM
MD
LG